Bu haqda BMTTD matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, loyiha doirasida aholi punktlariga yaqin joylashgan masjidlarga maxsus uskunalar oʻrnatilmoqda. Bu orqali FVVning tezkor xabarlari masjidlarning tashqi ovoz kuchaytirgichlari orqali uzatilib, keng jamoatchilikka tez va samarali yetkaziladi.

Hozirga qadar Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent va Fargʻona viloyatlaridagi 272 ta masjidda ushbu uskunalar oʻrnatildi.

Mutaxassislar taʼkidlashicha, masjidlar aholi orasida katta nufuzga ega boʻlgan ijtimoiy institut hisoblanadi. Shuningdek, ular deyarli barcha hududlarda mavjud boʻlib, 500 metrdan 2 kilometrgacha eshitilish imkonini beradigan kuchli ovoz kuchaytirgichlar bilan jihozlangan.

Hisob-kitoblarga koʻra, mazkur tizim orqali taxminan 6,5 million nafar aholini, jumladan, ayollar, bolalar va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qamrab olish mumkin.

Yana bir muhim jihati — bu tizim mobil aloqa yoki elektr taʼminotida uzilishlar yuz bergan holatlarda ham ishlay oladi.

Mutaxassislar fikricha, iqlim oʻzgarishi va tabiiy ofatlar xavfi ortib borayotgan sharoitda aholini erta ogohlantirish inson hayotini saqlab qolish va iqtisodiy yoʻqotishlarni kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, BMT Taraqqiyot dasturi hamda Yashil iqlim jamgʻarmasi koʻmagida aholini ogohlantirish maqsadida asosiy avtomobil yoʻllari va gavjum joylarda 28 ta tashqi keng formatli ekran ham oʻrnatilgan.