Gidrometeorologiya faoliyati bu gidrometeorologik axborotni tayyorlash va tarqatish jarayoni boʻlib, u davlat boshqaruvi organlari, qurolli kuchlar, iqtisodiyotning ob-havoga bogʻliq tarmoqlari va aholiga oʻz vaqtida, ishonchli gidrometeorologik maʼlumotlar, shuningdek, xavfli gidrometeorologik hodisalar, atrof tabiiy muhit ifloslanishi, iqlim oʻzgarishi, uning iqtisodiyot va aholiga taʼsiri toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, soʻnggi yillarda mamlakatimizda gidrometeorologiya xizmatini rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va aholini gidrometeorologik maʼlumotlar bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish boʻyicha muayyan ishlar amalga oshirildi. Xususan, sohaning tashkiliy-xuquqiy asoslari ishlab chiqildi, dasturiy vazifalari belgilandi.

Davlatimiz rahbarining 2020-yil 17-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan Oʻzgidromet Oʻzbekiston Respublikasida gidrometeorologiya, iqlim oʻzgarishi va atrof tabiiy muhit ifloslanishi monitoringi sohasida vakolatli davlat organi etib belgilandi.

Shuningdek, Oʻzgidromet huzurida Gidrometeorologiyada axborot texnologiyalarini rivojlantirish markazi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Hujjat bilan 2020–2025-yillarda Oʻzbekiston gidrometeorologiya xizmatini rivojlantirish konsepsiyasi va uni 2020–2022-yillarda amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

Hozirgi vaqtda milliy gidrometeorologiya xizmati 330 dan ortiq gidrometeorologik kuzatuvlar va atrof tabiiy muhit ifloslanishi monitoringini olib boruvchi punktlarni birlashtirib, ular yordamida 240 turdan ortiq prognostik, sunʼiy yoʻldoshlardan olinadigan, tahliliy, ixtisoslashtirilgan va maʼlumotnoma tusidagi gidrometeorologik mahsulotlar tayyorlanishi yoʻlga qoʻyilgan.

Ammo suv va qishloq xoʻjaligi, energetika, shaharsozlik, sanoat, transport va turizm kabi ob-havoga bogʻliq iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror rivojlanishi va faoliyat koʻrsatishiga koʻmaklashuvchi gidrometeorologik xizmatlar sifati va maʼlumotlarning oʻz vaqtida taqdim etilishiga salbiy taʼsir etuvchi qator muammolar mavjudligi ushbu sohaga alohida eʼtibor qaratishni taqozo etmoqda.

Xususan, gidrometeorologiya sohasidagi munosabatlarning muayyan qismi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlari va idoraviy nizomlar bilan tartibga solingani, gidrometeorologiya faoliyatini tartibga solishning huquqiy asoslari tizimlashtirilmagani, boshqaruv va prognozlar tayyorlash jarayonlarining ortiqcha markazlashtirilgani yuklangan vazifalarning samarali bajarilishini taʼminlamayapti.

Zamonaviy huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarda gidrometeorologik kuzatuvlar hamda atrof tabiiy muhit holati monitoringini oʻtkazish, kuzatuv natijalari boʻyicha maʼlumotlarni toʻplash, ularga ishlov berish va tarqatishda yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilik asosining yetarli emasligi, shuningdek, amaldagi qonunchilik tomonidan fuqarolar, jamoat birlashmalari va boshqa yuridik shaxslarning gidrometeorologiya faoliyati sohasidagi huquq va majburiyatlari belgilanmagani natijasida bugungi kunda sohani tartibga soluvchi yaxlit qonun loyihasini ishlab chiqish zaruriyati paydo boʻldi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining shu yil 12-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan navbatdagi majlisida koʻrib chiqilgan “Gidrometeorologiya faoliyati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasida bu borada muhim yangiliklar aks etgan.

Qonun loyihasi Prezidentimizning 2020-yil 17-noyabrdagi tegishli qarorining 13-bandiga muvofiq ishlab chiqilgan boʻlib, loyiha gidrometeorologiya va unga yaqin boʻlgan sohalardagi faoliyatning huquqiy asoslarini belgilaydi. Qolaversa, davlat, yuridik va jismoniy shaxslarning gidrometeorologik maʼlumotlarga, shuningdek, atrof tabiiy muhit holati va uning ifloslanishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga boʻlgan talabini taʼminlaydi.

Mazkur hujjatda gidrometeorologiya xizmatini yagona tashkiliy-texnik tizim sifatida faoliyat yuritishi uchun zarur sharoitlarni yaratishga qaratilgan huquqiy normalar, gidrometeorologiya faoliyatini amalga oshirish tartibi, shu jumladan, gidrometeorologiya faoliyati obyektlari va subyektlari, ularning huquq va majburiyatlari, gidrometeorologiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solinishi, davlat organlari, iqtisodiyot tarmoqlari, fuqarolar va mudofaa organlarini gidrometeorologik maʼlumotlar, atrof tabiiy muhit ifloslanishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan taʼminlash hamda gidrometeorologiya faoliyatini moliyalashtirish tartiblari belgilanmoqda.

Qonun loyihasini ishlab chiqishda ilgʻor xorijiy davlatlar, xususan Yaponiya, Koreya, Xitoy, Rossiya, Belarus, Armaniston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Moldova kabi mamlakatlarning qonunchiligidan keng foydalanilgan.

Chunonchi, Oʻzbekiston Gidrometeorologiya xizmatiga muhim vazifalar topshirilgan boʻlib, hayotning barcha sohalari, shubhasiz, uning faoliyatiga bogʻliq. Bu faqatgina odatiy ob-havo bashoratidan iborat emas, balki fuqaro aviatsiyasi uchun meteorolik xizmat koʻrsatish, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalar uchun prognozlarni hozirlash, daryolarning suvlilik darajasi prognozlari, qor koʻchkisi va sel toshqinlari xavfi, atmosfera havosi, suv va tuproqning ifloslanish holati va boshqa koʻplab maʼlumotlarni tayyorlashni oʻz ichiga oladi.

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi esa gidrometeorologiya faoliyatini, gidrometeorologik kuzatuvlar oʻtkazish va maʼlumotlarga ishlov berishning ilmiy uslublarini yanada takomillashtirish, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarini, boshqa tashkilotlarni, aholini gidrometeorologik maʼlumotlar bilan taʼminlash tizimini rivojlantirish, gidrometeorologiya sohasidagi mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi muqarrar.

Mohira XOʻJAYEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati