Bu satrlarni bugun, davlatimiz mustaqilligining 34 yillik shonli bayrami arafasida yurakdan his qilib oʻqiymiz. Chunki Oʻzbekiston mustaqilligi endigina orttirilgan neʼmat emas, balki har bir yurtdoshimiz hayotida, qalbida, orzu-maqsadlarida, mehnati va fidoyiligida yashab kelayotgan buyuk qadriyatga aylangan. Mustaqillik bir avlodning jasorati bilan boshlangan, keyingi avlodlar fidoyiligi bilan davom etayotgan tarixiy safardir.

Ayniqsa, istiqlolning keyingi sakkiz yili yangi Oʻzbekistonning yangi nafasi, yangi ruhi va yangi yoʻnalishi bilan yodda qoldi. Prezidentimiz rahbarligida boshlangan islohotlar, avvalo, xalqqa xizmat qilish, inson manfaatlarini oliy qadriyat sifati­da koʻrishga qaratildi. Haqiqatan, “Inson qadri uchun” gʻoyasi xalqchil siyosat markaziga aylandi. Bu shunchaki shior emas, bu — amal­dagi islohotlar, real natijalar orqali oʻz isbotini topayotgan falsafa, davlat boshqa­ruvining yangi dunyoqarashi.

Oʻzbekiston bugun nainki ichki taraqqiyot, balki mintaqaviy hamkorlik va xalqaro hamjihatlikda ham faol rol oʻynayotgan davlatga aylandi. Agar bundan oʻn yil av­val Oʻzbekiston tashqi siyosatda ehtiyotkor va tor doirada harakat qilgan boʻlsa, bugun u mintaqadagi jarayonlar markazida turgan, tashabbus koʻrsatayotgan, muhokamalarni bosh­layotgan, global yechimlar taklif etayotgan dav­latga aylandi.

Markaziy Osiyo — murakkab tarix, strategik makon, boy tabiat va oʻzaro chambar­chas bogʻliq xalqlar mintaqasi. Shu hududda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, yaxshi qoʻshnichilik, ishonchli hamkorlik muhitini yaratish Oʻzbekistonning soʻnggi yillardagi tashqi siyosatining eng muhim ustuvor yoʻna­lishi boʻlib kelmoqda. Prezidentimiz bosh­chiligidagi siyosiy rahbariyatning dastlabki tashabbuslari — mintaqada oʻzaro tortishuv­larni bartaraf etish, chegara masalalarini hal qilish, suv, energetika, transport va savdo aloqalarini yaxshilash boʻyicha amalga oshirilgan ilk qadamlar bugun oʻz samarasi­ni bermoqda.

Bir paytlar oʻzaro ishonchsizlik sabab suhbatlasha olmagan qoʻshnilar endi bir stol atrofida oʻtirib, umumiy kelajak­ni muhokama qila boshladi. Oʻtgan yillar mobaynida Markaziy Osiyo davlat rahbar­larining muntazam uchrashuvlari anʼanaga aylandi. Ushbu format doirasida shu payt­gacha boʻlib oʻtgan yuqori darajadagi sam­mitlar mintaqaviy integratsiyaning yangi bosqichga koʻtarilganini namoyon etdi. Birgalikdagi loyihalar — gaz, elektr energiyasi, temir yoʻl va avtotransport yoʻllari, logistika markazlari va boshqa infratuzilma tizimlari haqiqiy iqtiso­diy va siyosiy hamjihatlikni yarata bosh­ladi.

Birgina misol: Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston oʻrtasida transkaspiy trans­port yoʻnalishi orqali eksport-import haj­mi 2023-yilda 30 foiz oshdi. Bu nafaqat iq­tisodiy foyda, balki oʻzaro ishonch va siyosiy barqarorlik mevasidir.

Ikkinchi muhim yoʻnalish — jahon ham­jamiyatidagi oʻrnimiz. Bugun Oʻzbekiston faqatgina mintaqada emas, balki global miqyosda ham eʼtirof etilayot­gan davlatga aylanmoqda. “Oʻz­bekiston — 2030” strategiyasi, yangilangan Konstitutsiya hamda davlat boshqaruvida inson hu­quqlari, shaffoflik va ochiq­likni taʼminlash boʻyicha qabul qilingan qonunlar xalqaro maydonda katta ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Yaqin yillar ichida Oʻzbekis­ton BMT, YEXHT, Islom hamkorlik tashkiloti, SHHT, TDT kabi koʻplab xalqaro tuzilmalar bilan samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻydi. Ular bilan hamkorlikda tarixiy meros obyektlarini muhofaza qilish, ekologik muammolar, ay­niqsa, Orol fojiasi boʻyicha xalqaro loyi­halar doirasida dunyoning eʼtiborini torta oldi.

2024-yilda tarixda birinchi marta Oʻzbe­kiston yalpi ichki mahsuloti 115 milliard AQSH dollariga yetdi. Bu faqatgina raqam emas. Bu mehnat qilgan xalqning, tadbirkor­likka imkoniyat berilgan jamiyatning, in­vestitsiya muhiti yaxshilangan mamlakatning natijasidir.

Milliy valyutamiz — soʻm barqaror­lashdi. Inflyatsiya darajasi nazoratga olindi. Yagona soliq toʻlovi, fuqarolar uchun soliq imtiyozlari, tadbirkorlik­ni rivojlantirish uchun yaratilayotgan zamonaviy infratuzilma, elektron roʻy­xatdan oʻtish va litsenziya olish jarayon­larining soddalashuvi — bularning barchasi faqatgina iqtisodiyotni emas, xalqimizni ozod, erkin, farovon hayotga yetaklamoqda.

Bir soʻz bilan aytganda, bugun Oʻzbekiston dunyoga “men borman!” deb aytyapti. Bu daʼvo emas — bu natija. Bu maqsad emas — bu olin­gan yoʻl. Eng muhimi, bu yangi Oʻzbe­kistonning ertangi kuniga ishonch bilan boqish, oʻz taqdiriga egalik qilishga tayyor jamiyatning yuksak ongidir.

Shuning uchun Oʻzbekiston davlat mustaqilligining oʻttiz toʻrt yil­lik bayramiga alohida ruh, mazmun va masʼuliyat bilan qarayapmiz. Bunga hamohang tarzda Prezidentimizning “Oʻz­bekiston Respublikasi davlat mustaqilli­gining oʻttiz toʻrt yillik bayramiga tayyor­garlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, ushbu bayram “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan gʻoya at­rofida oʻtkazilyapti. Bu soʻzlar tasodifiy emas. Ular millatning tarixi, xalqning or­zu-umidlari va Vatanga sadoqatini oʻz ichiga olgan ifodadir.

Har yili oʻtkazilayotgan istiqlol tan­tanasi faqat tarixga nazar tashlash uchun emas, balki kelajakka yuzlanish uchun ham imkoniyat bermoqda. Bugun Oʻzbekiston oʻz yoʻlini tanlagan, oʻz soʻziga ega, oʻz xalqiga suyangan va dunyo hamjamiyatida munosib oʻrin egallayotgan davlatga aylandi. Bu yoʻlda har bir fuqaroning hissasi bor. Har bir ustoz, fermer, shifokor, muhandis, yozuvchi, askar, talaba va sanʼatkorning mehnati bor.

Shu bois, mustaqillik faqat davlat ramzlari, bayram tadbirlari va tarixiy sana emas, u har bir insonning kundalik hayoti, mehnati, orzusi va masʼuliyatida oʻz ifodasini topayotgan tirik gʻoyadir. Mus­taqillik Vatan uchun masʼuliyat, millat uchun sadoqat, xalq uchun fidoyilik demak­dir. Yangi Oʻzbekistondagi islohotlar, qa­bul qilinayotgan har bir farmon va qaror zamirida ham aynan ana shu gʻoya mujassam. Mustaqilligimizning oʻttiz toʻrt yillik bayramini oʻtkazishga doir qaror ham ayni shunday mazmun va ruhda.

Istiqlol shunchaki oddiy bayram emas. Bu — milliy oʻzligimiz, ezgu orzularimiz, kelajak sari intilishimizni keng namoyon qilish imkoni. Chunki bugungi yangi Oʻzbe­kiston, avvalambor, oʻz tayanchini xalqida, kuchini birdamligida, yuzi nurli yoshlarida, oilasi qadriyatlarida, mehnatkash fuqarola­ri fidoyiligida koʻrmoqda.

Bugungi kunda shaharmi, qishloqmi — mamlakatimizning har bir goʻshasida oʻzga­rish, yangilanish, yaratish jarayoni kechmoqda. Yangi Konstitutsiyamizda belgilanganidek, Oʻzbekiston — ijtimoiy davlat. Bu endi davlat odamdan emas, odam davlatdan umid qilish, yordam olish, qoʻllab-quvvatlash tuy­gʻusini his qilmoqda deganidir.

Buni hayotiy misollarda ham koʻryapmiz. Yaqin yillarda yurtimizda 500 mingdan or­tiq yangi ish oʻrni yaratildi. Kambagʻallikni qisqartirish dasturlari tufayli million­lab oilalar hayotida ijobiy oʻzgarishlar yuz berdi. Eng muhimi, insonlarga ishonch, oʻz hayoti uchun javobgarlik tuygʻusi qayta tik­lanmoqda.

Mana shunday farahbaxsh, ulkan imko­niyatlarga toʻla davrda yashayapmiz. Bugungi muvaffaqiyatlarning asosida yurtimiz tinch­ligi, millatlar oʻrtasidagi doʻstlik, bagʻri­kenglik muhiti yotadi. Oʻtmishni qadrlab, kelajakni koʻzlayotgan, dunyo bilan tengma-teng muloqot qilayotgan, oʻz yoʻlini tanlagan va undan chekinmas mamlakat bu, albatta, yangi Oʻzbekiston!

Qolaversa, bugungi zamonaviy dunyoda obroʻ-eʼtibor shunchaki erishib boʻladigan narsa emas. U ishonch, amaliy ishlar nati­jasi orqali orttiriladi. Mana shunday ishonchli, ochiq, dunyoviy davlatga aylanish xalq bilan muloqotga asoslangan siyosiy ma­daniyat, eng muhimi, xalq ishonchi tufayli yuzaga chiqdi.

Tashqi siyosatdagi yuksak maqomimiz, min­taqaviy yetakchilik, xalqaro tashkilotlar bi­lan hamkorlik — bularning barchasi shuncha­ki diplomatik muvaffaqiyatlar emas, balki davlatimizning katta sahnada munosib oʻrin egallayotganidan dalolat beradi.

Bu yilgi mustaqillik bayrami ana shu oʻzgarishlar, fidoyiliklar va buyuk maqsad­lar tantanasi boʻladi. Ushbu bayram nafaqat ramziy tantana, balki ijtimoiy va maʼna­viy uygʻonish, xalqning Vatanga sadoqati, kelajakka ishonchi namoyonidir. Chunki bu bizning Vatanimiz. Bu millat — biz yura­gida yashaydigan millat. Bu xalq — bizning ona xalqimiz. Bu istiqlol — bizning aba­diy yoʻldoshimiz.

Sobir TURSUNOV,

pedagogika fanlari doktori, professor