Oʻzbekiston delegatsiyasi BMT Atrof-muhit assambleyasining 6-sessiyasida ishtirok etyapti

    Yashil sayyora 26 Fevral 2024 1011

    Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi 26-fevraldan 1-martgacha Nayrobida (Keniya) boʻlib oʻtayotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Atrof-muhit assambleyasining (UNEA-6) 6-sessiyasi ochilishida ishtirok etyapti.

    UNEA-6 iqlim oʻzgarishi, tabiiy muhit va biologik xilma-xillikning yoʻqolishi, shuningdek, ifloslanish va chiqindilarning koʻpayishi kabi uch tomonlama sayyoraviy inqirozga qarshi kurashga qaratilgan. Kuchli ilm-fan, siyosiy qatʼiyat va jamoatchilik ishtirokiga tayangan holda, Assambleya hukumatlari, fuqarolik jamiyati guruhlari, ilmiy doiralar va biznesga global ekologik siyosatni shakllantirish imkoniyatini beradi.

    5 kunlik sessiya dasturidan yalpi majlislar, iqlim oʻzgarishi sharoitida insoniyat faolligi, atrof-muhitning ifloslanishi, biologik xilma-xillikning yoʻqolishi va boshqa dolzarb masalalarga bagʻishlangan yordamchi tadbirlar, matbuot anjumanlari va yuqori darajadagi muloqotlar oʻrin olgan.

    Tadbir davomida Aziz Abduhakimov Assambleya ishtirokchilari bilan atrof-muhitni muhofaza qilish va bioxilma-xillikning yoʻqolishining oldini olish boʻyicha hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan bir qator uchrashuvlar oʻtkazadi, deb xabar beradi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi matbuot xizmati.