GEF Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida ekotizimlarni tiklash sohasida hamkorlikni mustahkamlash uchun 26 million dollar grant ajratadi

    Yashil sayyora 15 Fevral 2024 830

    Joriy yil 13-fevralda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va Global ekologik fond (GEF) rahbari Karlos Rodriges o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

    Vazir GEF rahbarini joriy yil fevral oyi boshida Vashingtonda (AQSh) Global ekologik fond kengashining 66-yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi va mintaqaviy loyihalarni rivojlantirishdagi hamkorlik uchun minnatdorlik bildirdi.

    «Markaziy Osiyo vazirlari ekotizimlarni tiklash va iqlim o‘zgarishining oldini olish bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikka tayyor. Beshta davlat bir-biriga bog‘langan, Markaziy Osiyo mintaqasi esa bir ekotizimdir», — dedi Aziz Abduhakimov.

    Ma’lumot uchun, GEF Kengashining 66-yig‘ilishi doirasida «Ekotizimni tiklash, tabiiy resurslarni boshqarishni yaxshilash va mustahkamlikni oshirish uchun Markaziy Osiyo suv va quruqlik aloqalari (CAWLN)» Mintaqaviy dasturining 5 ta loyihasiga 26 million dollar ajratildi.

    Ta’kidlash joizki, umumiy qiymati 18,6 million dollar bo‘lgan beshta loyihadan to‘rttasi O‘zbekiston ishtirokida BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi (BMT FAO) ko‘magida amalga oshiriladi. Bu loyihalarga Markaziy Osiyoning zaif ekotizimlarida yerlarni tiklash, Amudaryo, Zarafshon, Panj, Sirdaryo va Norin daryolari havzalarida suv resurslarini kompleks boshqarishni kuchaytirish, ekotizimlar va bioxilma-xillikni saqlashni yaxshilash uchun tabiiy resurslarni kompleks boshqarish kabilar kiradi.

    O‘z navbatida Karlos Rodriges O‘zbekiston tomonini Hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash to‘g‘risidagi konvensiya ishtirokchilari konferensiyasining 14-yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tayotgani bilan tabrikladi va ushbu tadbir Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari vazirlarini samarali qarorlar qabul qilish uchun birlashtirish imkonini berganini ta’kidladi.

    «Men vazirga Global ekologik fondning moliyaviy ko‘magida mintaqaning zaif ekotizimlarini himoya qilish va saqlashga qaratilgan hamkorlikning yangi davrini boshlashga yo‘l ochib berishdagi xizmatlari uchun o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman», — dedi GEF bosh direktori Karlos Rodriges.

    Muzokaralar chog‘ida Ochiq dengiz bo‘yicha xalqaro shartnoma, «Central Asian Green University» bilan hamkorlik qilish va boshqa masalalar muhokama etildi, deb xabar beradi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati.