Men bolaligimdan Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning goʻzal sheʼriyatini mutoola qilib, eshitib ulgʻaydim. Biz ilk maktabga qadam qoʻygan yillarimiz mamlakatimiz endigina mustaqillikka erishgan, maktab ostonasiga har kuni matni Abdulla Oripov qalamiga mansub davlat madhiyasini tinglab borar edik.
“Katta shoir hamisha oʻz vaqtida maydonga keladi, u – hamisha tarixiy. Zotan, katta shoir oʻz xalqining ovozi, uning orzu umidlari va inson qalbi iztiroblarining ifodasidir. Biroq, eng asosiysi, u oʻz davrining hakami va kuychisi, u jarchi va faylasuf, u soʻz sehrgari va uzlatga chekingan mutafakkir – darvesh. Bularning bari unga qalb izhorini hammaga birday tushunarli, sevimli, shu bilan birga, koʻtarinki, teran maʼnolar mohiyatini ifodalash uchun ato etilgan. Shu bois shoirning soʻzlaridan zamondoshlari ham, kelgusi avlodlar ham faxrlanib yuradilar. Abdulla Oripov menga XXI asrga qadam qoʻyish davrimizning buyuk madaniy ahamiyatga molik ana shunday shoiri boʻlib gavdalanadi...” deya taʼkidlagan edi Chingiz Aytmatov. Atoqli shoir haqidagi Chingiz Aytmatovning mulohazalarini mutoola qilar ekanman, Abdulla Oripovni uning “....faylasuf, u soʻz sehrgari va uzlatga chekingan mutafakkir – darvesh”, degan jumlalari eʼtiborimni tortdi. Xalqimizning sevimli shoiri Abdulla Oripovning sheʼrlari ham naqadar sevimli, ham har bir yurakka yaqin nafasga ega. Ammo mening eʼtiborimda buyuk shoirning sheʼriyat dunyosi emas, uning nazmga sigʻmagan satrlari, yaʼni falsafiy qatralari edi. Bu qatralarda bevosita shoirning qalamidan toʻkilgan, ammo sheʼr boʻlib emas, nasriy falsafiy satr boʻlib yuragidan bitilganlari edi. Jumladan shoir yozadi: “Hayotda har bir insonning, har bir millatning nimaga erishishi, hech shubhasiz, uning orzu havasi, qilgan niyati va shu yoʻldagi intilishiga bevosita bogʻliq”. Satrlarda aytilganidek, millatning kelajagi haqiqatdan uning intilishlariga bogʻliq. Bu jarayon qanchalik haqiqat ekanligini hozirgi davrda amalga oshirilayotgan “Besh tashabbus” harakatlarida ham guvohi boʻlish mumkin. Yoki asl insonning qadr-qimmati haqida gapirganda shoir shunday deydi: “Insonning qadr-qimmati uning tashqi koʻrinishi-surati bilan emas, ruhiy dunyosining nechogʻlik boy yoki qashshoq ekanligi-siyratiga qarab belgilanadi. Shoir bu bilan maʼnaviy barkamol inson har qadamda qanday holatda boʻlmasin qadr-qimmatga ega boʻlishi, aksincha qanchalik “poʻrim” qiyofada boʻlmasin, maʼnaviy qashshoqligini namoyon etishini taʼkidlaydi. Yaqin kunlarda nashrga tayyorlangan “Qizimga” nomli esselar toʻplamimda bolalikning naqadar pokligi, bolalik ruhiyati tengsiz bir ruhiyat, ayni damda, bolalikda boʻlgan, yashagan koʻngil xotirjamligini bugunda hech qayerdan topa olmasligimni keltirgan edim. Pokiza his-tuygʻular, yoshlik sofligini saqlash, uning ahamiyati xususida esa sevimli shoirimizning quyidagi satrlarini oʻqiysiz: “Yoshlik sofligini saqlab qolishning eng yaxshi yoʻli-yomon hislarga koʻngildan oʻrin bermaslik. Bolalikni saqlab qolish. Bolalik sofligini saqlab qolgan kishilar bu dunyoda eng baxtiyorlardir!”.
“Qudratli tarixga voris boʻlgan, oʻz oʻtmishidan gʻururlanishga haqli oʻgʻil-qizlar ulugʻvor maʼnaviy buloqlardan tafakkur chanqoqligini qondirib, buyuk qahramonliklarga yuz burishadi. Bunday kamolotga yetishgan avlodlarning ertangi kuni yorugʻ, manglayi yarqiroq, kelajagi albatta buyuk boʻladi”. Shoirning tarixning ulugʻvorligi, oʻz tarixini chuqur anglash nechogʻlik ahamiyatga ega ekanligi hamda yoshlarning tarixiy tafakkurini oʻstirish zaruratini qalamga olganligini mutoola qilar ekanman, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga murojaatidagi quyidagi fikrlari yodimga tushdi: “...barchangizni tarixni oʻrganishda yana-da uygʻoq, yana-da faol boʻlishga chaqirmoqchiman. Tarixga sergak qaragan odamgina doimo hushyor va ogoh boʻlib yashaydi. Bugungi vaziyatga ham, kelgusi jarayonlarga ham xolis va haqqoniy baho bera oladi. Bu esa hozirgi murakkab va shiddatli zamonda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, yuksak taraqqiyotga erishishning eng muhim shartidir”. Yoxud isteʼdod va intilish xususida “Tugʻma isteʼdodni, albatta, faqat stixiyadan iborat holat deb tushunish notoʻgʻridir. Haqiqiy qalb egasi oʻz fuqarolik darajasini, bilim va quvvai hofizasini muttasil kengaytirgan holdagina tarixiy sanʼatkorga aylanishi mumkin”. “Isteʼdodlarni qadrlay bilish, mubham biqiqliklardan mustasno milliy madaniyat ravnaqiga jonkuyar xalq, uning jonkuyar farzandlari ongi yuksakligini belgilaydigan mezonlardan biridir. Haqiqiy isteʼdodni tarixni oʻzi tanlab oladi”, deya mulohazalarini bayon qiladi. Soʻz qadri va qudrati, uning ahamiyatini esa Abdulla Oripov shunday bayon etgan: “Til bu – odamlarga tabiat tomonidan berilgan, insonlarning ming yillar mobaynida oʻzaro munosabatlarida sayqallanib kelgan shunday bir javohirki, bu javohirni sochib yuborish, behurmatlik qilish emas, koʻz qorachigʻimizdek asrashimiz kerak”. Chin ijodkorlik, uning mazmunini anglash hamda ulgʻayish xususida: “Ijodning etagidan mahkam tutib, qochmasdan, iqtidorini charxlab borgan insongina ijodkor boʻla oladi. Ijodkor uchun ijod – bu falonchi kundan pistonchi kungacha boʻlgan “komandirovka” emas. Ijodkor ming urinsin, yaxshi maʼnoda ham, yomon maʼnoda ham, jamiyatdan uzilib yashay olmaydi. Chunki u jamiyat farzandidir. Ijodning koʻpchilik uchun marhamatlik ehsoni shundaki, uning zavqidan dohiy sanʼatkor ham, gʻoʻr havaskor ham bebahra qolmaydi”. Insonparvarlikka oid: “El-yurt agar seni yaxshi odam deb hisoblasa, insoniyliging ham shu boʻlsa kerak”. Jismoniy va maʼnaviy goʻzallik haqida: “Goʻzallik shunday narsaki, u insonda begʻaraz mehr-muhabbat, shodlik, erkinlik va shunga oʻxshash tuygʻularni uygʻota olishi shart. Insonlardagi maʼnaviy boylikni, axloqiy poklikni rivojlantirishga xizmat qilish goʻzallikning oliy vazifasi hisoblanadi.”
Shoir oʻz qatralarida maʼrifatsizlik, insonga xos boʻlgan yomon illatlar, uning oqibatlari, hasadgoʻylik, manmanlik kabilarni qattiq qoralaydi. Ular haqida fikrlarini shunday bayon etadi: “ Odam bolasining qonida azaldan maʼrifatsizlik belgilari mavjuddir, uni bartaraf etmasang, u tamomila jaholat botqogʻiga botib ketishi mumkin. Dunyoda maʼnaviyat ildizini chopish, kishilar ruhiyatini karaxt etishdan ortiq jaholat, yovuzlik topilmaydi”. “Insoniyatning azamat farzandlari yoxud fidoyi insonlar hamisha ichi qoralarning uyqusini qochiradi. Ichi qoralar oʻz qadrlarini bilmaydilar”. “Ichiqoralik, hasadgoʻylik, guruhbozlik illatlari millatni zimdan yemiradigan narkotik zaharlardir”.
Inson umri oʻtgani, yoshi ulgʻaygani sayin turli toifadagi insonlar, xarakterlar bilan toʻqnash keladi. Va tabiiyki, bu inson tafakkuri uchun saboq, bir manba boʻlib boradi. Chunki jamiyatda barcha birdek xarakterga ega boʻlmasligi bu oddiy hayot qonuni. Qaysidir yoʻl bilan mansabga erishgan, manmanligi va takabburli tufayli oyogʻi ostida yerni ham koʻrmaydgan kishilar xususida: “Unutmangki, takabbur odamdan Vataniga ham, xalqiga ham hech qachon samimiy bir yaxshilik kelmaydi”, deydi. Haqiqat uchun kurash yoʻllarining zalvori haqida esa: “Haqiqat egiladi, lekin sinmaydi, deydilar. Oh! Mana shu egilishda uning necha-necha qobirgʻalari sinib, paylari uzilib ketishini bilsangiz edi!”...
Qatralar davom etadi. Maʼnolar esa dengiz-dengiz... Fikrim xotimalarini shoirning mana bu qatrasi bilan tugatgim keldi: “Mudom ezgulikning posboni boʻlgil”....
Abdulla Oripov ijodining ilk tadqiqotchilaridan biri Norboy Xudoyberganov uning sheʼrlarini moʻjizaga qiyoslagan. Darhaqiqat, chinakam sheʼr yoʻqlikdan bor boʻladigan tirik bir mavjudot singaridir. Farqi faqat abadiy yashashida. Sheʼriyat sehr – joziba, yuksak fikrlarning uygʻunligi boʻlsa, falsafiy qatralar hayotning haqqoniy koʻzgusi. Aql va tafakkurni charxlovchi mezon. Tafakkur va aql uygʻunligi ulgʻaygani, teranlashgani sayin falsafiy qatralar tafakkur kitobining sahifalarida tomchini kuzatganingizda toʻlib tomganidek, tomib boradi.
Abdulla Oripovning tavallud kuni edi. Qashqadaryoga 20 dan ortiq Yozuvchilar Uyushmasidan taniqli ijodkorlar tashrif buyurishgan. Atoqli shoirning tavvallud kunini telekoʻrsatuv qilib efirga uzatish mening zimmamga topshirilgan. Televideniye xodimlari bilan oʻsha paytdagi Qarshi Davlat Universitetidagi ijodiy uchrashuvga, ulugʻ ijodkor tahsil olgan 44-sonli oʻrta maktabga bordik. U yerdan lavhalar va suhbatlar olgach, Koson tumanidagi Nekoʻz qishlogʻi hamda Qoʻngʻirtov togʻi yonbagʻirlarida boʻlib, xalqimizning ulugʻ farzandi, sevimli shoirimizning tavallud kuni nishonlandi. Shoirning rafiqasi, kenja qizi va shoira Boʻritosh Nosirova bilan suhbatlashayotganimizda, Abdulla Oripovning ijodkorlardan ayro holda adirlar uzra yolgʻizoyoq yoʻlda olislarga termulib xayol surayotganiga koʻzim tushdi. Ayni damda ham buyuk shoirimizning tafakkuridan bir buyuk asarga sarlavhalar yoki goʻzal bir ijod yaralayotgandir, degan fikr oʻtdi koʻnglimdan. Keyinchalik ushbu telekoʻrsatuvga “Ehtirom” deb nom berdim...
Xalqimizning sevimli shoiri, aziz farzandi Abdulla Oripov ijodining rangin qirralari yillar oʻtgani sayin men uchun yangi-yangi sahifalarni ochib bormoqda. Haqiqatdan ham, shoirning oʻzi aytganidek, haqiqiy ijodkorning ijodi abadiy yashaydi. Tadqiq qilar ekansiz, uning falsafiy qatralari dunyosi shunchaki dunyo emas, tafakkur tomchilari dunyosi, inson ongining maʼvosi ekanligini anglab borasiz.
Shahlo ABDURAHMONOVA,
tadqiqotchi