2022-yilda Guandun provinsiyasi YHM hajmi 12,8 trillion yuanni (1,9 trln. AQSH dollari) tashkil etgan. Bu jihatdan u Janubiy Koreya, Kanada, Avstraliya, Braziliya va boshqa qator rivojlangan mamlakatlar bilan bir safda yoki yuqoriroqda turadi. Taajjublanarlisi, mazkur provinsiya bu darajaga qisqa muddatda erishgan. Xoʻsh, Guandun muvaffaqiyatining siri nimada?
Chuqur oʻrganish natijalari shuni koʻrsatdiki, buning siri hududga infratuzilmalar, tadbirkorlar, ishchi kuchi, bilim, institutsional muhit va moliyaviy resurslarni yigʻish bilan bogʻliq boʻlgan. Jumladan:
1. Tadbirkorlar uchun kommunal xizmatlar bilan toʻliq taʼminlangan maxsus hudud yoki qishloqlar barpo etildi (davlat hamma joyda kam-kam emas, bir joyda mukammal infratuzilma yaratdi).
2. “Uchtasi bittada” loyihasi ishlab chiqildi (ishchilar qoʻshni qishloqlardan kelib ishlashi inobatga olinib, 3 qavatli binolar barpo etildi: 1-qavatda doʻkon yoki ombor, 2-qavatda ishlab chiqarish, 3-qavatda ishchilar yashashi uchun joy).
3. Faqat maxsus hududlardan oʻtuvchi yoʻllar kengaytirilib, temir yoʻl stansiyalari barpo etildi (Hozirda Guandun provinsiyasidagi istalgan shaharga borish uchun uch soatdan kam vaqt ketadi).
4. Korxonalarga qoʻshimcha yotoqxonalar qurish uchun davlat tomonidan subsidiyalar ajratildi.
5. Pullik yoʻllar qurildi va tezyurar poyezdlar qatnovi yoʻlga qoʻyildi (qurilgan yoʻl va koʻpriklar uchun olingan kreditlarni qaytarish uchun bozor mexanizmidan foydalanildi).
Islohotlar natijasida maxsus shaharlar yuzaga keldi. Kirib kelgan investitsiyalar, yangi texnologiyalar natijasida Guandun butun mamlakatga kiyim-kechak, kulolchilik mahsulotlari, elektr texnika tovarlari, mebel, oziq-ovqat, vino, ogʻir texnika, avtomobillar, kichik yuk avtomobillarini yetkazib bera boshladi. Davlat tomonidan infratuzilmalarni yaratishga katta eʼtibor berilishi natijasida xorijiy kompaniyalar tomonidan Guandun Xitoyga kirish darvozasi boʻlib xizmat qildi.
Guandunning oʻzida biznes uchun hamma sharoitlarni mujassam etgan maxsus iqtisodiy zona maqomiga ega boʻlishi, unga xorijdagi xitoyliklar sarmoya kiritishiga sabab boʻldi. Ular sarmoya kiritish, kapital, asbob-uskunalar, yangi texnologiyalar va boshqalarni olib kelish uchun saʼy-harakatini ayamadi. Bundan tashqari, Guandunning Xitoy Syanganiga qoʻshni ekanligi, moliyaviy manbalarning Guandunga ham kirib kelishiga zamin yaratdi.
Xulosa qilib aytganda, Xitoy va uning provinsiyalari muvaffaqiyatining asosida avvalo, inson kapitalining infratuzilmalar tomon, rivojlanishning yuqori bosqichida esa infratuzilmalarning inson kapitali tomon yoʻnaltirilishi yotadi.