Oliy taʼlim uchun pedagog kadrlar tayyorlash: zamonaviy yondashuvlar, muammo va yechimlar

    17-may kuni Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari markazi hamda Toshkent davlat pedagogika universiteti hamkorligida “Oliy taʼlim uchun pedagog kadrlar tayyorlash: zamonaviy yondashuvlar, muammo va yechimlar” mavzusida pedagogika universitetlari rektorlari ishtirokida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtdi.

    Dastlab kirish soʻzi bilan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazir oʻrinbosari Sardor Rajabov minbarga chiqib, bugungi kunda taʼlim tizimi va maktabgacha taʼlim sohasida qilinayotgan va qilinishi lozim boʻlgan ishlar xususida maʼruza qildi.

    Oliy taʼlim vaziri oʻrinbosari Otabek Mahkamov esa kirish soʻzi bilan pedagog kadrlar tayyorlash tizimining muhim jihatlariga eʼtibor qaratdi.

    Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari markazi direktori Mahmudjon Boltabayev Oliy taʼlim sohalarida pedagog kadrlar tayyorlash sifati tahlili va ustuvor vazifalar mavzusida maʼruza qildi, uning magistrlar tayyorlashda yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar, pedagogik kompetensiyalar zarurati xususidagi fikrlari va takliflari yigʻilganlarga manzur boʻldi.

    Maʼlumki, har qanday davlat va jamiyat taraqqiyoti yosh avlod taʼlim-tarbiyasi, zamon talabiga mos bilimlarni chuqur egallagan mutaxassislar malakasi bilan chambarchas bogʻliq, – deydi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori Abdugʻaffor Kirgizbayev. – Respublikamizda “Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan, taʼlim-tarbiya tizimidan boshlanadi” degan konseptual gʻoya asosida maktab taʼlimini rivojlantirish umummilliy harakatga aylandi.

    Soʻnggi 7 yilda respublikamizda maktabgacha taʼlim tashkilotlari soni 5,2 mingtadan 29 ming taga, qamrov 72% ga yetdi. Maktablar esa 9628 tadan 10182 taga yetkazilib, qariyb 6,5 mln ga yaqin oʻquvchilarning zamon talablari darajasida taʼlim va tarbiya olishlari uchun zaruriy sharoitlar yaratilmoqda.

    Iqtidorli bolalarni aniqlash, ularni oʻqitish va tarbiyalashda yaxlit tizim yaratish, isteʼdodli yoshlarni yanada qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish maqsadida 2019 yildan boshlab bosqichma-bosqich Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil qilinib kelinmoqda.Bugungi kunga kelib ularning soni 205tani (14 ta Prezident maktabi, 9 ta ijod maktabi, 182 ta ixtisoslashtirilgan maktab) tashkil qilib, ularda 73 ming 302 nafar iqtidorli oʻquvchilar qamrab olingan.

    Ilmiy-amaliy anjumanda Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiya Federatsiyasi, Azarbayjon, Belarus, Qozog‘iston respublikalari va mamlakatimiz oliy ta'lim tashkilotlarining rektorlari, yetakchi mutaxassislari, olimlari, pedagoglari hamda ushbu yo‘nalish bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlarini olib borayotgan tadqiqotchilar ishtirok etishdi.

    Jumladan, Yevropada “Personalni boshqarish sohasida ustuvorlikni taʼminlash” tadqiqotlari komissiyasi eksperti Inga Staskeviciute-Butiyenening Pedagogik kasbiy tayyorgarlikda ilgʻor xorijiy tajribalar mavzusidagi maʼruzasi pedagogik taʼlimda jahon tajribasini qoʻllash borasida muhim jihatlari bilan ahamiyatli boʻldi.