Tadbirda Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʼyicha qoʼmita raisining birinchi oʼrinbosari, Xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Oʼzbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi oʼrinbosari Homidjon Ishmatbekov ishtirok etdi.

Hadis ilmi maktabi rektori Olimxon Yusupov tadbirni kirish soʼzi bilan ochib, qabul imtihonlariga tayyorgarlik jarayonlari, imtihonlarda abiturientlarga yaratilgan sharoitlar haqida maʼlumot berib oʼtdi.

Tadbirda ishtirok etgan Muzaffar Komilov, Homidjon Ishmatbekovlar Hadis ilmi maktabining tashkil etilish maqsad va vazifalariga alohida toʼxtalib oʼtib, kelajakda mazkur dargohdan buyuk allomalarimiz Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom  Dorimiy kabi ulamolar yetishib chiqishi uchun ezgu tilaklar bildirib oʼtildi. Qabul imtihonlarini yuqori saviyada tashkil etish, imtihonlarni shaffof, ochiq va oshkora oʼtkazilishini taʼminlash, abiturientlarning eng bilimlilarini saralab olish asosiy maqsad ekani alohida taʼkidlandi.

Shuningdek, Din ishlari boʼyicha qoʼmita Diniy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan ishlash boʼlimi boshligʼi B.Rustamov, Oʼzbekiston musulmonlari idorasi Taʼlim va ilmiy-tadqiqot boʼlimi mudiri S.Sherxonovlar tomonidan ijodiy imtihon va test sinovlari uchun tayyorlangan qabul materiallari, ijodiy imtihonlarni oʼtkazish tartibi, baholash mezonlari haqida maʼlumotlar berildi.

Eslatib oʼtamiz, Hadis ilmi maktabiga hujjat topshirgan abiturientlar uchun “Oʼzbekiston tarixi” fani boʼyicha test sinovlari ertaga 24 iyul kuni boʼlib oʼtadi.