(Ikkinchi maqola)

Niyat qilganimizdek, ijtimoiy safarbarlik va faol fuqarorlik pozitsiyasining milliy taraqqiyotimizdagi o'rni haqidagi mulohazalarimizni ikkinchi maqolamizda davom ettiryapmiz. Shu bois, fikrlarimizni muxtasar qilib aytadigan bo'lsak, yangi O'zbekistonni barpo etishning, odamlarda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishning eng muhim shartlaridan biri qonun va adolat ustuvorligini ta'minlashdan iborat.

Jamiyatda adolat tamoyiliga erishish uchun barchamiz mavjud qonunlarga, umume'tirof etilgan me'yorlarga amal qilishimiz lozim. Darhaqiqat, qonunlarga amal qilishga majburlik hissidan ularni bajarishga mas'ullik, ongli ravishda anglanganlik holatiga o'tishni maqsadga muvofiq, deb bilamiz. Yana ham boshqacharoq aytadigan bo'lsak majburlik hissi insonni qo'rquv natijasida qonunga amal qilishga majbur etadi. Mas'ullik esa, har birimizdan mazkur qonun, jamiyatdagi mavjud me'yorlarga ongli ravishda munosabatda bo'lish orqali o'z ifodasini topadi. Faol inson aslida jamiyat va davlat oldidagi vazifalarga qo'rquv asosida emas, balki mas'ullik hissi asosida yondashgan shaxsdir.

Masalaning yana bir tomoniga e'tibor beraylik: biz bugun fuqarolik, huquqiy davlat barpo etishni niyat qilganmiz. Barcha harakatlarimiz zamirida ham qonun ustuvorligini ta'minlash hamda unga qat'iy amal qilish turibdi. Boshqacha aytganda, hozirgi zamon talqinidagi fuqarolik jamiyatini fuqaroning o'zini jamiyat individual a'zosi sifatida tan olishidan, uning komil huquq va erkinliklarga ega bo'lgani holda, jamiyat oldida ma'naviy jihatdan hamda o'z xatti-harakatlari uchun mas'ul ekanini qay darajada anglaganidan bilish mumkin.

Yana shu narsaga e'tibor berish muhimki, sharq xalqlarida shaxs ma'naviyati va axloqi ijtimoiy taraqqiyotning asosi sifatida qaralsa-da, bu qonunlarga, umume'tirof etilgan me'yoriy qoidalarga bo'ysunishni aslo inkor etmaydi. Qolaversa, qonun ustuvorligini ta'minlash, kishida qonunga hurmat hissini tarbiyalash cheksiz davom etadigan jarayon ekanini ham yodda saqlash lozim.

G'arbda ko'pincha qonunlar tarixiy-madaniy, ijtimoiy-axloqiy, ma'naviy-ma'rifiy me'yorlardan ajratib qo'yilgan. Ular goho an'analarni ochiqdan-ochiq rad etadi, odamlarni noan'anavaiy me'yorlarga bo'ysunishga undaydi. “Zamonaviy demokratiya, deb yozadi F.Xayek, ko'pincha qonunga hurmat ko'rsatmaydi”. Ammo bu g'arb kishilari qonunlarning zarurligini rad etadi, degani emas. Aslida qonun sevib o'qiladigan ishqiy roman emas, u o'ziga hammani bab-barobar rom etishni talab qiladi. Siz qonun borligini unutishingiz mumkin, ammo qonun sizning borligingizni unutmaydi. Qonun o'zining borligini unutganlarni so'zsiz jazolaydi. (Musaev F. Demokratik davlat qurishning falsafiy-huquqiy asoslari.

Demak, faol fuqaro, eng avvalo, qonunga, jamiyat tomonidan qabul qilingan barcha huquqiy hujjatlar, umume'tirof etilgan ma'naviy-ma'rifiy, axloqiy me'yorlarga so'zsiz itoat etuvchi, ularni hurmat qiluvchi shaxsdir. Bugun mamlakat rahbari tomonidan oldimizga qo'yilgan eng katta vazifa esa, barpo etilayotgan huquqiy, fuqarolik jamiyatning ma'rifatli davlatni qurish nazariyasi va amaliyoti bilan uzviy bog'liqligini ta'minlashdan iboratdir.

