Farzandlari sogʻlom yurtning kelajagi mustahkam

    Bugun Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Bolalar milliy tibbiyot markazida “Oʻzbekistonda bolalar onkologiya va gematologiyasi xizmatini xalqaro standartlarga mos ravishda rivojlantirish bosqichlari” mavzuida matbuot-anjumani oʻtkazildi.

    Mamlakatimiz sogʻliqni saqlash tizimida bugungi kunda amalga oshirilayotgan tub islohotlarning bolalar salomatligini mustahkamlashga qaratilgan yoʻnalishi soʻnggi toʻrt yilda Prezidentimizning shaxsiy nazorati ostida boʻlib, davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan.

    Prezidentimizning Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida aynan gematologiya va onkologiya xizmatini, jumladan, bolalar gematologiyasi va onkologiyasi sohasini takomillashtirish ustuvor vazifalardan ekanligini taʼkidlab oʻtdi. Aholi salomatligi uchun kelgusi yilda onko-gematologiya sohasi hamda davolash qiyin boʻlgan kasalliklar boʻyicha murakkab diagnostika va tibbiy amaliyotlar uchun byudjetdan 250 milliard soʻm ajratilishi belgilandi.

    Berilgan vazifalar ijrosini yuzasidan Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Bolalar milliy tibbiyot markazida “Oʻzbekistonda bolalar onkologiya va gematologiyasi xizmatini xalqaro standartlarga mos ravishda rivojlantirish bosqichlari” mavzuida matbuot-anjumani oʻtkazildi.

    Butun jahonni qamrab olgan pandemiya murakkabliklariga qaramay, 2020-yilda ham davlat byudjetidan onkologik dori-darmonlar uchun 5,5 million AQSH dollaridan ortiq mablagʻ ajratilganligi ham soʻnggi yillarda mamlakatimizda bolalar salomatligigia jiddiy eʼtibor qaratilayotganligidan dalolat beradi.

    — Kimyoviy dori vositalari bilan taʼminlash koʻrsatkichi avval 10-15 foiz boʻlgan boʻlsa, bugunga kelib, bu koʻrsatkich 85 foizga yaxshilandi, — deydi Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Elmira Bositxanova.

    Hozirda bolalardagi oʻtkir leykozlarda xalqaro davolash protokollari nafaqat poytaxtimizda, balki viloyatlardagi davolash muassasalarida ham tatbiq etilmoqda. Natijada bolalar orasidagi oʻtkir limfoblast leykozlarda hayot sifatining yaxshilanishi 75 foizni, oʻtkir miyeloblast leykozlarda 45 foizni tashkil etmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, yuzlab oilalarga bolaning sogʻlom tabassumi orqali baxt olib kirishi aniq. Eng muhimi, sohadagi islohotlar jahon standartlariga mos boʻlishining barcha choralari koʻrilmoqda. Shifokorlarimiz oʻzlarining chet ellik hamkasblari bilan yagona ilmiy tilda doimiy muloqot olib bormoqda. Oxirgi toʻrt yilda bu sohadagi mutaxassislarimiz Turkiya, Koreya, Yaponiya, Germaniya, Rossiya, Avstriya, Finlyandiya, Belarus Respublikasi kabi qator davlatlarning yirik markazlarida malaka oshirib keldi. Natijada, tekshirish va davolash usullari Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan “Tekshirish va davolash standartlari” asosida olib borilmoqda. Bu standartlar xalqaro ESMO, NCCN, RUSSCO tashkilotlari standartlari asosida tayyorlangan, tasdiqlangan va yangilanib boriladi.

    Bolalar gematologiya va onkologiyasi sohasidagi islohotlar jadal va muntazam davom etmoqda. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 27-avgustda tasdiqlangan “2020 – 2022-yillarda bolalarga koʻrsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yangi bosqichga koʻtarishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar rejasi”ga asosan, barcha hududlardagi bolalar koʻp tarmoqli markazlarida yagona umumlashtirilgan boʻlimlari faoliyatining tashkil etilishi, “Bolalar gematologiya va onkologiyasi” yunalishida magistratura, ixtisoslash va malaka oshirish kurslari dasturi asosida kadrlar tayyorlanishi borasida ishlar jadal olib borilmoqda.

    — Bolalar onkologiyasi sohasidagi islohatlar dastlab Bolalar milliy tibbiyot markazida, xalqaro standartlar asosida boshlandi, — deydi Markaz onkologiya boʻlimi boshligʻi Kamol Iskandarov. — Yaqin istiqbolda ushbu markazimiz tajribasi hududlardagi bolalar koʻp tarmoqli markazlarida ham joriy etiladi. Hozirda bolalar milliy tibbiyot markazi tarkibidagi umumlashtirilgan bolalar gematologiya va onkologiya boʻlimi tarkibidagi oʻrinlar soni 60 taga yetkazildi. Bugungi maqsad — bolalar gematologiyasi va onkologiyasi sohasidagi islohotlarning aniq vazifalar belgilangan navbatdagi bosqichiga oʻtish. Oʻzbekistonda bolalar onkologiya va gematologiyasi sohasida, tibbiyot tili bilan aytganda, multidissiplinar yondashuv belgilanmoqda, populyatsion va gospital kanser-registrlarini shakllantirish, davolash protokollarida zamonaviy molekulyar, sitogenetik tekshiruv va ilik transplantatsiyasi qoʻllanilish, oʻzak xoʻjayralari bankini shakllantirish boʻyicha izlanishlar olib borilmoqda, palliativ yordam tizimining faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda. Bu esa bemorlarni sogʻlom hayotga qaytarish koʻrsatkichlarini yana-da oshirishga asos boʻlishi shubhasiz.

    Matbuot anjumanida hozirgi kunda “Respublikada bolalar gematologiya va onkologiyasi xizmatini rivojlantirish va bu sohada tibbiy yordam koʻrsatishni yana-da takomillashtirish boʻyicha yoʻl xaritasi” ishlab chiqilganligi aytib oʻtildi. Misol tariqasida yoʻl xaritasi doirasida; gematologiya va onkologiya yoʻnalishida bemor bolalar uchun zamonaviy kanser registrlarni yaratish va tatbiq etish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari oilaviy shifokorlari uchun bolalarda gematologik va onkologik kasalliklarni erta aniqlashga qaratilgan metodik qoʻllanmalar ishlab chiqish va amalda joriy etish hamda ogʻir gematologik va onkologik kasalliklar bilan xastalagan bolalarga palliativ yordam koʻrsatish tizimini yaratish kabi dolzarb vazifalar belgilangan. Uni ishga tushishi natijasida koʻplab ishlar amalga oshiriladi va kasallikka chalingan bolalar sogʻlomlashi darajasig sezilarli darajada oshadi.

    Anjumanda oxirgi toʻrt yil davomida davlatimiz rahbari tomonidan koʻrsatilayotgan eʼtibor tufayli, amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida gematologik va onkologik xizmat mutlaqo yangi bosqichga koʻtarilayotganligi mutahassislar tomonidan taʼkidlab oʻtildi.

    Gulchiroy ISOQOVA