BAA Qoraqalpogʻistonda yer degradatsiyasiga qarshi kurashda yordam beradi

    Yashil sayyora 22 Fevral 2024 1134

    Joriy yil 21-fevralda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va BAA Xalqaro bioshoʻrlangan qishloq xoʻjaligi markazi (ICBA) bosh direktori doktor Tarifa Al Zaabi oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Aziz Abduhakimov ICBA bilan uzoq muddatli hamkorlik istiqbollarini qayd etdi va vazirlik qoshida Iqlim markazini tashkil etish haqida gapirdi.

    “Ekologiya vazirligi huzuridagi Orolboʻyi mintaqasi xalqaro innovatsion markazi (IICAS) bilan yer degradatsiyasi, Qoraqalpogʻistonda fermerlar salohiyatini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilayotgan hamkorlik mustahkamlanib borayotganidan mamnunmiz. Qoraqalpogʻistondagi asosiy muammolardan biri yer degradatsiyasi, iqlim oʻzgarishi boʻlib, Orol dengizi inqirozi bu tahdidni yanada kuchaytirdi”, — dedi vazir.

    Uchrashuvda tomonlar Abu-Dabi taraqqiyot jamgʻarmasi va ICBAning Qoraqalpogʻistonda fermerlarning yer degradatsiyasi bilan bogʻliq iqtisodiy yoʻqotishlarning oldini olish borasidagi imkoniyatlarini yaxshilashga qaratilgan “Qoraqalpogʻistonning degradatsiyaga uchragan hududlarida barqaror qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish tizimlarini rivojlantirish” qoʻshma loyihasini muhokama qildilar.

    Oʻzbekiston tomoni loyiha doirasida GEN bankini yaratish, qishloq xoʻjaligi ekinlarining qurgʻoqchilik va suvga chidamli turlarini yaratish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, mahalliy IICAS xodimlari uchun treninglar olib borish, laboratoriyalarni zamonaviy asbob-uskunalar va texnologiyalar bilan jihozlashga eʼtibor qaratdi, deb xabar beradi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun: Umumiy qiymati 1,09 million dollardan ortiq boʻlgan ushbu loyiha Orol dengizi halokati oqibatlarini yumshatish va mintaqada barqaror qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga qaratilgan qadamdir. Uni amalga oshirish natijasida Qoraqalpogʻistonda iqlimga chidamli, bioshoʻr va integratsiyalashgan modulli dehqonchilik tizimini joriy etiladi. Bu esa qishloq xoʻjaligi mahsuldorligini oshirish, agrobiznesda qoʻshilgan qiymat zanjirini rivojlantirish hisobidan 5 ming fermer va dehqon xoʻjaliklarini koʻpaytirish, iqlimga chidamli ekinlarni yaratish va fermerlar ehtiyojlarini qondirish uchun ilgʻor boshqaruv tajribasi va kompleks ishlab chiqarish modellarini oʻrgatish, dehqon dala maktablarini shakllantirish imkonini yaratadi.

    Uchrashuvda tomonlar BMTning Dubaydagi COP28 va Samarqanddagi COP14 global tadbirlarini muhokama qildilar. Vazir, shuningdek, ICBA bosh direktorini joriy yil aprel oyida boʻlib oʻtadigan birinchi Samarqand iqlim forumida ishtirok etishga taklif qildi.