Kuni kecha Navoiy viloyatida yangi tashkil qilingan Gʻozgʻon shahrida “Marmarobod” deb nomlanuvchi tabiiy toshlarni qazib olish va qayta ishlash klasteri ish boshladi.
Mamlakatimizda tabiiy pardozbop toshlarga boʻlgan talab yil sayin ortib borayotganligini inobatga olib hamda Gʻozgʻon toshlarining shuhratini qayta tiklash va uning boy zahirasidan unumli foydalanish maqsadida Prezidentimiz 2019-yil 12-13-mart kunlari Navoiy viloyatiga tashrifi chogʻida tabiiy toshlarni qazib olish va qayta ishlash boʻyicha klaster tashkil etish taklifini bildirgan edi. Oʻtgan qisqa muddatda ushbu tashabbusning amaldagi ijrosi roʻyobga chiqarildi. Xususan, “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi koʻmagida Oʻzmilliybankning “NBU Gazgan invest” maxsus investitsiya kompaniyasi tashkil etilib, umumiy yer maydoni 37 gektarni egallagan klaster yaratildi va uning tarkibida umumiy qiymati 52 mln dollarga teng 14 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
Ushbu klaster yangi tashkil etilgan Gʻozgʻon shahri uchun strategik ahamiyatga ega boʻlib, shaharning barpo etilishi aynan mana shu yirik majmuaning qurilishidan boshlandi. Eng asosiysi, bu klasterdan asosiy maqsad ichki bozorni arzon va sifatli mahsulot bilan taʼminlashdan iborat. Albatta, korxonaning rejalari katta boʻlib, kelgusida xalqaro bozorlarga chiqish va mahsulotlar eksportini tashkil qilishdan iborat.
“Marmarobod” MCHJ korxonasi ushbu klasterning asosiy boʻgʻini, yaʼni tabiiy toshlarni qazib olib, oʻzida qayta ishlash bilan birga boshqa korxonalarlarni ham xom-ashyo bilan taʼminlovchi korxona hisoblanadi. Korxona hududida maydoni 11000 kv.m. boʻlgan zamonaviy ishlab chiqarish binosi qurib bitkazildi hamda xorijdan zamonaviy uskunalar olib kelib oʻrnatildi.
Ushbu uskunalarning yillik quvvati 70 ming kub tosh qazib olish va 800 ming kv metr toshni qayta ishlashga moʻljallangan. Ushbu zavod ishga tushishi natijasida dastlabki bosqichda Gʻozgʻonlik mahalliy yoshlar uchun 400 nafar yangi ish oʻrinlari yaratilgan boʻlsa, qolgan loyihalar ishga tushganda ish oʻrinlari soni 800 taga yetkaziladi. Bundan tashqari, klaster tarkibida Gʻozgʻonlik mahalliy tadbirkorlar uchun 10 ta ishlab chiqarish binolari ham barpo qilindi hamda korxona hududida bank xizmatlari markazi, servis markazi, oʻquv markazi, ehtiyot qismlar va dastgohlar sotish doʻkoni ham tashkil qilindi.
“Marmarobod” MCHJ klasterining ochilish marosimida Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov, Oʻzmilliybank boshqaruvi raisi Alisher Mirsoatov hamda “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi boshqaruv raisi oʻrinbosari Baxtiyor Boboqulov ishtirok etdi.