Fermerlar davlatga elektr energiyasi sotyapti

    Keyingi yillarda yurtdoshlarimiz orasida quyosh panellaridan foydalanish ancha ommalashdi. Oʻzimiz ham xonadoniga shunday qurilmani oʻrnatgan odamni koʻrsak, darrov afzalliklari, narx-navosi haqida qiziqib surishtiramiz.

    Tabiiyki, fikrlar, xulosalar xilma-xil. Foydalanuvchilar orasida quyosh panelidan hali daromad koʻrmagani, baribir asosiy tarmoqdan elektr energiyasi sarflab, toʻlov qilayotganini aytayotganlar ham yoʻq emas. Ammo tartibini oʻrganib, qurilmadan toʻgʻri foydalanayotganlarning aksariyati quyosh panellari xonadon egalarining elektr energiyasiga boʻlgan talabini toʻliq qoplab, xarajatlarini sezilarli kamaytirayotganini taʼkidlayapti.

    Koʻpchilik hatto isteʼmoldan ortgan elektr energiyasini davlatga sotib, qoʻshimcha daromad qilmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning 1-choragida 12 746 nafar jismoniy shaxs elektr tarmoqlariga oʻtkazilgan quyosh energiyasi uchun davlat byudjetidan 8 milliard 147 million soʻm subsidiya olgan. Subsidiyaning eng katta qismi Xorazm viloyati, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri hissasiga toʻgʻri kelyapti.

    Yaʼni xonadoniga quyosh paneli oʻrnatgan oilalar isteʼmolidan ortgan elektr energiya­sini davlatga sotib, toʻlovlarini tegishli tartibda qabul qilib olmoqda. Ushbu amaliyot Prezidentimiz qarori bilan 2023-yil 1-apreldan amal qilayotgan “Quyoshli xonadon” dasturi doirasida belgilangan. U aholi xonadonlariga kichik quvvatli quyosh panellarini oʻrnatishni ragʻbatlantirishga qaratilgan boʻlib, qator imtiyozlarni ham nazarda tutadi. Jumladan, jismoniy shaxslar quyosh panellarini 3 yil muddatga foizsiz, boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotib olishi, tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kreditlardan foydalanishi mumkin.

    Olti barobar koʻp daromad

    Nafaqat jismoniy, balki yuridik shaxs­lar uchun ham qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanganlik evaziga qator imtiyozlar mavjud. Shu jihat mahalliy iqtisodiyot tarmoqlari, tadbirkorlik subyektlari, korxonalarni qiziqtirayotgani rost. Ammo muqobil energiya manbalaridan foydalanishning boshqa zaruratlari ham bor. Yaʼni elektr energiyasiga talab ortishi, bozor talablariga mos ravishda narx-navo tobora koʻtarilayotgani, qolaversa, ekologik murakkab vaziyat sabab atrof-muhit uchun zararsiz va barqaror manbalardan foydalanish zarurati bugun odamlarning oʻzida quyosh panellariga qiziqishni oshiryapti. Ayniqsa, resurslar va sarf-xarajatlarni tejash jihatidan iqtisodiyotning deyarli barcha tarmoqlari, xususan, qishloq xoʻjaligida ham quyosh panellaridan keng foydalanish ommalashib bormoqda.

    Fargʻona viloyati Oltiariq tumanidagi “Nirt Fruit” fermer xoʻjaligining bu boradagi tajribasi hududdagi dastlabkilardan boʻldi. Xoʻjalik rahbari Nuriddin Aliqulov quyosh paneli oʻrnatish ortidan ­xarajatlarini tejab, qoʻshimcha daromad topayotgani sabablimi, koʻpchilik uni namuna qilib koʻrsatmoqda. Fermer dastlab 2024-yil iyun oyida 300 kilovattli quyosh paneli oʻrnatdi. Undan oladigan elektr tokining bir qismini xoʻjalik ehtiyojlariga sarflab, qolganini umumiy tarmoqqa uzatishni boshladi. Shuning ortidan bugungi kungacha 22 million soʻmdan ortiq daromad koʻrdi.

    Fermer xoʻjaligi 2017-yilda tashkil etilgan boʻlib, asosiy faoliyati qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish, saqlash va sovitishdir. Xoʻjalik yer maydonlarida oʻnga yaqin turdagi mevalar, yongʻoq yetishtirilib, umumiy sigʻimi 2,5 ming tonnali sovitkich omborda saqlanadi. Yil davomida oʻrtacha 15 ming tonna mahsulot saqlanib, xorijga eksport qilinadi. Demak, bu yerda elektr energiyasiga talab, asosan, sovitish omboridagi qurilmalarning doimiy ishlab turishi uchun sarflanadi.

    — Aynan shunday sovitkichlarning ishlashi uchun juda katta miqdorda, yaʼni kunlik 1200 kilovatt elektr energiyasi zarur va buning uchun oyiga 100 million soʻm xarajat qilishimizga toʻgʻri kelardi, — deydi “Nirt Fruit” fermer xoʻjaligi rahbari Nuriddin Aliqulov. — Bu xarajatni kamaytirishning eng maqbul yechimi muqobil energiya manbalaridan foydalanish, degan xulosaga keldik. Dastlab oʻrnatilgan 300 kilovattli quyosh paneli kutilgan natijani berdi. Elektr energiyasini iqtisod qilish barobarida daromad koʻrganimizga qiziqib, xoʻjalikdagi 4 gektar yerga yana 3 ming kilovattli quyosh paneli oʻrnatishga kirishdik. Qurilma uchun xarajatning bir qismini oʻzimiz qoplagan boʻlsak, bir qismi uchun bankdan kredit oldik. Joriy yilning 13-aprelidan boshlab

    3 ming kilovattli quyosh paneli elektr energiyasi ishlab chiqara boshladi. Bu quvvatning 30 foizi ehtiyojimizni qoplash uchun yetarli, qolganini esa davlatga sotyapmiz.

    Ana endi kichik hisob-kitob qilib koʻrsak. Fermer 300 kilovattli quyosh panelidan olayotgan elektr energiyasining bir qismini sotish ortidan oʻrtacha toʻqqiz oyda 22 million soʻmdan ortiq daromad qilgan boʻlsa, hozirgi 3 ming kilovattli quvvatning 1800 kilovattini sotishdan avvalgidan salkam olti barobar koʻp foyda koʻradi. Bu xoʻjalik yerlarida yetishtirilib, eksport qilinayotgan mahsulotlar daromadidan tashqari foyda. Quyosh panellari uchun qilingan xarajatni ham uzogʻi

    3 yilda qoplash hisob-kitob qilingan. Axir bu qurilmalar arzon emas, fermerga salkam 12 milliard soʻmga tushgan.

    Bu bilan birovning choʻntagidagi pulni hisoblash niyatidan yiroqmiz. Shunchaki quyosh panelini oʻrnatish ortidan olinishi mumkin boʻlgan daromadni bir misol orqali tahlil qilmoqchimiz. Buning boshqa foydali tomoni ham bor. Yaʼni fermer ­isteʼmolidan ortgan muqobil energiya manbaini umumiy tarmoqqa sotishi ortidan hududdagi aholi xonadonlari va iqtisodiyot tarmoqlarining ham uzluksiz elektr energiyasiga talabi qondiriladi. Ayni paytda fermer xoʻjaligi, asosan, kunduz kuni tarmoqqa elektr energiyasi uzatyapti. Yaqinda 1,5 megavattli energiya saqlovchi batareyalar oʻrnatish hisobiga quyosh nuri boʻlmagan vaqtlarda ham tarmoqqa uzluksiz tok yetkazib berish orqali talabning 10-12 foizini qoplash maqsad qilingan. Boisi, ayni shu tigʻiz vaqtlarda aholining elektr tokiga talabi karrasiga ortgan boʻladi.

    Fermerning umumiy tarmoqqa sotayotgan elektr energiyasi toʻlovlari bank orqali hisob raqamiga tushirilmoqda. Shu kungacha olgan daromadidan mamnun. Ayni paytda xoʻjalikda 3300 kilovattli quvvat ishlab turibdi. Endi Nuriddin Aliqulov yana 5 ming kilovattli quyosh paneli oʻrnatishni rejalashtirgan...

    Xorazm tajribasi yaratiladi

    Shular haqida Nuriddin akaning oʻzidan eshitgan boshqa fermerlar ham qiziqib, birin-ketin quyosh paneli oʻrnata boshladi. Oltiariq tumanidagi ­“Sardor-Sarvar” fermer xoʻjaligi rahbari Vohidjon Azimov ulardan biri. Boshlanishiga 100 ­kilovattli quyosh paneli oʻrnatgan fermer keyinroq yana 50 kilovattli quvvatni ishga tushirdi. Buning ortidan nafaqat oʻz ehtiyojlarini taʼminlayapti, balki isteʼmolidan ortiqcha elektr energiyasini davlatga sotib, ­ozmi-koʻpmi daromad topa boshladi.

    — Oʻtgan yili Oltiariq tumanida viloyat hokimi ishtirokida quyosh panellarini oʻrnatish boʻyicha seminar boʻlib oʻtdi, — deydi Vohidjon Azimov. — Unda koʻp­lab kompaniyalar qatnashib, oʻz takliflarini berdi, mutaxassislar qurilmaning afzalliklari haqida gapirdi. Ammo “Boshidan oʻtkazgan — tabib”, degan naql bor. Bu masalada bizdan 3-4 oy oldin quyosh paneli oʻrnatgan shogirdimiz Nuriddin Aliqulov bilan gaplashganimda, oʻzidagi tajribani aytib berdi. Shundan soʻng quyosh paneli oʻrnatishga qiziqishim ortib, dekabr oyida 100 kilovattli quvvatni ishga tushirdik. Xoʻjaligimizda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirilib, 500 tonnali muzlatkichda saqlanadi. Har kungi hisob-kitobni yuritganimizda mavjud muzlatkichlarning ishlashi uchun 100 kilovattli quvvat yetayotgani koʻrindi. Shu bois, keyinroq oʻrnatilgan 50 kilovattli quyosh panellaridan olinayotgan elektr energiya­sini umumiy tarmoqqa uzatib, davlatga sota boshladik. Bugungi kungacha isteʼmolimizdan ortgan 13 ming 200 kilovatt elektr energiyasini tarmoqqa uzatib, daromad oldik.

    Quyosh panellari oʻrnatgan aholi nafaqat oʻzi, balki mamlakat iqtisodiyotining ham barqaror oʻsishiga munosib hissa qoʻshadi. Yurtimizda ekologiya uchun zararsiz boʻlgan muqobil energiya manbalaridan foydalanish koʻlami ortadi, tabiiy resurs­lar tejaladi. Shu bois, davlat bu borada fuqarolarni ragʻbatlantiryapti. Bu Oʻzbekistonning “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish yoʻlidagi katta harakatlarining bir qismi. Vaholanki, bundan 8 yil oldin “yashil” energetika haqida tasavvurga ham ega emasdik. Yirik quyosh va shamol panellarining yurtimizda qurilishi faqat xayoldek gap edi. Ammo hozir bu yoʻnalishdagi yangi va yirik loyihalar haqida gapiryapmiz. Ularning hisobiga 2024-yilda “yashil” energiya ulushi 16 foizdan oshirildi. Yaʼni ekologik toza energiya quvvatlari yiliga 2-3 karra koʻpaytirilyapti.

    Bunda aholining ham hissasi oshib bormoqda. Odamlar elektr energiyasiga ehtiyojini qayta tiklanadigan, arzon, ekologik toza manbalar evaziga qoplashga oʻrganyapti. Bu ham iqtisodiy tejamkorlikning bir koʻrinishi. Xorazmlik fermerlar ham tannarxni tushirish uchun izlanib, yangilik qilmoqda. Masalan, xonqalik fermer nasosni elektr bilan taʼminlash uchun oʻtgan yili 200 kilovattli quyosh paneli oʻrnatib, yillik 120 million soʻm elektr xarajatini iqtisod qildi, qoʻshimcha 53 million soʻmlik elektrni tarmoqqa sotdi.

    Davlatimiz rahbarining joriy yil 1-2-may kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi davomida Urganch tumanida Xorazm viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan yigʻilishda shu haqida gap bordi. Viloyatda ekin maydoniga suv chiqarish oson emas, respublikadagi nasoslarning 21 foizi shu yerda joylashgan. Ularga quyosh paneli oʻrnatib, elektr xarajatini iqtisod qilish muhimligi taʼkidlandi. Barcha 2 ming 138 ta nasosni shu tizimga oʻtkazib, Xorazm tajribasini yaratish zarurligi koʻrsatildi. Demak, bu borada ham hududlar tajribasi paydo boʻladi. Turli yoʻnalishlarda muqobil energiya manbalaridan foydalanish hisobiga samaradorlikka erishayotgan bunday tajribalar boshqa hududlarda ham ommalashtiriladi. Bu, oʻz nav­batida, tejamkorlik va iqtisodiy samaradorlikka xizmat qiladi.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri