Unda muallif “Yashil energiya” axborot tizimining real voqelikni aks ettirishini shubha ostiga olgan.
Mazkur post yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi Axborot xizmatlari munosabat bildirishdi.
Taʼkidlanishicha, bugun mamlakatimizda davlatimiz rahbarining “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, joriy yilning 12-avgust kuniga qadar respublika boʻyicha jami 41 ming 885 ta obyektga 267,3 megavatt quvvatli quyosh panellari oʻrnatildi.
Shundan:
- ijtimoiy soha va davlat idoralarining 7 ming 378 ta obyektiga 144,9 megavatt quvvatga teng boʻlgan;
- tadbirkorlik subyektlarining 7 ming 452 ta bino-inshootiga 72,8 megavatt quvvatga teng boʻlgan;
- aholining 26 ming 891 xonadoniga 47,1 megavatt quvvatga teng boʻlgan;
- 2023-yilda foydalanishga topshiriladigan koʻp qavatli uylarning 164 tasiga 2,4 megavatt quvvatga teng boʻlgan quyosh panellari oʻrnatilib, ishchi holatiga keltirgan.
Bularning barchasi ayni kunlarda “Hududiy elektr tarmoqlari” tomonidan tizimga ulanib, isteʼmolchilarga arzon, sifatli, eng muhimi, ekologik toza elektr energiyasi yetkazib berayotgan quyosh panellaridir.
“Yashil energiya” axborot tizimi bazasiga oʻrnatib qoʻyilgan emas, balki tizimga ulanib, allaqachon generatsiya bera boshlagan quyosh panellarigina kiritiladi.
Bundan maqsad, muallif kuyinib yozganidek, tizimda koʻzboʻyamachilik va soxtakorliklarga yoʻl qoʻymaslikdan iborat.
Bu borada roʻyobga chiqarilayotgan ishlarni nazorat qilib borish maqsadida bojxona xodimlaridan iborat ishchi guruhlar tomonidan istalgan shartli obyektga oldindan maʼlum qilinmagan reydlar amalga oshirilib, vaziyat joyiga chiqilgan holda oʻrganib borilmoqda va shu asosda qatʼiy monitoring ishlari olib borilyapti.
Mazkur yoʻnalishda obyektlarga oʻrnatilayotgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari va ular orqali ishlab chiqarilayotgan elektr energiya toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bojxona organlari tomonidan ishlab chiqilgan “Yashil energiya” axborot tizimida muntazam qayd etib borilmoqda.
Tizim Soliq qoʻmitasining “Keshbek”, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “ASKUE” axborot tizimlariga, “Elektron hukumat” platformasi orqali esa Kadastr agentligining Maʼlumotlar bazasi bilan integratsiya qilingan.
Bugungi kunda Oʻzbekiston jismoniy shaxslardan elektr energiyasini sotib olish tarifi boʻyicha eng yuqori oʻrinlarda boʻlib, aholimiz tomonidan oʻrnatilgan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasining oʻz ehtiyojidan ortiqcha qismi uchun har bir kilovatt/soatga 1 000 soʻmdan subsidiya bermoqda.
Ayni paytgacha 4 ming 534 ta xonadon bilan shartnomalar tuzilgan boʻlib, ulardan tarmoqqa 720 ming kilovatt/soat elektr energiyasi qabul qilib olingan.
Toʻgʻri, “guruch kurmaksiz boʻlmaydi”. Joylarda koʻzboʻyamachilik qilishga, davlatni ham, oʻzini ham aldashga urinishlar boʻlishi tabiiy hol. Ammo “shahar bedarvoza emas”. Qatʼiy taʼkidlaymizki, aniqlangan bu kabi holatlarga zudlik bilan huquqiy baho berilib, bunga yoʻl qoʻygan shaxslarga nisbatan tegishli taʼsir choralari koʻrib kelinmoqda.
“Biz muallifdan postda yozilgani kabi holatlar yuz berganiga shaxsan guvoh boʻlsa, Bojxona qoʻmitasining 11-08 hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning 11-54 raqamli “Ishonch telefon”lariga qoʻngʻiroq qilishini yoki huquqni muhofaza etuvchi organlarga murojaat qilishini soʻraymiz”, deyiladi munosabatda.