«Oxirgi 6 yil ichida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar qamrovi 4 foizdan 14 foizga oshirildi. Hozirda 6 million gektarga teng muhim biologik xilma-xillik hududlarini himoya qilyapmiz, — dedi vazir Aziz Abduhakimov. — Tanazzulga uchragan yashash joylarini tiklash juda muhim. Shuning uchun O‘zbekistonda keng ko‘lamli o‘rmonlar barpo etishga e'tibor qaratilyapti, jumladan, Orol dengizi tubining 2 million gektardan ortiq maydoni qamrab olinganׅ».
Uchrashuvda O‘zbekistonda ekotizim muvozanati va barqarorligini saqlaydigan turlarni qayta tiklash bo‘yicha ilg‘or loyihalar ustida ishlanayotganligi qayd etildi. Jumladan, «Jayron» Buxoro ixtisoslashgan pitomnigi tashkil etilganligi, pitomnik yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan turlarning populyasiyasini tiklashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan yuqori samarali naslchilik markazi hisoblanishi ta’kidlandi. Qolaversa, gepard kabi turlarni qayta tiklash bo‘yicha ham yana katta rejalar mavjudligi aytildi.
«O‘zbekistonda yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan Buxoro bug‘ularining eng ko‘p populyasiyasi yashaydi. Biz ushbu noyob tur uchun qo‘riqlanadigan hududlar tarmog‘ini kengaytirish va takomillashtirish ustida ishlayapmiz», — dedi vazir.
Uchrashuv davomida Bioxilma-xillik bo‘yicha Kunming-Monreal global dasturi (GBF) fondi tashkil etilishi muhim va quvonchli yangilik ekanligi ta’kidlandi.
Yakunda biologik xilma-xillikni saqlashga qaratilgan loyihalarda hamkorlik qilish, Osiyo gepardlarini O‘zbekistonga qaytarish va ko‘paytirish borasida Milliy reja ishlab chiqish va uni qo‘llab-quvvatlash, muhofaza etiladigan hududlar va tabiiy bog‘larda turizm imkoniyatlarini o‘rganish, jamoatchilik va yoshlarni jalb etish masalari muhokama etildi, deb xabar beradi Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati.