Joylarga nom berishda mahalliy aholining fikri hisobga olinadi

    AOKAda Kadastr agentligi axborot xizmati rahbari Neʼmatjon Otamurodov ishtirokida oʻtkazilgan brifingda sohaga oid qonunchilik yangiliklari haqida maʼlumot berildi.

    2022-yil 2-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasining “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi.

    Qonunning 41-moddasi bilan Geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirishda mazkur geografik obyekt joylashgan hududda yashovchi mahalliy aholining fikrini hisobga olish tartibi kiritildi.

    Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflarni kelib tushganidan keyin muhokama qilish uchun besh ish kunidan kechiktirmay oʻz rasmiy nashrlarida, rasmiy veb-saytlarida, shuningdek ommaviy axborot vositalarida eʼlon qiladi.

    Takliflarning muhokamasini oʻtkazish muddati geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflar eʼlon qilingan sanadan eʼtiboran oʻn besh kundan kam boʻlmasligi kerak.

    Mahalliy aholi geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflarga nisbatan oʻz fikrini ogʻzaki, yozma yoxud elektron shaklda yakka tartibda yoki jamoa boʻlib bildirishi mumkin.