Flamingo qushlarini ko'rganmisiz?

    Flamingo - tabiatda kamayib borayotgan, “Qizil kitob”ga kiritilgan uchib oʻtuvchi-uyalovchi tur.

    Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi matbuot xizmatining xabar berishicha, ayni kunlarda Surxondaryo viloyati Jarqoʻrgʻon tumanidagi “Oqtepa” ov xoʻjaligi koʻlida Flamingo (Qizilgʻoz) qushi “mehmon” boʻlib turibdi.

    Flamingo - tabiatda kamayib borayotgan, “Qizil kitob”ga kiritilgan uchib oʻtuvchi-uyalovchi tur. Orol dengizining janubiy qirgʻogʻi va Amudaryo suv havzalari, Sirdaryo va Zarafshon boʻylarida tarqalgan. Oʻzbekistondan tashqarida, Yevroosiyoning janubi-gʻarbi, Shimoliy va Janubiy Afrika, Kaspiy dengizi janubi, Oʻrta Yer dengizi, Hindiston, Pokistonda ham uchraydi.

    Yashash joylari tekislikdagi yirik, sayoz koʻllarning botqoqlashgan qirgʻoqlari. Soni doimo kam boʻlgan. Odatda bir necha oʻnlab qushdan iborat galalarda bir necha oʻntadan bir necha yuztasigacha uchib oʻtadi. Dunyodagi populyatsiyasi 545-680 mingta atrofida. Umumiy soni koʻpayib borayotgan boʻlsa-da, Janubi-gʻarbiy va Janubiy Osiyo populyatsiyasi qisqarmoqda.

    Yashash tarzi: Bahorgi uchib oʻtishi – mart, may oylarida, kuzgisi – avgust-oktyabrda. Suvda yashovchi umurtqasizlar va suv oʻsimliklari bilan oziqlanadi.

    Orolboʻyi suv havzalari suv rejimining oʻzgarishi oqibatida yashash joylarining yemirilishi, brakonyerlik flamingolar kamayishiga olib kelmoqda.. Yevropa va Osiyo hayvonot bogʻlarida koʻpaytiriladi.

    Ovlash taqiqlangan. Sudochye buyurtmaxonasida muhofaza ostiga olingan. SITESning II ilovasiga va Bonn konvensiyasining II ilovasiga kiritilgan.