Foydalanilmagan sayyohlik salohiyati

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining shu yil 12-may sonida Oʻzbekiston Milliy universiteti rektori Inomjon Majidovning “Foydalanilmagan sayyohlik salohiyati” nomli maqolasi chop etildi. Quyida uni oʻqishingiz mumkin.

    Shu yil 29-mart kuni davlatimiz rahbari raisligida mamlakatimiz turizm salohiyatini oshirish masalalari muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida sayyohlarni yurtimizda koʻproq vaqt olib qolish uchun qiziqarli dasturlar va targʻibot yetishmayotgani tanqidiy tahlil qilindi. Bu borada koʻmaklashish uchun 11 ta oliy taʼlim muassasasiga 31 ta tuman va 143 ta turizm mahallasi tarixi, yodgorliklari va diqqatga sazovor joylari haqida maʼlumotlar majmuini yaratish vazifasi berildi.

    Topshiriq olingani zahoti ijrosiga kirishildi. Oʻzbekiston Milliy universitetiga biriktirilgan Xovos, Forish, Zomin, Arnasoy tumanlarining turizm obyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotni boyitish maqsadida toʻrtta ishchi guruh tuzildi. Tegishli fakultetlar dekanlari rahbarligida toʻrtala tumanga tarixchi, arxeolog, etnograf, geograf, ekolog va iqtisodchilardan iborat guruhlar yuborildi. Shuningdek, tumanlarning sayyohlik salohiyatini oshirish boʻyicha Jizzax hamda Sirdaryo viloyati hokimliklari bilan hamkorlikda “yoʻl xaritalari” tasdiqlandi.

    Prezidentimizning shu yil 26-apreldagi “Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida mazkur yoʻnalishdagi vazifalarning huquqiy asoslari mustahkamlab berildi. Zarur tavsiya va takliflar asosida sayyohlikni rivojlantirishga doir eng qulay va samarali mexanizmlar koʻrsatildi. Universitetimizga biriktirilgan hududlarga chiqib oʻrganish asnosida Zominda 11 ta, Forishda 7 ta, Arnasoyda 2 ta, Xovosda 5 ta turizm obyekti mavjudligi qayd etildi.

    Ayni paytda boshqa yangi obyektlarni oʻrganish ishlari davom ettirilmoqda. Kelgusida qilinadigan asosiy ishlar oldimizda turibdi. Jumladan, 4 tumandagi 21 ta turizm mahallasining tarixi, yodgorliklari va turistik obyektlari kontenti yaratiladi. Tabiiyki, ular asosida kamida 3 tilda maʼlumotlar elektron bazasi shakllantiriladi. Keyinchalik yana oʻndan ortiq xorijiy tilga tarjima qilinadi. Turistik obyektlarning elektron xaritasi ishlab chiqiladi.

    Eng muhimi, iqtisodiyot, tarix, geologiya, geografiya, ekologiya, jurnalistika va xorijiy tillar yoʻnalishlarida oʻqiyotgan talabalarning 1-2 oylik amaliyoti shu tumanlarda tashkil etiladi. Bu bilan nazariya va amaliyot uygʻunligini taʼminlashga erishiladi. Yoshlar olgan bilim va koʻnikmalarini amaliyotda qoʻllash uchun keng maydon va imkoniyatga ega boʻladi. Tumanlardagi turizm obyektlari va madaniy yodgorliklar haqida yangi maʼlumotlar toʻplash oson ish emas. Shuning uchun yil davomida etnografiya, arxeologiya, tarix, ekologiya yoʻnalishlarida tadqiqot ekspeditsiyalari tashkil etiladi.

    Holva degan bilan ogʻiz chuchimaganidek, hududlardagi turizm va servis obyektlari xodimlarining malaka va tajribasini oshirmay, sifatli sayyohlik xizmati koʻrsatishga erishib boʻlmaydi. Shu bois, mazkur yoʻnalishda faoliyat yurituvchi mutaxassislar uchun oʻquvlar tashkil etish koʻzda tutilmoqda. Tegishli yoʻnalishdagi talabalarning diplomoldi amaliyotini mazkur turistik obyektlarda tashkil etish orqali ham muayyan natijaga erishiladi. Qolaversa,

    hududlardagi mahalliy yoshlardan iqtidorlilari saralanib, gidlarni tayyorlash boʻyicha masofaviy va onlayn kurslarda oʻqitiladi. Yana bir muhim tashabbus shuki, oʻlkashunoslik va etnografiya boʻyicha har yili talabalar forumini oʻtkazish rejalashtirilmoqda. Bu yil Zominda, kelgusi yili Forish, Arnasoy tumanlarida shunday shukuhli yigʻinlarni oʻtkazish niyatidamiz. Buning samarasi oʻlaroq, har bir tuman boʻyicha tarixiy, geografik, ekologik, arxeologik maʼlumotlar jamlangan “Oʻlkashunoslik” nomli toʻplam tayyorlanib, nashr qilinadi.

    Sayyohlarni jalb etish boʻyicha oʻziga xosliklariga koʻra, universitetimizga biriktirilgan hududlarda turizmni rivojlantirishga doir harakat dasturlarini ishlab chiqib, bosqichma-bosqich amalga oshiryapmiz. Chunonchi Xovos tumanida sayyohlar oqimini koʻpaytirish uchun, avvalo, turistlar borishi mumkin boʻlgan barcha obyektlarni birlashtiruvchi chizmali xaritalar yaratiladi va geolokatsiyasi aniqlanadi. Albatta, barcha turistik obyektlarning 3D formatidagi modeli ishlab chiqiladi. Soʻng manzillarning biridan bosh qasiga borish mumkin boʻlgan eng yaqin marshrutlar belgilanadi.

    Sayyohlar borgandan keyin, tabiiyki, turarjoy va yemakxonaga ham ehtiyoj sezishi tabiiy. Shu bois, ziyoratgohlar hududidagi umumiy ovqatlanish joylari va mehmonxonalar geolokatsiyasi aniqlashtiriladi. Qolaversa, tur operatorlar bilan birgalikda qulay paketlar ishlab chiqiladi. Koʻhna Xovos shahri hududi, Yusuf bobo va Bibi Xadicha ziyoratgohlari singari fanga toʻla maʼlum boʻlmagan obyektlarda arxeologik izlanishlar olib borish koʻzda tutilgan.

    Tarixiy ahamiyatga ega deb baholangan tepalik va hududlarda arxeologiya, etnologiya yoʻnalishidagi mutaxassislar izlanish olib boradi. Tadqiqotlar natijasida “Xovosobod” MFY hududidagi 10 gektar maydonda “Ochiq osmon ostidagi muzey” tashkil etiladi. Zomin qozon patiri, tandir goʻshti, Jizzax oshi, Baxmal olmasi, Guliston anorini aynan Xovosda sotishni yoʻlga qoʻyish ham sayyohlarning hududga intilishi va qiziqishini oshiradi, deb oʻylaymiz.

    Turistlarni jalb etishda mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari va konsullik idoralari hamda Oʻzbekiston havo yoʻllari milliy aviakompaniyasi yordamidan foydalanish ham zarar qilmaydi. Shu bois, ularga turistik obyektlarning yangilangan roʻyxatini taqdim qilish orqali koʻzlangan muddaoga erishish muddati tezlashadi. Arnasoyda ham turizmni rivojlantirish boʻyicha asosli takliflar mavjud.

    Jumladan, tumanning Navroʻz qishlogʻi hududiga tutash “Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi” sohilboʻyi hududidagi 22 ming gektar yerni Forish tumanidagi sohil hududidan Arnasoy tumani ham unumli foydalanishi maqsadga muvofiq boʻlardi. Sohilboʻyigacha boʻlgan yoʻl taʼmirlanadi. Elektr, ichimlik suv tarmoqlari oʻtkaziladi. Tibbiy xizmat, internet, Wi-Fi zonalari, savdo va boshqa infrastruktura obyektlari tashkil etiladi. 20-25 oʻrinli xostellar, 5-6 kishilik oʻtovlar, 10 kishilik konteyner uylar, 100 oʻrinli “Kemping” dam olish maskanlari quriladi.

    Sohilboʻyida paraplan va deltaplanda uchish, plyaj futboli va voleyboli, veykbording sport turlarini yoʻlga qoʻyish orqali ham sayyohlar eʼtiborini tortish imkoni mavjud. Qolaversa, agroturizm, ov turizmi, otda sayr va ekoturizm, tabobat turizmi, gastronomik turizm, etnoturizm, shoping turizmi va koʻpkari kabi oʻziga xos yoʻnalishlarni rivojlantirish mumkin. Zomin tumanini yarim mubolagʻa, yarim chin qilib, “Oʻzbekistonning Shveysariyasi”, deyishadi. Bu bejiz emas. Hududning bebaho
    tabiati, musaffo iqlimi, purviqor togʻlariyu keng adirlari har qanday sayyohning bahri dilini ochib, kayfiyatini keskin koʻtaradi.

    Biroq hududga yetib borish uchun turistlarga xizmat koʻrsatuvchi transport xizmatini rivojlantirish zarurati mavjud. Xususan, Toshkent — Zomin, Samarqand — Zomin, Jizzax — Zomin yoʻnalishida sifatli qatnovni yoʻlga qoʻyish orqali sayyohlar oqimini oshirish mumkin. Qolaversa, mehmonxonalarni “REGIONDO” das turiga kiritish, avtomobilni ijaraga berish, qisqa raqamli taksi xizmati tashkil etish kabi zamonaviy chora-tadbirlarni qoʻllash maqsadga muvofiq. Hududning tabiiy landshafti ekstremal turizmni joriy etish imkonini beradi.

    Misol uchun, oynali osma koʻprik, “tarzanka”, motosport kabilarning ham oʻziga yarasha shinavandalari bor. Albatta, bu yagona imkoniyat emas. Tumanda agroetnografik turizm, jumladan, uzumchilik, qulupnaychilik, bogʻdorchilik, qisqasi, qishloq xoʻjaligi turizmi bilan ham sayyohlarning eʼtiborini tortsa boʻladi. Shuningdek, Zomin milliy bogʻi, Boboyongʻoq, Zomin sharsharasi, Ming yoshli archa, Togʻterak ota, Xoʻjayi serob ota, Oqtepa arxeologik yodgorligi, Koʻk toʻnli ota, Toʻrtkoʻltepa arxeologik yodgorligi, Peshagʻor qadamjosi, Miq qalʼasi kabi koʻplab tarixiy qadamjo va ziyoratgohlar borki, ularning infrastrukturasini rivojlantirib, har qanday taʼbi nozik turistning koʻngliga yoʻl topish mumkin.

    Forishda turizmni rivojlantirish imkoniyatlari oʻziga xos. Avvalo, tibbiyot va ziyorat turizmini yoʻlga qoʻyish uchun yetarli sharoit yaratsa boʻladi. Jumladan, Aydarkoʻl-Tuzkon koʻli boʻyidagi turbaza negizida “Tuzkon” sogʻlomlashtirish sanatoriysining tashkil etilishi shifotalab mehmonlar uchun yaxshigina imkoniyat. Shuningdek, xuddi Zomindagi kabi bu yerda ham ekstremal ekoturizmni yoʻlga qoʻyish, xususan, “Osmonsoy” MFY hududidagi togʻlarda sayohat va alpinizm turizmini rivojlantirish mumkin.

    Tumandagi “Doʻstlik”, “Oʻxum”, “Sayyod”, “Uchquloch” mahalla fuqarolar yigʻinlari hududida butun boshli turizm mahallalarini barpo etish orqali koʻp sonli aholini ish bilan taʼminlash imkoniyati mavjud. Mahalliy gidlar koʻmagida sayyohlar hududdagi Xoʻja bogʻbon ota, Hazrati eshon xalifa va Hazrati Zaynulobiddin qadamjolarini ziyorat qiladi. Mojrum (Makedonskiy) archasi, tosh qoʻrgʻonlari, Sayyod toshbitiklari, Uchquloch tuz konini koʻrib zavqlanadi. Qolaversa, Markaziy Osiyodagi eng birinchi Xonbandi suv toʻgʻoni, tumanning xushmanzara, boy flora va faunasi turistlar eʼtiborini tortadi.

    Ayniqsa, Safar ota, Oʻxum, Mojrum qishloqlaridagi noyob landshaft, oʻsimlik va hayvonot dunyosini kuzatish postlari, Nurota qoʻriqxonasi xizmati, piknik hududi, sport tadbirlari, gastronomik turizm, uzumchilik, yovvoyi zira terimi yurtdoshlarimiz uchun ham, chet elliklar uchun ham bir umr esda qolarli taassurot tuhfa etadi.