Faol fuqarolik pozitsiyasiga ega shaxsning muhim ko'rinishlaridan yana biri, bu — bugun mamlakatimiz va jahonda sodir bo'layotgan voqea-hodisalarga xolis javob berib, ularga munosabat bildira olish ko'nikmasi shakllanganlik masalasidir. Ijtimoiy tarmoqlar, Internet tizimi bugun barchani o'z domiga tortib, xohlagan material, axborot bilan barchani “mast” qilmoqda. “Feyk”, ya'ni yolg'on axborot tarqatish, uning natijasida odamlarni turli xayoliy o'ylarga kirib ketishiga erishish, virtual dunyoning cheksiz sarhadlarida kishilarning o'zini-o'zi idora eta olmasligini ta'minlash orqali turli siyosiy, mafkuraviy, g'oyaviy maqsadlarga erishishga bo'lgan bugungi harakat sog'lom jamoatchilikni chuqur tashvishga solmoqda.

Ana shunday sharoitda har birimizning faol fuqarolik pozitsiyamiz juda zarur. Bunday pozitsiya bizni bugungi axborot makonidagi ma'naviy, g'oyaviy tahdidlardan himoya qilishning muhim vositasi hisoblanadi. Insondagi faol fuqarolik pozitsiyasi shaxsdan qat'iyatlilikni talab qiladi. Qat'iyatlilik — shaxsning jamiyatda yuz berayotgan voqea-hodisalarga xolis baho berish ko'nikmasi, bo'lar-bo'lmas, ilmiy jihatdan asoslanmagan, hayot tajribasida sinovdan o'tmagan xulosalarga suyanmaslik, o'z fikrini har qanday sharoitda himoya qila olishdan iborat maslak.

Qat'iyatli inson — ishonchli inson. Uni mustahkam iroda va kuchli e'tiqod boshqaradi. Bunday shaxslar ko'ngil, hissiyotga qaraganda ko'proq ilm va aqlga quloq soladi. Yagona to'g'ri yo'lni tanlashga yo'naltira oladigan omil, bu — ilm va aql. Mutafakkirlarimiz ilm olishni Alloh yo'lida jihod qilishdan afzal bilgan. Muqaddas “Tanbehul g'ofilin” kitobida shunday yoziladi: ilmni tashlab, faqat ibodatga yuz tutgan qavmdek bo'lmanglar. Ularning terilari badanlariga yopishib ketsa ham, odamlarning oldiga qilichlari bilan chiqadilar. Agar ular ilmni talab qilasalar edi, ilmlari qilgan ishlaridan to'sgan bo'lardi. Ilmsiz amal qiluvchi yo'ldan adashgan kishiga o'xshaydi. U g'ayratni kuchaytirmaydi, balki qiyinchilikni ziyoda qiladi, islohidan fasodi ko'p bo'ladi.

Darhaqiqat, bugungi dunyo ilm-fan asoslari bilangina rivojlanishi mumkin. Bekorga mamlakat rahbari bot-bot har bir sohaning rivoji uning ilm-fan sohasi bilan qanchalar darajada asoslanganligiga bog'liq, deb ta'kidlayotgani yo'q. Shu nuqtai nazardan, davlatimiz rahbarining Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasida ilm-fan va innovatsiyalar sohasida etakchi mamlakatlar qatoridan o'rin olish, to'rtinchi sanoat inqilobi davrida xalqaro raqobatbardoshlikka erishish, to'plangan muammolarning yangi echimlarini izlab topish, shuningdek, globallashuv tufayli yuzaga kelayotgan bahsli masalalarni hal etishga alohida e'tibor qaratiladi, degan xulosasida katta haqiqat bor.

Demak, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega shaxsning muhim jihati qat'iyatlilik ekan, bu qat'iyatlilikni ilm-fan omilisiz tasavvur qilib bo'lmaydi. Yangi jamiyatni barpo etishga bel bog'lagan har qanday inson ilm-fansiz, ilmiy xulosalarsiz o'zini yangi marralar sari safarbar eta olmaydi. Ilmsiz kishi go'yoki o'rmonda adashgan kishi kabi, o'z faoliyatidagi turli noxushliklar, qiyinchiliklar, adashishlarni “zamona zayli”ga yoyadi, “o'zbekchilik”, deya o'zlarini ovuntiradi. Faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo'lmagan har qanday shaxs uchun muqaddas narsalar yo'q. Chunki, undaylar vaziyatga qarab ish tutadi. Ular uchun qulay paytni poylash, qanday bo'lmasin, qaysi yo'llar bilan bo'lmasin o'z muammolarini hal etish eng muhim masala hisoblanadi.

Faol fuqarolik pozitsiyasi har birimizdan siyosiy sergaklikni ham talab qiladi. Sobiq sovet tuzumi sharoitida rasmiy hokimiyat odamlarni iloji boricha davlat siyosatidan chetda saqlashga harakat qildi. Buning sababi esa tayin edi: odamlar o'sha tuzumning asl mohiyatini, mustamlakachilik siyosatining maqsad-muddaolarini bilishi mutlaqo mumkin emas edi. Shuning uchun ham o'sha davrda odamlarda siyosiy hayotga qiziqish so'ndi, ularda hafsalasizlik, ishonchsizlik ruhiyati kuchaygan edi.

Bugun esa odamlarimiz mutlaqo boshqacha bo'lib qoldi. Jamiyatning o'zi yuz berayotgan barcha ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma'naviy-ma'rifiy o'zgarishlarga odamlarni ohanrabodek tortmoqda. Chunki, har bir o'zgarishda kishilar o'zlarining taqdirini, kelajagini, maqsad-muddaolariga etishning yo'llarini ko'rmoqda.

Ayni paytda, bu borada hali qilishimiz lozim bo'lgan ishlarimiz ham talaygina. Siyosiy, huquqiy savodxonlik darajamizning kamligi tufayli oldimizdagi ba'zi muammolarni hal etish uchun “tanish-bilish” qidirishimiz yoki “ta'sirli” akaxonlaru katta-kichik rahbarlarga pora taqdim qilayotganimiz bor gapku. Bular to'g'risida har kuni ijtimoiy tarmoqlaru rasmiy axborotlarda ma'lumotlar kelmayaptimi? Xo'sh, bunday salbiy holatlarning sababi nimada? Shubhasiz, bularning sababi bitta: huquqiy va siyosiy savodxonlik darajamizning pastligidadir.

Qonun yo'li bilan, mamlakat rahbari tomonidan yaratib berilgan barcha imkoniyatlarga qaramasdan noqonuniy usullar bilan muammolarni hal qilishga “yo'l qidirish” amaliyotidan voz kechish davri keldi. Ijtimoiy safarbarlik faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo'lgan shaxslar bilan amalga oshirilar ekan, bunda shaxslarning huquqiy, siyosiy savodxonlik darajasi muhim rol` o'ynaydi. Shu o'rinda, mamlakat rahbari tomonidan O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o'zgartirishlar va qo'shimchalar kiritish lozimligi bo'yicha qilgan tashabbusini bugun barchamiz qo'llab-quvvatlab, bu jarayonda faol qatnashishimiz lozim.

Faol fuqarolik pozitsiyasi har bir shaxsdan davlat va jamiyat faoliyatida munosib ishtirok etishimiz talab qiladi. Bu borada keyingi yillarda ancha samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Masalan, joylarda ziyolilar, madaniyat va san'at ahillari aholining barcha tabaqalari bilan o'tkazayotgan ma'naviy-ma'rifiy tadbirlari, “Madaniyat karvonlari”ning tashkil etilishi, “Kitobxonlik” ko'rik tanlovining o'tkazilishi, shubhasiz, jamiyatda muayyan darajada ijtimoiy faollikni yuzaga keltirmoqda.

Bularning bari bugungi O'zbekiston jamiyatini ijtimoiy-ma'naviy jihatdan yanada barqarorlashtirish yo'lidagi dadil qadamlar sifatida baholanishi mumkin. Qolaversa, bugun mamlakatimiz bo'yicha “Jamiyat — islohotlar tashabbuskori” degan yondashuv asosida kundalik faoliyatimiz tobora ochiqlanib bormoqda, aholining ijtimoiylashuv jarayoni kengaymoqda.

Biroq bu harakat oldimizga qo'ygan yuksak maqsadlar hamda jamiyatni yanada demokratlashtirish yo'lidagi faoliyatimizga to'liq ma'noda uyg'unlashib bo'ldi, shu bilan barcha muammolar hal etildi, degani ham emas. Chunki, ayrim joylarda olib borilayotgan ma'naviy-ma'rifiy, targ'ibot-tashviqot ishlarimizda ko'plab nuqsonlar ko'zga tashlanib qolmoqda. Aholining ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida tashkil etilayotgan ko'plab tadbirlarimiz asosan ijtimoiy jihatdan faol, davlat siyosatini yaxshi tushunadigan fuqarolar, “tadbirda muammo bilan chiqmaydigan”lar o'rtasida o'tkazilmoqda. Ayrim marginallik holatidagi fuqarolarimiz esa, bunday tadbirlarga jalb etilmayotgani ham haqiqat.

Jamiyatda ijtimoiy safarbarlikni ta'minlash uchun esa, aholining barcha tabaqalari siyosiy, huquqiy savodxonligini oshirish talab etiladi. Biz bugun inson har tomonlama erkin va farovon yashaydigan yangi davlatni barpo etishdek buyuk xalq harakatiga asos solmoqchi bo'lsak, shubhasiz, jamiyat barcha a'zolarining ijtimoiy faolligini ta'minlashimiz kerak. Shu ma'noda, fikrimizcha barcha ta'lim muassasalarida, mehnat jamoalarida “Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasi” o'quv fanini joriy etishni maqsadga muvofiq, deb bilamiz. Joylarda tashkil etilayotgan ko'plab ilmiy anjumanlar, ziyolilar o'rtasidagi turli ijodiy-ma'rifiy tadbirlarda mazkur masala muhim ahamiyatga ega harakat sifatida e'tirof etilmoqda.

Axir biz yangi jamiyat barpo etishni o'z oldimizga maqsad qilib qo'yganmiz. Bunday jamiyatning ilmiy asoslari, kelajakda barpo etilishi lozim bo'lgan davlatning eng muhim, metodologik ko'rinishlarini o'rganmasdan, ularni tasavvur etmasdan turib o'sha buyuk maqsadlarga erishish mumkin emasligi kundek ayon. Bugun bizning tilimizga “Yangi O'zbekiston”, “Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasi”, “Uchinchi Renessans”, “Inson — jamiyat — davlat”, “Inson qadri uchun”, “Yangi O'zbekiston fenomeni”, “Yangilanayotgan O'zbekiston”, “Xalq manfaati hamma narsadan ustun”, “Jamiyatning yangi qiyofasi”, “Xalq boy bo'lsa, davlat ham boy va qudratli bo'ladi”, “Yangi demokratik boshqaruv tizimi”, “Jamiyat — islohotlar tashabbuskori”, “Yangi O'zbekiston — ijtimoiy davlat”, “Ma'rifatli jamiyat”, “YAngi ma'naviy makon”, “Yangi O'zbekiston — ma'rifatparvar davlat” kabi yaqin-yaqinda tasavvur ham qilib bo'lmaydigan, mutlaqo yangi tushunchalar kirib keldi.

To'g'ri, biz barchamiz ushbu so'zlarni bugun tez-tez eshitib turamiz, matbuotda o'qiymiz. Ammo ularning aniq mazmun-mohiyatini bilamizmi? Masalan, bugun ma'naviyat jamiyatdagi barcha siyosiy-ijtimoiy munosabatlarning mazmuni va sifatini belgilaydigan poydevor, deymiz. Avvallarichi? Yaqin-yaqingacha ham ma'naviyat fenomenini siyosiy aqidalarga bog'liqligini yo tan olmas edik yoki bu narsani aytishdan hadiksirardik. Yana bir narsaga e'tibor berishimiz lozimki, yaqin tarixda ham ma'naviyat haqida bong urib gapirar edik. Biroq uning jamiyat, millat va davlat taqdiridagi real o'rnini aniq belgilay olmagandik. SHuning uchun ham u to'g'risidagi gaplar quruq shiorlar, chaqiriq va da'vatlardan iborat bo'lib qolavergandi.

Bugun ana shu masalalarga bizning munosabatimiz metodologik jihatdan o'zgardi. Birinchidan, ma'rifatli jamiyatni barpo etish masalasi mutlaqo yangi rakursda kun tartibiga qo'yildi. Ma'rifatli jamiyatning ma'naviy qiyofasini yaratish vazifasi bizning oldimizdagi eng muhim vazifalardan biri sifatida tan olindi. Haqiqatdan ham, biz jamiyatning ma'naviy qiyofasini o'rganishga harakat qildikmi? Albatta yo'q. Bugun esa, ana shu ma'naviy qiyofani o'rganish, undagi mavjud muammolarni aniqlash, ularni hal etish uchun to'g'ri tashxis qo'yish maqsadida Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi huzurida Ijtimoiy-ma'naviy tadqiqotlar instituti tashkil etildi. Ikkinchidan, 2022–2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasida birinchi marotaba ma'naviyat va ma'rifat masalalari alohida yo'nalish sifatida qabul qilindi. Aynan huddi shunga o'xshash, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy jabhalarning barida avvallari biz hattoki tasavvur ham qila olmaydigan yangi, kontseptual o'zgarishlarni ko'rish mumkin.

Taraqqiyotimiz taqdirini belgilab beradigan ana shunday metodologik yangiliklarni endi biz navbatdagi shior, da'vat sifatida bilishimizning o'zi etarli emas. Buning uchun mazkur qoidalar, yo'nalishlarni davlatimiz rahbari tasavvur etgani kabi ongu shuurimizga singdirib olishimiz zarur. Buning uchun esa, yuqorida qayd etganimizdek, butun jamiyat islohotlar mazmun-mohiyatini ongli ravishda anglab olishi o'ta muhim.

Shu ma'noda ta'limning barcha bosqichlari, mehnat jamoalarida “Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” fanini joriy etish maqsadga muvofiq dedik. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev qalamiga mansub “Yangi O'zbekiston strategiyasi” kitobi ushbu fanning metodologik asosi bo'la oladi.

Shu o'rinda yana bir narsaga e'tibor berishni maqsadga muvofiq deb bilamiz. Bugun ayrim mutaxassislarda biz uchun eng avvalo yaxshi, o'z sohasini mukammal biladigan kadrlar kerak, shu ma'noda ijtimoiy-gumanitar fanlarni o'qitish ustuvor masala sifatida hisoblanmasa ham bo'laveradi, degan xatarli qarashlar bor. Bu, bizning nazarimizda mutlaqo xato xulosa. To'g'ri, bizga o'z sohasini mukammal bilgan, bu borada xorijiy tajribalardan boxabar, o'z ixtisosligini ilmiy asosga qo'ygan mutaxassislar juda kerak.

Biroq shu bilan birga biz uchun o'z Vatani tarixini, ajdodlarimiz tomonidan ming yillar davomida yaratilgan boy ilmiy, milliy-madaniy merosni o'zlashtira olgan mutaxassislar ham zarur. Vatanni sevmasdan, yurtimizda asrlar davomida shakllangan yuksak tsivilizatsiyalar mohiyatini anglamasdan, millat ruhiyatini his etmasdan, undan ma'naviy-ruhiy quvvat olmasdan turib zamonaviy mutaxassis bo'lish mumkin emasligini barchamiz ongli ravishda anglashimiz kerak.

Masalaning boshqa jihati ham bor: axir, biz ma'rifatli jamiyat barpo etmoqchimiz. Ma'rifatli jamiyatni o'z tarixi, milliy-madaniy merosini chuqur o'rgangan, o'z faoliyatini o'tmishda yuz bergan va shakllangan ijtimoiy amaliyot bilan uyg'unlashtira olganlar bilangina qurish mumkin.

Ijtimoiy safarbarlik, faol fuqarolik pozitsiyasi kabi fenomen hodisalar o'z-o'zidan shakllanmaydi. O'z Vatani, xalqini sevadigan, milliy merosidan ruhiy quvvat oladigan, o'zida tafakkur islohotlarini o'tkazishga doimo ehtiyoj sezadigan odamlar bilan har qanday murakkab muammolarni hal etish mumkin. Zero, Prezidentimiz “Yangi O'zbekiston strategiyasi” kitobida shunday yozadi: “Biz o'z oldimizga O'zbekistonni rivojlangan mamlakatga aylantirishni maqsad qilib qo'ygan ekanmiz, bunga faqat jadal islohotlar, ilm-ma'rifat va innovatsiya orqali erisha olamiz. Buning uchun, avvalo, islohotlarning amaliy natijadorligini oshirish, joylarda yangi tashabbuslarni ilgari surishda aholimizning yanada faol bo'lishiga erishmog'imiz lozim”.

Abduxalil MAVRULOV,

tarix fanlari doktori, professor