Seminar doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi nomidan akademik A.Saidov tomonidan tayyorlangan videomaʼruza taqdim etildi. Maʼruzada mamlakatimiz parlamenti tomonidan xotin-qizlar huquqlari va teng imkoniyatlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni samarali amalga oshirish borasida koʻrilayotgan chora-tadbirlar haqida soʻz bordi. Xususan, Oʻzbekiston parlamentining:
- Universal davriy sharh doirasida milliy maʼruzalarni tayyorlashda parlamentning faol ishtiroki va tegishli tavsiyalarning amalga oshirilishi ustidan parlament nazoratini olib borish;
- Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarga barham berish qoʻmitasi bilan hamkorlik qilish, shu jumladan davriy maʼruzalarni tayyorlash va keyingi tavsiyalarni amalga oshirishga parlament hissasini qoʻshish;
- Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiya va Xotin-qizlar deputatlar guruhining xotin-qizlar huquqlarini ilgari surish va ularning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan faoliyati;
- taʼlim tashabbuslarini ilgari surish, shu jumladan Parlamentlararo Ittifoqning parlament aʼzolari uchun soʻz erkinligi boʻyicha ommaviy ochiq onlayn kursi kabi xalqaro taʼlim resurslarini mahalliylashtirish;
- qonun ijodkorligi, parlament nazorati va fuqarolik jamiyati institutlari bilan oʻzaro hamkorlik orqali ayollar huquqlarini ilgari surishga hissa qoʻshish singari faoliyat yoʻnalishlariga eʼtibor qaratildi.
Seminar ishtirokchilari, jumladan, Moʻgʻuliston Buyuk Davlat Xurali deputatlari Oʻzbekiston tajribasini BMT mexanizmlari bilan hamkorlik qilishda tizimli parlament yondashuvining ilhombaxsh namunasi, deb baholadilar.
Tadbir davomida taqdim etilgan amaliyotlar Moʻgʻulistonni 2025-yil noyabr oyida Universal davriy sharhning toʻrtinchi sikliga tayyorlashda, shuningdek, Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarga barham berish qoʻmitasi tavsiyalarini keyinchalik amalga oshirishda parlament ishtirokini taʼminlashda hisobga olinishi taʼkidlandi.
Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi Martin Chungkong Oʻzbekistonning seminardagi ushbu hissasiga javoban rasmiy maktub yoʻlladi. Xatda Oʻzbekiston tomonidan taqdim etilgan tajribaning boshqa mamlakatlar va Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarga barham berish qoʻmitasi bilan ishlash uchun ahamiyati katta ekaniga urgʻu berilgan. M.Chungkong taʼkidlashicha, taqdim etilgan videomaterial seminar ishtirokchilariga BMTning inson huquqlarini himoya qilish tuzilmalari bilan parlament hamkorligining amaliy mexanizmlari haqidagi tasavvurlarini kengaytirish imkonini yaratdi.
Oʻzbekistonning qonun chiqaruvchi hokimiyatda xotin-qizlar vakilligini taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlari ham tadbir ishtirokchilarining alohida eʼtiborini tortdi. Hozirgi vaqtda mamlakat parlamentida xotin-qizlarning ulushi 38 foizdan ortiqni tashkil etadi, bunda siyosiy partiyalar tomonidan koʻrsatiladigan nomzodlarning kamida 40 foizi orasida xotin-qizlarning ishtirokini taʼminlaydigan gender kvotasi amal qiladi. Parlament faoliyatida yoshlar ishtirokining ijobiy dinamikasi alohida qayd etildi: yaratilgan sharoitlar va islohotlar tufayli Oliy Majlis tarkibida 35 yoshgacha boʻlgan deputatlar soni sezilarli darajada oshgan.
Oʻzbekiston tajribasining ahamiyati Parlamentlararo Ittifoqning gender tenglikka erishish boʻyicha yangi “Achieving Gender Equality, Action by Action” (2025) qoʻllanmasida ham oʻz aksini topgan boʻlib, unda Oʻzbekiston Respublikasi tajribasi parlamentda gender muvozanatini taʼminlash sohasidagi eng yaxshi amaliyotlardan biri sifatida eʼtirof etilgan.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazi matbuot xizmati.









