Unda Senat aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari doimiy komissiyalari raislari, ekspertlar guruhi aʼzolari, Yoshlar parlamenti, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Majlisda Senatning navbatdagi yalpi majlisida muhokama qilinishi nazarda tutilgan masalalar dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.
Xususan, 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2022-yilning I choragidagi ijrosi boʻyicha Vazirlar Mahkamasining hisoboti koʻrib chiqildi.
Shuningdek, senatorlar tomonidan Fermer xoʻjaliklari faoliyati kafolatlarini taʼminlash holati yuzasidan Bosh vazirning oʻrinbosari Sh. Gʻaniyevning axboroti ham muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, bugungi kunda fermer xoʻjaliklari faoliyatiga oid statistik maʼlumotlarni shakllantirishda yagona amaliyot mavjud emasligi taʼkidlandi. Bu, oʻz navbatida, fermer xoʻjaliklari toʻgʻrisida aniq maʼlumotlarni shakllantirish, ularning faoliyatidagi muammolarni toʻgʻri tahlil qilish imkonini bermayapti. Shu bois yerga egalik huquqi bilan bogʻliq munosabatlarni yanada takomillashtirish hamda yer munosabatlarini haqiqiy bozor munosabatlari darajasiga yetkazish lozimligi qayd etildi.
Qoʻmita aʼzolari tomonidan “Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish toʻgʻrisida”gi, “Oʻsimliklar karantini va himoyasi toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlar muhokama etildi.
Taʼkidlanganidek, “Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish toʻgʻrisida”gi Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi etib, vazirlik huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi hamda uning hududiy inspeksiyalari sohada davlat nazoratini amalga oshiruvchi organ ekanligi hamda ularning vakolatlari belgilanadi.
Isteʼmolchilarga asossiz hisoblangan toʻlovlarning yarmi miqdorida ichimlik suvi taʼminoti tashkilotidan kompensatsiya (penya) talab qilish huquqi beriladi. Shuningdek, Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasiga oqova suvni chiqarish quvurlariga ifloslantiruvchi moddalarni meʼyoridan ortiqcha miqdorda oqizgan shaxslarga nisbatan kompensatsiya toʻlovlarini undirish huquqi beriladi.
Shuningdek, Qoʻmita majlisida “Oʻsimliklar karantini va himoyasi toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun ham atroflicha muhokama etildi.
Taʼkidlanganidek, ushbu Qonunning qabul qilinishi natijasida karantin ostidagi mahsulotlarni ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, qayta ishlash, realizatsiya qilishda zararkunandalarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishga erishiladi.
Majlisda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.