Geologiya sohasidagi islohotlar qanday kechyapti?

    Fan 18 Iyun 2020 5057

    Davlatimiz rahbarining kuni kecha e'lon qilingan “Davlat geologiya va mineral resurslar qo'mitasi tizimida Geologiya fanlari universiteti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori O'zbekiston kabi foydali qazilmalarga boy mamlakat taraqqiyotida muhim hayotiy ahamiyatga ega. CHunki yil avvalidan buyon Prezidentimiz geologiya sohasini takomillashtirish bo'yicha bir necha bor yig'ilish o'tkazib, qator topshiriq va ko'rsatmalar berdi.

    Jumladan, joriy yilning 27-aprel kuni geologiya sohasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda investitsiya loyihalari doirasida mineral boyliklarni qazib olish samaradorligini oshirish, uskunalarni yangilash va modernizatsiya dasturini amalga oshirish hamda yer osti suvlaridan foydalanish masalalari muhokama qilindi.

    Xususan, amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari doirasida oltin, kumush, mis va sakkiz turdagi metall bo‘lmagan foydali qazilmalar zaxirasini, mineral qazib olish hajmini kamida 1,5 baravar oshirish vazifasi qo‘yildi. Ko‘rsatilgan vazifalarni hal qilish uchun, birinchi navbatda, mavjud uskunalarni yangilash va modernizatsiya qilish kerakligi ta’kidlandi.

    Geologiya sohasini modernizatsiya qilishga ajratilayotgan mablag‘lar yildan yilga ko‘paymoqda. Xususan, 2017-yilda shu maqsadda 52,5 milliard so‘m, 2018-yilda 185,3 milliard so‘m, 2019-yilda 160,6 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Bu yil burg‘ilash, tog‘-kon, laboratoriya, geofizika, energetika uskunalari, maxsus jihozlar, yordamchi va boshqa turdagi uskunalarni modernizatsiya qilish uchun 512 milliard so‘mga yaqin mablag‘ yo‘naltirilishi kutilmoqda. Mablag‘larning maqsadli sarflanishi natijasida so‘nggi uch yil ichida sohadagi texnik jihozlarning uchdan bir qismi modernizatsiya qilindi.

    Zamonaviy uskunalardan foydalanish texnik imkoniyatlar tufayli ilgari kirish imkoni mavjud bo‘lmagan ob'ektlarga kirish, ta’mirlash vaqtini qisqartirish orqali quduqlarni burg‘ilash tezligi va sifatini oshirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, barcha bosqichdagi ish vaqtini qisqartirish, atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish va murakkab konstruktsiyali quduqlarni burg‘ilashga imkon beradi. Masalan, zamonaviy uskunalar yordamida burg‘ilash chuqurligini 800 metrdan 1200 metrgacha, ish samaradorligini 1,7 baravar oshirish mumkin. Shunga ko‘ra, joriy yilning 1 iyuliga qadar davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar evaziga yuzdan ortiq uskuna modernizatsiya qilinishi kutilmoqda.

    Modernizatsiya dasturining amalga oshirilishi tufayli joriy yilda qidiruv ishlari hajmini 35 foiz oshirish, yil oxiriga qadar 16 ta uglevodorod konini aniqlash va 23 ta yangi konda zaxiralar hajmini tasdiqlash kutilmoqda.

    Global Mapper (geografik ma’lumot tizimi uchun dasturiy ta’minot), Erdas imagine (geografik va giperspektral tasvirlarni, shuningdek, vektor ma’lumotlarni qayta ishlash uchun dasturiy ta’minot) va ENVI (geografik axborot tizimlari mutaxassislari, masofadan zondlash bo‘yicha olimlar va tasvir analitiklari tomonidan foydalaniladigan tasvirni tahlil qilish dasturi) kabi fazoviy ma’lumotlarni qayta ishlash imkonini beradigan zamonaviy geografik axborot texnologiyalaridan foydalanmay kelajakda geologiya-qidiruv ishlarini tasavvur qilishning iloji yo‘q.

    O‘zbekistonda eng yangi geoinformatsion texnologiyalardan keng foydalanishga alohida e'tibor qaratilayotgani chuqur qatlamlar to‘g‘risida aniq-ravshan ma’lumot olish va ulkan hududlarni tadqiq qilishda vaqt va resurslarni tejashga xizmat qiladi.

    Sohaning investitsiyaviy jozibadorligi

    O‘zbekistonda 2025 tadan ortiq kon mavjud. Jumladan, qurilish materiallari bo‘yicha 867 ta, er osti suvlarining 649 ta, uglevodorodlar (neft`, gaz, kondensat)ning 244 ta, qimmatbaho metallar (oltin, kumush)ning 97 ta, rangli va nodir metallarning 12 ta, radioaktiv metallarning 38 ta, kon xomashyolarining 37 ta, kon-kimyoning 32 ta, qimmatbaho toshlarning 30 ta, ko‘mir va neft` slanetsining 7 ta, qora metallarning 5 ta resursi qayd etilgan.

    Ba’zi foydali qazilmalar (oltin, uran, mis, fosforitlar, molibden va boshqalar) zaxiralari bo‘yicha O‘zbekiston dunyoning etakchi davlatlari qatoriga kiradi. Nufuzli xalqaro konsalting kompaniyalaridan biri — BCG hisob-kitoblariga ko‘ra, keyingi o‘n yil ichida mamlakatning investitsiyaviy salohiyati 65 milliard AQSh dollarini tashkil etishi kutilmoqda. Shundan 45 milliard dollardan ortig‘i xomashyo sanoati hissasiga to‘g‘ri keladi.

    Sohaning investitsiyaviy jozibadorligini hamda xalqaro investitsiyalar oqimini oshirish uchun xalqaro standartlarning hisobot shakllariga o‘tish talab etiladi. Xalqaro miqyosda tan olingan standartlar orasida ajralib turuvchi JORC kodeksida mineral qidiruv natijalari va ma’dan zaxiralari to‘g‘risidagi ommaviy hisobotni qo‘llash bo‘yicha muayyan standart, tavsiya va printsiplar mavjud. Kodeksning asosiy printsiplari shaffoflik, ahamiyatlilik va vakolatdir.

    Shaffoflik va ahamiyatlilik kodeksning asosiy tamoyillari bo‘lishiga qaramay, xalqaro darajadagi yuqori sifatli hisobotni taqdim etishning asosiy tarkibiy qismi vakolatli mutaxassislar, ya’ni malakali kadrlar bo‘lib qolmoqda. Shuni inobatga olgan holda uch oy davomida chet ellik mutaxassislarni jalb qilish orqali 25 nafar geologni JORC standartlari bo‘yicha ma’lumot tayyorlashga o‘qitish topshirig‘i berildi. Bu yuqori salohiyatli investorlar talabi va kutiladigan natijalarni to‘laqonli aks ettiruvchi jahon standarti darajasidagi hisobotlarni tayyorlab borishni ta’minlaydi.

    Bundan tashqari, Prezidentimiz bir oy ichida Qizilturuk (oltin) va Sangruntov (slanets) konlariga Jahon banki bilan, Oqtepa (kumush) va Jetimtov (fosforit) konlariga esa Evropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan investorlarni jalb qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishish bo‘yicha topshiriq berdi.

    O‘zlashtirish uchun tayyor boshqa 16 ta konga investorlarni jalb qilish bo‘yicha xalqaro moliya institutlari bilan 2020-yil 1 noyabrgacha muzokaralar o‘tkazish rejalashtirilgan. Xorijlik investorlarni jalb etish to‘g‘ridan-to‘g‘ri yangi texnologiyalarni transfer qilish, zaxiralarni rivojlantirishni jadallashtirish va natijada mintaqaviy iqtisodiy faollikni rag‘batlantirish, bandlikni oshirish va soliq tushumlarini ko‘paytirishga xizmat qiladi.

    Qo‘mita faoliyatining takomillashuvi

    So‘nggi yillarda Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining funktsional salohiyatini mustahkamlash va faoliyatini kengaytirish bo‘yicha qator huquqiy-me'yoriy hujjatlar qabul qilindi.

    Mamlakatning tabiiy boyliklaridan oqilona va samarali foydalanish zaruriyati hisobga olinsa, bu qaror va farmonlarning qabul qilinishi alohida ahamiyat kasb etadi. Xususan, Prezidentimizning 2018-yil 1 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida qo‘mitaning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari belgilangan.

    Davlatimiz rahbarining 2019-yil 18 noyabrdagi “Neft va gaz geologiya-qidiruv ishlarini tashkil etish va olib borish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, yangi uglevodorod xomashyosi konlarini ochish uchun neft` va gaz istiqbolli tuzilmalarini aniqlash hamda tayyorlashga qaratilgan ilmiy-tadqiqot, regional geologik-tasvirlash, geofizik va burg‘ulash ishlarini olib borish hamda respublika uglevodorod xomashyosi zaxiralarini jadal rivojlantirish va qayta tiklash, yangi uglevodorod xomashyo konlarini ochishga qaratilgan geologiya-qidiruv ishlari samaradorligi va natijadorligini oshirish ishlarini tashkillashtirish Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasiga zimmasiga yuklatildi.

    Normativ-huquqiy baza

    Shu yil 27 aprel` kuni geologiya sohasini rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari tomonidan “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahririni ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

    Amaldagi qonun 2002-yilda qabul qilingani inobatga olinsa, mazkur me'yoriy hujjatni sanoatni rivojlantirish tendentsiyalari va sohadagi eng yaxshi xorijiy tajribalar asosida qayta ko‘rib chiqish zarurati vujudga kelgani ayon bo‘ladi.

    Mazkur topshiriqni o‘z vaqtida va samarali bajarish maqsadida Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasida qonunning yangi tahririni ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh tuzildi.

    Ishchi guruh tomonidan Turkiya, Chili, Xitoy, Kanada, Germaniya, Rossiya, Qozog‘iston va Avstraliya kabi davlatlarning er osti boyliklari va er osti boyliklaridan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari o‘rganilmoqda. Shuni ta’kidlash kerakki, Avstraliya, Turkiya, Kanada, Germaniya va Rossiyaning mazkur sohadagi qonunlari kompleks xususiyatga ega. Ular er osti boyliklaridan foydalanish sohasidagi munosabatlarni batafsil, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tartibga soladi.

    Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida iqtisodiyot tarmoqlarini xomashyo bilan ta’minlashda geologiya sohasidagi ishlarni takomillashtirishning ahamiyatini alohida qayd etgan edi.

    Shunga ko‘ra, sohadagi me'yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha takliflardan biri — yangi tahrirda ishlab chiqilayotgan “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilish xususiyatiga ega bo‘lishi, chet ellik investorlar va davlat o‘rtasida er qa’ridan foydalanish sohasidagi munosabatlarni yanada batafsilroq tartibga solish hisoblanadi.

    Shuningdek, ishlab chiqilayotgan qonun loyihasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobat tamoyillarini joriy qilish maqsadga muvofiq. Ya’ni foydali qazilmalarga bo‘lgan huquqlarni taqdim qilishning raqobatga asoslangan shartlarini batafsil belgilab qo‘yish kerak. Shu bilan birga, er osti boyliklaridan foydalanuvchilarning huquqlari kuchaytirilishi, davlat va mahalliy hokimiyat organlari ularning faoliyatiga aralashishi mumkin bo‘lgan holatlar aniq belgilab qo‘yilishi lozim.

    Ilmiy va innovatsion salohiyat

    So‘nggi yillarda Yerni masofadan zondlash foydali resurslarni o‘rganish va boshqarish uchun ajralmas vositaga aylandi. Kuzatuv turli diapazonda elektrmagnit nurlanishni qayd etadigan maxsus ko‘p kanalli uskunalar bilan jihozlangan samolyotlar va kosmik kemalar yordamida amalga oshiriladi. Masofadan turib zondlash texnologiyasidan foydalangan holda Yerni o‘rganishning bir nechta usuli mavjud. Sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlar yordamida sirtdan suratga olish, shuningdek, chuqurlikdagi tog‘ jinslarining xususiyatlarini aks ettiruvchi havodan olingan aerogeofizik ma’lumotlarga ishlov berish shular jumlasidandir.

    Tabiiy zaxiralarni qidirish va qazib olish ishlari samaradorligini oshirish maqsadida davlatimiz rahbari tomonidan yil oxiriga qadar sun'iy yo‘ldosh orqali olingan surat yordamida aerogeofizik uslubda geologik tadqiqotlarni tashkil etish topshirig‘i berildi. Bunday uslub va texnologiyalar qidiruv ishlarining dastlabki bosqichlaridan qazib olinadigan foydali qazilmalarni tashishgacha bo‘lgan barcha bosqichda qo‘llaniladi.

    Aerogeofizik texnologiyalarning afzalligi shundaki, yuqori mahsuldorlik (bir samolyotda oyiga 30 ming kilometrgacha masofani bosib o‘tish mumkin) bilan birga o‘rganilayotgan hududlarda texnogen yuk bo‘lmaydi. An'anaviy usullardan foydalanish (seysmik qidiruv va burg‘ulash), odatda, logistika bilan bog‘liq qiyinchiliklarga duchor qiladi. Bu esa loyihalar qiymatining sezilarli darajada oshishiga olib keladi. Bunday sharoitda aerogeofizik usullarning qo‘llanilishi og‘ir geologik va geofizik ishlarni rejalashtirish hamda amalga oshirishni optimallashtirish orqali qisqa vaqtda o‘rganish zonasining geologik tuzilishi to‘g‘risida katta hajmdagi ma’lumotlarni olish imkonini beradi.

    Ushbu usullarni qo‘llash dolzarbligini hisobga olib, 2019-yilda Markaziy Osiyoda birinchi zamonaviy aerogeofizik kompleks ishga tushirilib, mineral resurslarni o‘rganishning innovatsion usullari joriy etildi. Geologik ishlarning dastlabki bosqichida zamonaviy geografik axborot texnologiyalariga asoslangan, dunyoda keng qo‘llaniladigan dasturlar, shuningdek, ulkan hududlarda tadqiqot olib borish va yuqori aniqlikda chuqur foydali qazilma konlarini tasvirga olish imkonini beruvchi sun'iy yo‘ldoshlardan olingan suratlardan keng foydalanilmoqda.

    Geologiya sohasidagi tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan amaliy va innovatsion loyihalar tanlovi o‘tkazilmoqda. Tanlovning maqsadi geologik rivojlanishning dolzarb muammolari, real ehtiyojlari va mintaqaviy muammolarini hal etishga qaratilgan yuqori texnologiyali mahsulotlar va innovatsion texnologiyalarni yaratishdir.

    Bundan tashqari, geologiya sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Geologiya va geofizika, mineral resurslar, gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi, neft` va gaz konlarini qidirish institutlari negizida Geologiya fanlari universiteti tashkil etilishi kutilayotgan edi. Davlatimiz rahbari qarori bilan bu masala ham echimini topdi. Qarorda tog‘-metallurgiya sohasidagi geologiya fanlari va korxonalarining ilg‘or nazariy bilimlarini birlashtirish, raqamli geologiya va tog‘ jinslari hamda minerallarning milliy elektron bazasi loyihasini amalga oshirish, shuningdek, talabalarni yuqori aniqlikdagi kosmik fotosuratlar asosida Yerni masofadan zondlash usullari bo‘yicha o‘qitish ko‘zda tutilgan.

    Alisher XALMURZAEV,

    Muhammad BOBOJANOV,

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi

    huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

    bosh ilmiy xodimlari