Gulshoda yoshligidan ushbu hunarga qiziqqanligi bois, unga mehr qoʻydi. Toʻrt yildirki, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyat yuritib keladi. Xalqimizning boy madaniy-maʼnaviy merosini, koʻp qirrali oʻzbek milliy hunarmandchiligini keng namoyish qilish, uning noyob namunalarini targʻib qilishda oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda.

Yosh hunarmand tirishqoqligi, izlanuvchanligi sababli bir necha bor muvaffaqiyatga erishdi. Aslida bu yumush juda murakkab hamda koʻp mehnat talab qiladi. Lekin kasbini puxta oʻzlashtirib olganligi sababli turli tanlov va tadbirlarda yutuqlarga erishyapti.

Gulshoda tayyorlagan buyumlar mahalliy aholi bilan birga, xorijlik xaridorlarni ham qiziqtiradi. Bejirimligi, milliy anʼanalarni oʻzida aks ettirganligi bois, koʻpchilikka maʼqul boʻlmoqda. Uning bir necha bor tuman, viloyat va respublika koʻrik-tanlovlarida ishtirok etib, nufuzli oʻrinlarni egallab kelayotganligining siri ham shunda boʻlsa, kerak.

Xususan, 2017-yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularni ish bilan taʼminlash maqsadida oʻtkazilgan tadbirda sertifikat bilan taqdirlandi. Ikki yil muqaddam “Hunarmand” uyushmasi tomonidan unga imtiyozli kredit olish sertifikati berildi. Oʻtgan yili esa “Tashabbus” koʻrik-tanlovining tuman bosqichida “Yilning eng yaxshi hunarmandi” nominatsiyasi boʻyicha II darajali diplom bilan taqdirlandi. Shuningdek, Qoʻqon shahrida Xalqaro hunarmandchilik festivali oʻtkazilishi oldidan Toshkent viloyatida “Biz Qoʻqonga boramiz” shiori ostida oʻtgan koʻrgazmada diplom olishga sazovor boʻldi.

Oʻtgan yili 12-14-noyabr kunlari “Yoshlar kelajagimiz” jamgʻarmasi tomonidan uyushtirilgan “Yosh tadbirkorlar” II forumida sertifikat olishga muvaffaq boʻldi va qirgʻizistonlik tadbirkor ayol bilan buyumlarini sotish yuzasidan shartnoma imzoladi.

— Pandemiya sababli ishimiz biroz sustlashib qolgandi, – deydi Gulshoda Yoʻldosheva. – Endi asta-sekin jonlana boshladi. Hozirgacha tayyorlayotgan buyumlarimni Rossiya, Xitoy va Qirgʻizistonga eksport qilmoqdaman. Endi Tojikiston va boshqa davlatlarga ham joʻnatish yuzasidan kelishuvlarga erishyapman. Taqinchoqlar asosan mis va melxior kabi metallar bilan birga, tabiiy shifobaxsh toshlar, xususan, feruza, haqiq, yashna, kahalan, granat va boshqa inson salomatligi uchun foydali boʻlgan toshlardan yasalayotganligi bois, ularga boʻlgan talab katta.

Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati maʼlumotlariga koʻra, bugun hunarmand bankdan 30 million soʻm kredit olish taraddudida yuribdi. Olingan mablagʻga yana toʻrtta ish oʻrni yaratish, jami ish oʻrinlarini sonini 8 taga yetkazishni rejalashtirgan. Ayni paytda Gulshoda mahallasidagi xotin-qizlarga ham milliy taqinchoqlar yasash sirlarni oʻrgatyapti.