Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan “Farzandlikka olish tartibining huquqiy asoslari takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o'qishga tayyorlanyapti. Ushbu jarayonda loyihani takomillashtirish yuzasidan berilgan takliflari atroflicha o'rganilmoqda.
SHu mavzu yuzasidan bo'lib o'tgan tadbirda ta'kidlanganidek, bugungi kunda farzandlikka olish istagida navbatda turganlarning soni farzandlikka berilayotganlarga nisbatan ancha yuqoriligicha qolmoqda. Xususan, farzand asrab olish uchun 2018-2019 yillarda 1,9 mingta, 2020 yilda esa 1,5 ming nafar fuqaro vasiylik va homiylik organlarida navbatda turgan. Farzandlikka berilayotganlar esa, har yili o'rtacha 200 nafarni tashkil etadi.
Amaldagi qonunchilikka ko'ra, qasddan sodir etgan jinoyatlari uchun ilgari hukm qilingan shaxslar voyaga etmaganni farzandlikka olishi ta'qiqlangan. Mazkur norma ijtimoiy ahamiyati katta bo'lmagan, uncha og'ir hamda farzandlikka olishga to'sqinlik qilmaydigan jinoyat turlari (iqtisodiyot, ekologiya sohasidagi jinoyatlar va h.k.) uchun ham tatbiq qilinib kelinmoqda. Bu kabi holatlar inson huquqlarining cheklanishiga sabab bo'lmoqda.
SHuningdek, doimiy daromadga ega bo'lmagan yoki sog'lig'i holatiga ko'ra ota-onalik huquq va majburiyatlarini bajara olmaydigan shaxslarning farzandlikka olish huquqlarini cheklash qonunda aniq belgilanmagan. Oqibatda fuqarolar tomonidan noqonuniy yo'llar bilan farzand asrab olish, shu jumladan bola savdosi kabi holatlarning kelib chiqishiga sabab bo'lmoqda. Xususan, 2017-2020 yillarda o'tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida chaqaloq savdosi bilan bog'liq 185 ta jinoyat aniqlangan va ushbu jinoyatlar bo'yicha 286 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Sohadagi ushbu muammolarni bartaraf etish maqsadida qonun loyihasi ishlab chiqildi. Loyiha bilan Oila kodeksining farzandlikka olishi mumkin bo'lgan shaxslar ro'yxatida muqaddam qasddan jinoyat sodir etgan shaxslar tomonidan farzandlikka olinishiga ta'qiq o'rniga qilmishning ijtimoiy xavfliligi darajasiga qarab shaxsga farzandlikka olishni ta'qiqlash qoidasi joriy etilmoqda.
SHuningdek, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g'ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo'llash, jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar hamda giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishdan iborat jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga farzandlikka olish ta'qiqlanmoqda.
Loyiha bilan farzandlikka olish vaqtidan oldin 1 yil davomida doimiy daromadga ega bo'lmagan yoki oylik ish haqi mehnatga haq to'lashning eng kam miqdoridan oz bo'lgan shaxslar va Sog'liqni saqlash vazirligi ro'yxati asosida farzandlikka olishga monelik qiladigan kasalliklarga chalingan shaxslarning farzandlikka olishga bo'lgan huquqlari cheklanyapti.
Qonun loyihasining qabul qilinishi bola huquqlarining himoya qilinishi to'laqonli ta'minlash , bolalarni qonunga zid ravishda farzandlikka olish, ayniqsa bolalar savdosi holatlarining oldini olishga xizmat qiladi, deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati.