Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat IIB bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Urgut tumanida yashovchi, 1978 va 1986-yillarda tugʻilgan opa-singil 911 gr. “opiy” moddasini 12 ming AQSH dollariga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Tezkor surishtiruv harakatlari davomida, ular ushbu ajal ogʻusini mazkur tumanda istiqomat qiluvchi, 1990-yilda tugʻilgan 2 nafar shaxsdan olganliklari aniqlanib, ular ham qoʻlga olindi.

Shuningdek, mazkur 1990-yilda tugʻilgan shaxslarning yashash xonadonlarida oʻtkazilgan tintuv tergov harakati vaqtida, ulardan birining uyidan 228 gr. “opiy” va ikkinchisining uyidan esa 7 kg. 187 gr. “opiy” moddasi xolislar ishtirokida protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Aniqlanishicha, tezkor tadbir davomida olingan jami 8 kg. 326 gr. “opiy” moddasi Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan.

Hozirda mazkur 4 nafar fuqaroga nisbatan DXX Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi Tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat Kodeksining 28,246-moddasi 2-qismi va 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.