Shudgorning mayin, urug'ning pushtaga aniq tushishi, hosilni nest-nobud qilmasdan o'rib olish uchun fermer yoki dehqonga zamonaviy mashina-mexanizmlar kerak. U yuqori agrotexnik ko'rsatkichlarga ega bo'lgani holda, yonilg'i, moy, sovutish suyuqligini kam sarflasa, konstruksiyasi sodda bo'lib, oson boshqarilsa, ta'mirbop va qismlarini almashtirish engil bo'lsa yanada yaxshi. Texnikani ishlatish xarajatlari kam, mavsumiy yoki yillik samaraning yuqori bo'lishi, boshqarishga, texnik xizmat ko'rsatishga o'ng'ayligi, puxtaligi ham muhim o'rin tutadi. Dala sharoitida bunday sifatlarga ega mashinalar uzoq muddat ishlaydi, fermerlar tez-tez yangisini sotib olishdan va ortiqcha xarajatdan qutiladi.

Olimlar, konstruktorlar va muhandis-mashinasozlar qishloq xo'jaligi mashinalarining yangi namunalarini  yaratish, loyihalash va ishlab chiqarish jarayonlarida xuddi shu jihatlarpga alohida e'tibor qaratadi.

Qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot institutida yaratilgan tuproqqa qatlamli ishlov beruvchi pluglar, paxta terish mashinalari, ko'rak yig'adigan va chuviydigan agregatlar, kanop o'rish kombaynlari, to'rttadan oltitagacha tirkamani yuki bilan tortib ketadigan traktorlar xuddi shunday xususiyatlarga ega. Shu sababli ular qishloq xo'jaligi ishlab chiqarishiga keng joriy etilyapti va ko'plab xorijiy davlatlarga eksport qilinyapti.

— Institutimiz olimlari 2021-yilda 4 ta innovatsiya, 1 ta xalqaro hamkorlikdagi, 2 ta tajriba konstruktorlik, 4 tijoratlashtirish loyihalari bo'yicha ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib bormoqda, — deydi Qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo'yicha o'rinbosari, texnika fanlari doktori, professor Muhammad Toshboltayev. — Xususan, anor tuplarini ko'madigan va ochadigan mashinani olaylik. Ma'lumki,  ushbu jarayonlar dehqon yoki fermerdan katta zahmat va xarajat talab qiladi. Anor tuplarining mashinada to'liq ko'milishi ularni sovuq urishdan saqlaydi.  Bahorda ochish va kech kuzda ko'mishga qo'l kuchi sarflanmaydi.

Bu borada olib borilgan tadqiqotlar natijasida yangi mashinaning konstruktiv sxemalari va parametrlari yaratildi. Ular asosida “BMBK-Agromash” korxonasida tajriba nusxalari tayyorlandi va Sirdaryo viloyati Guliston tumani fermer xo'jaliklarida dala sinovlari muvaffaqiyatli o'tdi. Zavodda mazkur mexanizmni ishlab chiqarish bilan bog'liq me'yoriy-texnik hujjatlar tayyorlandi, ulardan dala sharoitida foydalanishga doir tavsiyalar ishlab chiqildi.

Qishloq xo'jalik ekinlari urug'ini tozalash uchun universal qurilmaning yaratilish jarayoni ham shunday kechdi. Uning eng muhim jihati shundaki, elektr energiyasi sarfi 2-3 martaga kamayib, qishloq xo'jalik ekinlari urug'ini har xil zararli aralashmalar va begona o'tlardan tozalash uchun sarflanadigan qo'l mehnatiga barham beradi. U ixcham va universal bo'lib, istalgan turdagi urug'ni saralay oladi.

Tuproqqa tekis ishlov beradigan resurstejamkor texnologiyalar va texnika vositalarini ishlab chiqish yo'nalishidagi izlanishlar ham besamara ketmayapti. Xususan, yangi yaratilgan plug tuproqni ag'darib mayinlashtiradi va yerni tekis haydalishini ta'minlaydi. Yerning katta-kichikligiga qarab, uning har xil turdagi nusxalariga buyurtma berish mumkin. U har qanday  xorijiy qurilma bilan bemalol raqobatlasha oladi. Ayni paytda parametrlar asosida plugning sanoat nusxasini tayyorlash uchun Qishloq xo'jaligi mashinasozligi konstruktorlik-texnologik markaziga topshirilgan.

— Ma'lumki, keyingi paytda g'o'za qator oralariga boshqa qishloq ekinlarini ekish tajribasi keng qo'llanilyapti, — deydi texnika fanlari doktori Abdurasul Ibrohimov. — Masalan, joriy yilda chigit bilan birga 100 ming gektar maydonga soya ekildi. Olimlarimiz tomonidan don ekadigan kombinatsiyalashgan agregatning sanoat nusxalari ishlab chiqildi. Tez orada fermer va dehqonlarimizga  g'o'za qator oralariga va ochiq maydonlarga don ekadigan yangi, samarali agregatni taqdim etamiz.

Bir o'tishda g'o'za tuplaridagi hosilning 96-98 foizini terib oladigan paxta ko'saklariga intensiv ishlov beruvchi eksportbop terim apparatining sanoat nusxalarini yasash, davlat va dala sinovlaridan o'tkazish ishlari olib borilyapti. “Texnolog” korxonasida uning sanoat nusxalarini tayyorlashga kirishildi. Bunday terim apparatlari bilan jihozlangan paxta terish mashinalari qo'l mehnatiga va xorijdan valyuta evaziga import qilish xarajatlariga chek qo'yadi.

Tuproqqa ko'rsatadigan bosimi tez va yengil rostlanadigan keng qamrovli osma mola-tekislagichni tijoratlashtirishga tayyorlash maqsadida tajriba-konstruktorlik ishlari shu yil oxiriga qadar yakunlanadi. Loyihaga ko'ra, tuproqning holatiga qarab, uning sathini zichlovchi bosim kuchi traktorchi tomonidan kabinada turib boshqariladi.

Paxta dalalariga trixogramma tarqatish to'la mexanizatsiyalash tufayli opa-singillarimizning g'o'za qator oralarida yurib shisha idishlardagi entomofaglarni qo'lda tarqatishiga barham beriladi. Ish unumi oshadi, to'plangan g'o'za hosili saqlab qolinadi.

Bu yangi loyihalar Qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot institutida amalga oshirilayotgan ishlarning muayyan jihati, xolos. Olim-konstruktorlarning izlanishlari dehqonlar mehnatini yengil qilishga, ularni nisbatan arzon va sifatli, iqlim sharoitiga mos, ta'mirlash, ishlatishga qulay mashina hamda mexanizmlar bilan ta'minlashga qaratilgani bilan e'tibor va e'tirofga molik.

Abdurauf QORJOVOV,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri