Davlatni koʻkdagi qush deb tasavvur qilsak, iqtisodiyot uning quvvati. Qushning osmonda uzoq vaqt, baland uchishi manbai mana shu kuch-qudrat, eksport va import esa qushning ikki qanotidir. Bu ikki qanotning qanchalik sogʻlom ekani, naqadar faol harakatda boʻlishi qushning kuchiga kuch qoʻshadi, parvozi yanada yuksak va barqaror boʻlishini taʼminlaydi. Shu bois, mamlakatlar tinimsiz iqtisodiyotni koʻtarish, eksport va importni faollashtirish uchun turli islohotlar, oʻzgarish va yangilanishlarni amalga oshirib keladi.
Keyingi yillarda turli mintaqalardagi transchegaraviy nizolarning koʻpayishi, dunyo siyosatidagi beqarorlik, muvozanat buzilishi, rivojlangan davlatlar oʻrtasidagi kelishmovchiliklar hamda zamon shiddat bilan oʻzgarib borayotgani iqtisodiy beqarorlikni yuzaga keltirmoqda.
Prezidentimiz 18-aprel kuni dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy tebranishlarning soha va tarmoqlarga taʼsirini kamaytirish chora-tadbirlari muhokamasi boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bu masalaga alohida urgʻu berib, Oʻzbekiston oʻzi tanlagan taraqqiyot yoʻlidan ogʻishmay ketishi uchun koʻrilishi zarur boʻlgan chora-tadbirlarni belgilab berdi.
Xususan, davlatimiz rahbari hozir dunyo avvalgidek emasligi oʻzgaruvchan munosabatlar, turli tarif va cheklovlar boshqa davlatlarga ham zanjirli taʼsir koʻrsatib, jahon iqtisodiyotining sekinlashishi va xalqaro savdo kamayishiga olib kelayotganini taʼkidladi. Jumladan, eng katta xavf pandemiya davridagidek dunyo boʻylab taʼminot va qiymat yaratish zanjirlarida uzilishlar paydo boʻlishida ekanini qayd etdi.
Yaqin oʻtmishda, aniqrogʻi, pandemiya davrida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish uchun davlatlar chegarasini yopib, odamlar yashayotgan hududi, hatto uyidan chiqmaslikka majbur boʻlgandi. Bu esa dunyo miqyosida oziq-ovqat, moliyaviy taqchillikning kuchayishi, eksport va importning cheklanishiga, pirovardida dunyo iqtisodiyoti inqiroziga sabab boʻldi.
Bu inqiroz pandemiya davri yakunlanishi bilan oʻz nihoyasiga yetishini hamma bilardi va shunday ham boʻldi. Ayrim oʻrinlarda hali-hanuz bu davr asoratlari bilan kurashishga toʻgʻri kelyapti. Lekin bugunga kelib hamma sohada ancha tiklanish kuzatilgan.
Hozir dunyo iqtisodiyotidagi vaziyatni iqtisodchi ekspertlar oʻsha davrdagiga oʻxshatyapti. Pandemiya davrida iqtisodiy inqirozning asosiy sababi va tez orada yakunlanishini prognoz qilish mumkin edi. Ammo bugungi inqiroz qachon nihoyasiga yetishi, ayni iqtisodiy beqarorlik iqtisodiy inqirozga aylanishi mumkinligi haqida mutaxassislar aniq fikr aytolmayapti.
Lekin iqtisodchilar fikricha, uch-toʻrt kun ichida xalqaro moliya bozorlarida 10 trillion dollar yoʻqotilgani, yuqori tariflar oqibatida xalqaro savdo qiymati 3,5 trillion dollarga qisqargani, bu yil dunyodagi inflyatsiya darajasi 7,5-8 foiz koʻtarilishi prognoz qilinmoqda. Aslida, bugungi iqtisodiy beqarorlikning iqtisodiy inqiroz sifatida baholanishi bir necha kun yoki oydagi voqealar tahlili tufayli yuzaga kelgan qarash emas.
Bunga yillar davomida dunyo savdo hajmi qisqarib borayotgani asos qilib koʻrsatilmoqda. Joriy yil aprelida AQSHning import tovarlar uchun yangi boj tariflarini belgilashi iqtisodiy turgʻunlikni dunyo miqyosidagi kun mavzusiga aylantirdi.
Yangi tarifga koʻra, AQSH import mahsulotlariga boj toʻlovini 10 foiz oshirdi. Ushbu tarif 90 kundan soʻng amaliyotga tatbiq etilishi belgilangan. Yangi tariflar davlatning 57 ta savdo hamkori iqtisodiyotiga toʻgʻridan toʻgʻri taʼsir etadi. Ular orasida rivojlanayotgan 28 ta davlat iqtisodiyoti uchun xavf katta. Biroq bu davlatlar orasida Oʻzbekiston mavjud emas. Umuman olganda, mamlakatimiz AQSHga koʻp mahsulot eksport qilmaydi. Ammo bu yangi tariflar bizga mutlaqo taʼsir qilmaydi degani emas. Mazkur holat Oʻzbekiston iqtisodiyotiga bilvosita taʼsir etadi. Masalan, yaqin qoʻshnimiz Xitoy mahsulotlariga AQSH 125 foizlik boj belgilamoqda. Bu esa katta iqtisodiyot va eksport salohiyatiga ega davlatning qoʻshimcha bozorlarga kirib borishga intilishini kuchaytiradi. Nafaqat Xitoy, balki AQSHga salmoqli mahsulot eksport qiluvchi koʻpgina davlatlar qoʻshimcha bozorlarga kirib borishga majbur boʻladi.
Bu esa biz katta miqdorda mahsulot eksport qiladigan davlatlarda raqobatni kuchaytiradi. Oʻzbekistonlik ishbilarmonlar eksport salohiyatini saqlab qolish va yanada koʻtarish uchun karrasiga sifatli va raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarishi zarur.
Yaqinda BMTning Savdo va taraqqiyot boʻyicha konferensiyasi (UNCTAD) “2025 — savdo va rivojlanish prognozlari: Bosim ostida — noaniqlik global iqtisodiy taxminlarni qayta shakllantiradi” nomli hisobotini eʼlon qildi. Unda shu yil dunyo iqtisodiyotida 2,3 foiz pasayish kuzatilishi taxmin qilinayotgani qayd etilgan. Shuningdek, bugungi iqtisodiy beqarorlik rivojlanayotgan davlatlarga katta iqtisodiy bosim yuklashi aytiladi. Iqtisodiy prognozlarning noaniqlik koʻrsatkichi indeksi boʻyicha 2025-yil boshida asrning eng yuqori darajasi kuzatilayotgani maʼlum qilingan. Savdo hajmining keyingi bir necha haftada tushish surʼati 2008-yildagi jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi hamda 2020-yildagi pandemiyadan keyin uchinchi choʻqqisiga yetgani taʼkidlangan.
Shu oʻrinda bir savol tugʻiladi: pandemiya davridagi iqtisodiy inqiroz mamlakatlarga bir xil zarar yetkazgan. Ammo undan avvalroq neft narxining keskin oshishi kabi qator sabablar bilan yuzaga kelgan 2008-yildagi iqtisodiy inqiroz Oʻzbekistonga qay darajada katta taʼsir oʻtkazgan? Oʻsha davrda ham xuddi bugungidek xavotir oʻta kuchli boʻlganmi?
Oʻzbekiston 2008-yilda dunyo bozorida bugungidek oʻrniga ega emas edi. Eksport hamkorlari ham hozirgidek koʻp boʻlmagan. Qisqasi, eksportdagi salohiyati doimiy turgʻunlik darajasini saqlab qolavergan. Sababi eksport salohiyatiga ega tadbirkorlar kam boʻlib, Oʻzbekiston mahsulotlarini import qiluvchi davlatlar ikki-uchta edi, xolos.
Bugun esa Oʻzbekiston qoʻshni mamlakatlar, Fransiya, Xitoy singari rivojlangan, Turkiya, Pokiston, Hindistondek yuqori salohiyatli davlatlar bilan oʻzaro manfaatli aloqalarga ega. Bugun tadbirkorlarimiz toʻrt devor orasida oʻzi bilan oʻzi ovora emas, dunyoning yirik bozorlariga mahsulot va brendlari bilan kirib boryapti. Bu esa jahon iqtisodiyotidagi oʻzgarishlar bizga ham taʼsir oʻtkazishi muqarrarligini bildiradi. Chunki davlatimiz rahbari qayd etganidek, Oʻzbekiston iqtisodiyoti jahon iqtisodiyotining ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Mamlakatimizning iqtisodiy salohiyati koʻplab xalqaro tashkilotlar, davlatlar va tuzilmalar tomonidan eʼtirof etilayotir. Xususan, Garvard universiteti tahliliga koʻra, oxirgi besh yilda “iqtisodiy murakkablik indeksi”da Oʻzbekistonning oʻrni 25 pogʻona yaxshilangan. Yaʼni 105-pogʻonadan 80-oʻringa koʻtarilgan. 162 turdagi milliy mahsulotimiz “dunyo bozorida raqobat ustunligiga ega” deb baholangan. Shuningdek, Garvard ekspertlari fikricha, 2033-yilgacha Oʻzbekistonning oʻrtacha yillik oʻsishi 5,6 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Bu oʻsish surʼati boʻyicha dunyoda ikkinchi oʻrindir.
Albatta, dunyo iqtisodiyotidagi muhit yomonlashayotganiga qaramay, Oʻzbekiston bu borada yangi marralarni zabt etayotgani va kelgusida bundan-da yuksak natijalarga erishishiga ishonch bildirilayotgani davlatimizda oqilona siyosat yuritilayotgani, mamlakat toʻgʻri iqtisodiy oʻsish yoʻlidan borayotganini koʻrsatadi. Ammo bu yutuqlardan xotirjamlikka berilmay, islohotlar oʻtkazish, tashabbus va yangi loyihalarni hayotga tatbiq etishimiz zarur. Ayniqsa, mamlakatning import va eksport salohiyatini oshirish borasidagi hali qilinishi zarur boʻlgan ishlar talaygina. Bu videoselektor yigʻilishida soha xodimlariga belgilab berilgan ustuvor vazifalardan ham maʼlum.
Eksport va import sohasi qayiqning ikki eshkagiga oʻxshaydi. Bir eshkakni harakatlantiraversangiz, qayiq joyida aylanaveradi, ammo oldinga qarab suzmaydi. Iqtisodiyot koʻtarilishi uchun bu ikki tarmoq birdek harakatlanishi, hamohanglikda rivojlantirilishi zarur. AQSH singari davlatlarning import mahsulotlar uchun boj toʻlovini oshirayotganidan xulosa chiqarib, eksportning mamlakat byudjetiga koʻproq valyuta olib kirishiga qarab importni faollashtirishni eʼtiborsiz qoldirmaslik zarur. Chunki Oʻzbekiston kabi rivojlanayotgan mamlakat uchun ikkisi ham birdek manfaatli. Avvalgi davrlarda importga qoʻyilgan sunʼiy toʻsiqlar sabab koʻp yillar eksportda ham sezilarli yuksalishga erishilmadi. Chunki eksportbop, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish uchun eng soʻnggi modeldagi, zamonaviy uskunalarni rivojlangan davlatlardan import qilish zarur. Shuningdek, ishlab chiqaruvchilarimiz, avvalo, boshqa mamlakatlarning ichki bozordagi mahsuloti bilan raqobatlasha olmas ekan, dunyo bozorida ham oʻz oʻrnini topishi amri mahol. Importga qoʻyilgan cheklovlar sabab 25-30 yilda avtomobilsozlik, toʻqimachilik, elektrotexnika kabi turli yoʻnalishlarda oʻsish emas, turgʻunlik hukm surdi. Dunyo bozorida oʻz oʻrniga ega boʻlish uchun, avvalo, ichki bozorda sogʻlom raqobat, shaffof tizim, ochiq bozorni shakllantirib, mana shu raqobatdan omon chiqishimiz talab etiladi.
Shu bois, yigʻilishda davlatimiz rahbari importni osonlashtirish, eksportni kuchaytirish, buning uchun eskirgan korrupsiya, qogʻozbozlik kabi illatlar bilan toʻlib-toshgan ayrim normalarni modernizatsiyalash, butkul isloh qilish tashabbuslarini ilgari surdi.
Jumladan, import va eksport jarayonida eng koʻp masala standart va sertifikatsiya tizimiga oid ekani aytilib, sohadagi ortiqcha byurokratiya va ovoragarchiliklarni keskin kamaytirish zarurligi qayd etildi. Shakarga aksiz toʻlovi bekor qilinishi, quruq sut importiga qoʻyilgan cheklovlar olib tashlanishi taʼkidlandi. Joriy yil 1-iyuldan boshlab birorta tovar eksportiga cheklov boʻlmasligi eʼlon qilindi.
Qisqasi, tizim butkul isloh qilinib, xalqaro amaliyotda qoʻllanadigan mahsulotlarning bozorga kirishini yengillashtirish hamda realizatsiyasidagi nazoratni kuchaytirish belgilandi. Shu maqsadda “Bozor nazorati toʻgʻrisida”gi qonun ishlab chiqilishi qayd etildi. Eksportdagi muammolarni bartaraf etish boʻyicha Prezidentimizning “Ishlab chiqarish, eksport va tadbirkorlik faoliyatini ragʻbatlantirish, savdo va sanoat siyosati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilingani taʼkidlandi.
Ushbu huquqiy-meʼyoriy hujjatlar xalqimizni, tadbirkorlarimizni oʻylantirib kelayotgan, tarmoqda yillar davomida oʻz yechimini kutib turgan muammolarni hal etishi bilan ahamiyatga molik. Ularni tayyorlashda 3000 dan ortiq tajribali tadbirkor bilan uchrashib, ularning muammolari tinglangani va chuqur tahlil qilingani yaqqol sezilib turibdi.
Prezidentimiz sohadagi muammolarga oid hayotiy misollar keltirgani xalq vakillari va ishbilarmonlar bilan muloqotga alohida eʼtibor qaratishini bildiradi. Masalan, importdagi muammolar haqida soʻz ketganda oʻzi 300 dollar turadigan mopedni standartdan oʻtkazib, sertifikat olishga yana shuncha mablagʻ ketayotgani, oddiy termometrni roʻyxatdan oʻtkazishga 3-4 oy vaqt sarflanishi aytildi. Shuningdek, eksportga chiqariladigan meva-sabzavot sifatini tekshirish uchun 3 ta tashkilot laboratoriyasiga borish kerakligi, eng achinarlisi, ularning xulosasi rivojlangan davlatlarda tan olinmasligi, eksportchilar esa bu davlatlar bozoriga chiqishdan oldin xorijga namuna joʻnatib, sertifikat olishi zarurligi qayd etildi.
Joriy etilayotgan yangi tizim boʻyicha bunday muammolarga, ovoragarchiliklarga yoʻl qoʻyilmaydi. Maqsad esa aniq: eksport mahsulotlari hajmi va turini karrasiga orttirish hamda raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish orqali rivojlangan mamlakatlar, yaʼni qimmat bozorlardan munosib va barqaror oʻrin topishdan iborat. Ishbilarmonlarni sportchilarga qiyoslaydigan boʻlsak, yangi normalar hayotga tatbiq etilishi natijasida tadbirkorlarimiz jahon arenalariga toʻliq tayyorgarlik bilan chiqadi. Ularning boshqa davlat vakillari bilan bahslarda gʻalaba qozonishi faqat oʻzining shijoatiga bogʻliq boʻlib qoladi.
Mamlakatimizning eksport salohiyatini oshirish uchun bugun yurtimizda birgina maʼmuriy islohotlar amalga oshirilmayapti. Yo boʻlmasa, avvaldan mavjud boʻlgan oziq-ovqat, toʻqimachilik, yer osti boyliklari, qimmatbaho maʼdanlar eksporti yangi bosqichga olib chiqilmayapti, balki yangi, zamonaviy ortiqcha xarajat va xomashyo talab etilmaydigan mahsulotlar eksportini ham yoʻlga qoʻyish boʻyicha ishlanmoqda. Masalan, 2025-yilda AT mahsulotlari eksportini 1 milliard dollarga yetkazish, keyingi yillarda esa sunʼiy intellekt yordamida tayyorlangan mahsulotlar hamda AT mahsulotlari eksportini karrasiga oshirish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Yana bir katta yoʻnalish esa muqobil energiya mahsulotlarini koʻpaytirib, “yashil” energiya eksportini yoʻlga qoʻyishdir. Bu boʻyicha Kaspiy va Qora dengiz ostidan kabel tortish orqali “yashil strategik yoʻlak” barpo etilib, Markaziy Osiyodan Yevropaga “yashil” energiya eksport qilinishi boʻyicha ishlar davom ettirilayotganini alohida qayd etish zarur. Kelgusida Oʻzbekiston yashil taraqqiyot yoʻlidan borib, “yashil” energiya eksporti koridorlarini yanada kengaytirishni maqsad qilib qoʻygan.
Mamlakatimizda import va eksport sohasidagi islohotlar tarmoqning yanada faollashuviga xizmat qiladi. Turli toʻfon, dovullarga qaramay, davlat iqtisodiyoti kuchayib, Oʻzbekiston parvozi kelgusida yanada baland boʻlishiga zamin yaratadi.
Sanjar ESHMURODOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri








