Go'zal kunlar kelishi kutilmaydi u tomon boriladi

    Jahon tarixiga nazar solsak, har bir xalq, avvalo, ma'naviy birlashuvi, milliy g'oyasi, mafkuraviy yuksakligi bilan rivoj topgan.

    e'tirof etish joiz, so'nggi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar va bunyodkorlik ishlari xalqimizning ongu tafakkuri, dunyoqarashi o'zgarishiga ijobiy ta'sir ko'rsatyapti. ezgulik va insonparvarlik tamoyiliga asoslangan “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” g'oyasini keng targ'ib etish orqali jamiyatda sog'lom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirish, oila, ta'lim tashkilotlari va mahallalarda ma'naviy tarbiyaning uzviyligini ta'minlash ishlari olib borilmoqda.

    Ayniqsa, Prezidentimiz SHavkat ­Mirziyoev joriy yil 19-yanvar` kuni ma'naviy-ma'rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo'yicha o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida bunday ta'kidladi:

    “Biz yaratayotgan yangi O'zbekistonning mafkurasi ezgulik, odamiylik, gumanizm g'oyasi bo'ladi. Biz mafkura deganda, avvalo, fikr tarbiyasini, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tarbiyasini tushunamiz. Ular xalqimizning necha ming yillik hayotiy tushuncha va qadriyatlariga asoslangan”.

    CHindan ham xalqimiz asrlar davomida dunyo tamadduni rivojiga munosib hissa qo'shgan komil va zakovatli farzandlari, ularning ilmiy-ma'naviy merosi bilan ham boshqa xalqlar orasida hurmat-e'tiborga sazovor bo'lib kelgan.

    SHarqona ta'lim-tarbiyaga xos or-nomus, odob-axloq, sabr-qanoat, bag'rikeng­lik, ilm-ma'rifatga intilish, o'zidan yaxshi nom qoldirish kabi fazilatlar bugun har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

    Mavlono Jaloliddin Rumiyning “Go'zal kunlar kelishini kutma, u tomon qarab yur”, degan umrboqiy satrlari mavjud. O'zbekistondagi yangi Uyg'onish jarayoni ham ayni shu tamoyilga asoslangani, ezgu niyatlar amalga oshayotgani yanada ko'tarinkilik, shijoat baxsh etadi.

    Bugun yangi O'zbekiston tarixi zarvaraqlariga bitilayotgan bir jumla — “Uchinchi Renessans” so'zining tag zamirida ulug' bir ezgulikni, buyuk bir kuchni anglash mumkin. Zero, renessans — uyg'onish, ilmda sobit bo'lish, ma'rifatni anglash, ma'naviyatni yuksaltirish demakdir. Bugun biz ana shunday qutlug' bir davrda, dunyoga yangi O'zbekiston nomi bilan tanilayotgan muqaddas zaminda, uchinchi Renessansga poydevor qo'yiladigan zamonda yashamoqdamiz.

    Bu borada mamlakatimizda ilm-fanni yanada ravnaq toptirish, yoshlarimizni chuqur bilim, yuksak ma'naviyat va madaniyat egasi etib tarbiyalash borasida bosh­lagan ishlarimizni zamonaviy bosqichga ko'tarish maqsadida yurtimizda 2020-yilga “Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deb nom berildi. Jamiyatimizda aholi, ayniqsa, yosh yigit-qizlarimizning ma'naviy-ma'rifiy saviyasini yuksaltirish — birinchi darajali ahamiyatga ega ekani ta'kidlandi.

    Islohotlar uzviy davom etib, 2020-yil 29-dekabrda Prezidentimiz SHavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga Murojaat­nomasida “YAngi O'zbekiston — maktab ostonasidan, ta'lim-tarbiya tizimidan bosh­lanadi”, degan g'oya asosida keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilishi boshlandi. YOshlarning jismoniy va ma'naviy sog'lom, vatanparvar insonlar bo'lib ulg'ayishi uchun barcha kuch va imkoniyatlar safarbar etilmoqda. Mus­taqilligimizning 30 yilligi nishonlanayotgan joriy yilga esa “YOshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nom berilgani ham yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish yo'lidagi muhim qadamlardan biri bo'ldi.

    Zero, yoshlar ta'lim-tarbiyasi, ma'naviy qiyofasi jiddiy vazifa hisoblanadi. CHunki bugungi kun yoshlari o'ziga xos “ommaviy bo'hronlar” keskin tus olgan davrda yashamoqda. G'arbdan kirib kelgan “ommaviy madaniyat” deb ataluvchi yot tushunchalar urf-odatlarimiz, mentalitetimiz bilan ayovsiz kurash olib boryapti.

    Hindiston o'lkasining ozodligi, taraqqiyotiga ulkan hissa qo'shgan buyuk davlat va jamoat arbobi Mahatma Gandiga “Globallashuv jarayoniga sizning munosabatingiz qanday?” degan savol bilan murojaat qilishganida u shunday javob qaytargan ekan: “Men tashqaridagi bo'rondan qo'rqib, derazamni yopib qo'ya olmayman, chunki menga toza havo kerak. SHu bilan birga, toza havo kerak ekan deb derazamni katta ochib ham qo'ya olmayman, chunki meni uyimni chang-to'zon bosib ketishini xohlamayman”.

    CHuqur mantiq va mushohadaga chorlovchi mazkur jumlalar mohiyatiga nazar tashlaylik. Mamlakatimiz erishgan bir qator yutuqlarga “soya soluvchi”, taraqqiyotimizga hasad bilan qaraydigan kuchlar yo'q emas. Bu ularning globallashuv davrida g'oyaviy ta'sir etuvchi usullardan foydalanishga urinayotganini yaqqol ko'rsatadi. Ular oriyat, or-andisha kabi insoniy fazilatlarga ma'naviy tahdid solish orqali axloqsizlik, behayolikni targ'ib etishni maqsad qilgan.

    Taassufki, “ommaviy madaniyat” niqobi ostida milliy o'zligimizga zid holatlarga guvoh bo'lyapmiz. Masalan, ko'cha-ko'yda badaniga turli naqshlar, bezaklar chizib olgan yigit-qizlarni uchratish kam­yob hodisa emas. Ularning orasida o'zbek farzandlari ham borligi juda achinarli. Vaholanki, bu ma'naviy jihatdan ham, salomatlik nuqtai nazaridan ham faqat zarar keltiradi.

    Bu kabi “ommaviy madaniyat” ko'rinish­lari, vaqtinchalik huzur-halovat uchun insoniy fazilatlarni oyoqosti qilish oxir-oqibat tanazzulga olib borishi shubhasiz. Ma'naviyatimizga, iymon-e'tiqod, jismimizga zarar keltirishdan boshqa narsaga yaramaydigan bu kabi amallar, odatlardan o'zimizni va eng asosiysi, farzandlarimizni asrashimiz kerak.

    Jangarilikka, zo'ravonlikka chorlovchi turli komp`yuter o'yinlari, behayolik, fahshni targ'ib qiluvchi fil`mlar, ma'no-mazmunsiz qo'shiqlar, chet el telekanallarining ayrim ko'rsatuvlari, internet va undagi turli ijtimoiy tarmoqlar, isrofgarchilikka yo'l qo'yilgan tantanalar milliy o'zligimiz bo'lgan ma'naviy poydevorimizga rahna solmoqda.

    SHunday ekan, inson o'zida bunday madaniyatga qarshi immunitetni qanday tarbiyalashi va buning uchun nima qilishi zarur? Ming yillik sinovlardan o'tgan asriy qad­riyatlarimiz, urf-odatlarimizni yaxshi bilish va amal qilish darkor. Ana shundagina turli g'oyalar, shubhali “madaniyatlar” ta'siriga tushib qolish, taqdim etilayotgan ma'lumotlarga ko'r-ko'rona ergashishning oldi olinadi.

    YUrtimizda yoshlar tarbiyasi, ma'naviyat va ma'rifat masalasi, milliy qadriyatlar va tarixni o'rganishga bo'lgan e'tibor doimiy kun tartibidan joy olishi shart. Zero, Prezidentimiz bugungi yoshlarning odob-axloqi, yurish-turishi, madaniy saviyasi haqida alohida to'xtalib o'tgani ham bejiz emas: “YOshlar o'rtasida jinoyatchilik, giyohvandlik, ichkilikbozlik, oilaviy ajralishlar, buzg'unchi va radikal oqimlar ta'siriga tushish holatlari davom etayotgani, davlat rahbari sifatida shaxsan meni jiddiy tashvishga solmoqda. O'tgan 5 oyda
    7 mingdan ziyod yoshlar jinoyat sodir etgani, hozirgi vaqtda qariyb 40 ming nafar yosh profilaktik hisobda turgani xavotirimiz bejiz emasligini ko'rsatmoqda”.

    Darhaqiqat, o'sib kelayotgan yosh avlod tarbiyasiga bir kunlik e'tiborsizlik, talabchanlikning bir lahzalik susayishi ham jiddiy muammolarga olib keladi. Bu saboq, ayniqsa, bugun — yoshlar ongi va qalbini egallash uchun kurash dunyo miqyosida kuchayayotgan bir paytda yanada dolzarb bo'lib borayotir.

    Dunyo ilm-fanida e'tirof etilgan allomalarimiz ham ilm cho'qqilarini egallabgina qolmay, ma'rifatni keng targ'ib etgan. Ular mamlakatni, xalqni milliy zulm va ma'rifiy qoloqlikdan xalos etishning yagona yo'li ma'rifatda deb bilishgan. Xususan, Abdulla ­Avloniyning “Ilm insonlarning madori, hayoti, rahbari, najotidir”, degan g'oyasi ma'rifatparvarlik harakatining dasturini tashkil etgan.

    Afsuski, bizga yot qarashlarni, millatimizga xos bo'lmagan g'oyalar, ma'naviyatsizlik, axloqsizlikni targ'ib qilib chiqqan ayrim yoshlarimizning beandisha “qiliqlari” ijtimoiy tarmoqlarda ko'plab e'tirozlarga sabab bo'layotir. Kundalik turmushda, ayniqsa, hayotimizning ajralmas qismiga aylanib qolgan ijtimoiy tarmoqlarda bu kabi “ma'naviyatsizlik tomoshalari”ga qayta-qayta duch kelyapmiz.

    Inson ma'naviy qiyofasining shakllanishi, avvalo, oiladan boshlanadi. Oilada sog'lom muhit barqaror bo'lmas ekan, farzandning yorug' kelajagiga umid bog'lab bo'lmaydi. Ota-ona tarbiyada ibrat bo'la olmagan oilada farzandlar ma'naviyati ham haminqadar bo'lishi shubhasiz. Qadriyatlar qadrlangan oilalardagina tarbiya ustun, ma'naviyat yuksak bo'laveradi.

    Inkor etib bo'lmas haqiqat bor: ma'naviyat mudom ma'rifat bilan, ya'ni bilim bilan uyg'un holda rivojlanadi. Ma'rifatparvar bobomiz Mahmud­xo'ja Behbudiyning “Dunyoda turmoq uchun dun­yoviy fan va ilm lozimdur, zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqalarga poymol bo'lur”, degan hikmatlari bugungi kun uchun ham katta qadr-qiymatga ega.

    SHubha yo'qki, yaxshi tarbiya, go'zal axloq, aql-zakovat yuksak ma'naviyatga eltuvchi yorug' yo'lning ibtidosidir. Bil'aks, yangi O'zbekistonni barpo etishda yangicha dunyoqarashga ega bo'lgan, ma'naviy barkamol, ilm-ma'rifatli, sog'lom ­fikrli yoshlarning sadoqati va mehnatlari yangi taraqqiyotni yuqori bosqichga ko'tarishga xizmat qiladi.

    SHavkat MAVLONOV,

    O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektori,

    siyosiy fanlar bo'yicha falsafa doktori (PhD)