Bo‘ka tumanida yashovchi 97 yoshli Xo‘jaqul bobo Madaminov xonadoni har bayramda sovg‘a-salomga to‘ladi. E'tibordan ruhlangan bobo yanada yasharadi. Bu yil ham  9 may — Xotira va qadrlash kuni arafasida Prezident tabrigi, 12 million so‘m pul mukofoti, esdalik sovg‘alar urush qatnashchisi — Xo‘jaqul boboga topshirildi.

...Qishloqda kun ko‘rish tobora og‘irlashib, hali u, hali bu hovlida motam bo‘lib turgan kunlar. Pochtachining xaltasi yaxshi mujdadan ko‘ra, shumxabarga to‘la. Bu orada ikki o‘g‘lini jangga kuzatib, Xo‘jaquliga suyanib qolgan onaizor esa o‘zini ancha oldirib qo‘ygan.

—1924 yil 13 fevralda Sirdaryoda tug‘ildim, — deb hikoyasini boshlaydi Xo‘jaqul bobo. Bu tarixni nevara-chevaralari ko‘p eshitgan bo‘lsa ham boboning og‘ziga termiladi. — Oilada besh o‘g‘il, bir qiz edik. Esimizni kolxozda tanidik. U paytlar kun ko‘rish og‘ir, bir burda non topish uchun sahardan qosh qorayguncha daladan beri kelmasdik. Shu tariqa kunlar o‘tdi. Hamma urushga ketar, qishloqda yigitlar soni kamayib borardi. Bunday pallalarda o‘zini chetga olish yigit kishi uchun or, nomus. Menga esa, ha deganda, “povestka” kelavermaydi. Harbiy komissariatga borsam, qaytarishadi. Shu orada qishlog‘imizga yana 10 ta chaqiruv keldi. Bir kuni hech kimga sezdirmay, poezdga chiqdimu urushga chaqirilganlar bilan frontga ketdim.

Bugun zamon o‘zgardi, rahbarlar ham, oddiy odamlar ham boshqa. U paytlar oldingizdan rais chiqib qolsa, qochishga joy topolmay qolardingiz. Hozir Prezidentimizning o‘zi uyma-uy yurib, odamlardan “Nima darding bor?” deb so‘rab yuribdi. Bunaqa davrni endi ko‘rdik. Ba'zan televizorda odamlarning davlatimiz rahbariga bemalol gapirayotganini ko‘rib, xursand bo‘laman.

Xo‘jaqul boboning ikki akasi ham urushdan qaytdi: birining bir yengi havoda hilpirab, biri og‘ir dardga chalinib. Ikkisi ham ko‘p yashamadi. Xo‘jaqul esa 1942 yilning boshlarida Ukraina hududida jangga kirdi. Oylarni quvib yil o‘tar, urushning og‘zi tobora kengayar, lekin oxiridan darak yo‘q edi. 

1944 yilning so‘nggi kunlarida Xo‘jaqul Madaminov polki fashistlar hujumiga uchradi. Urush ko‘rib, suyagi qotgan yigitlar okop qazishga ulgurdi. Biroq quloqni qomatga keltiruvchi ovoz va sovuq qurol parchalari tumandek sochilgan havoda Xo‘jaqul oyog‘ida og‘riq sezdi — yaralangan edi. Jang maydonidan shifokor sudrabsudrab olib chiqdi. Gospitalga yotqizishdi, ahvoli o‘nglanmagach, Astraxanga yuborishdi. Shundan so‘ng qo‘ltiqtayoqqa suyanib yurtga qaytdi.

— Sirdaryo vokzaliga kechasi kelib tushdim, — deya eslaydi bobo. — Atrof zim-ziyo. Tong otgach, bozorga bordim. Odam kam, asosan, xotin-xalaj. Jun sotib o‘tirgan ayolni tanib, yoniga bordim. Salom berdim. Sovuq gaplashdi. Qo‘shni ayolning o‘zini bunday tutishidan xafa bo‘lib, “Men urushdan qaytdim, yanga” dedim. Yuzimga birpas tikilib turdi-da, yig‘lab yubordi. Chunki mendan na xat, na xabar bo‘lavermagach, hamma, o‘lgan deb gumon qilgan ekan. Axir urush zabtiga olib, qishloqqa faqat qora xat kelavergach, boshqacha bo‘lmaydi ham.

Ozib-to‘zib ketgan Xo‘jaqulni qishloqda ham birov tanidi, birov tanimadi. Boisi, urush dahshatlari uning tashqi ko‘rinishiga ham ta'sir qilgan edi.

O‘g‘li urushga ketgach, o‘zini batamom oldirib, to‘shakka mixlanib qolgan onaizorning ahvoli asta-sekin o‘nglana boshladi. Xo‘jaqul yana kolxozga ishga kirdi. Keyin Sirdaryodan Toshkent viloyatiga kelib, arpa ekdi. Uylandi, bola-chaqali bo‘ldi.

Bugun 6 farzand va 130 ga yaqin nabirayu chevaralar qurshovida keksalik gashtini surmoqda.

Bobo hali tetik. Mamlakatimizda bo‘layotgan o‘zgarishlar epkinidan xursand. O‘tgan hayoti bilan bugunni taqqoslaydi. Nevarayu chevaralariga bu kunlarning qadriga yetish kerakligini uqtiradi.

— O‘tgan yili tumanda urush qatnashchilaridan to‘rt kishi edik, bu yil bir o‘zim qolibman, — deydi ma'yus tortgancha Xo‘jaqul bobo. — Alloh umr bergan ekan, yashayapmiz. Qo‘limdan kelgani duo. Shunday dorilamon zamonda o‘tayotgan har kunim — bayram.

Darvoqe, davlatimiz rahbari Xo‘jaqul Madaminovga yo‘llagan maktubida shunday so‘zlar bor: “Sizdek qahramon yurtdoshlarimiz bilan barchamiz haqli ravishda faxrlanamiz. Sizlarni xonadonlarimizning fayzi va ko‘rki, jamiyatimizning bebaho boyligi sifatida doimo ardoqlab, e'zozlab yashashni o‘zimizning muqaddas burchimiz, deb bilamiz va bu yo‘lda bundan buyon ham barcha shartsharoitlarni yaratib beramiz”.

Biz Xo‘jaqul boboning xonadonidan chiqar ekanmiz, bugun urushdan yolg‘iz yodgor sifatida qolgan Bo‘kaning o‘g‘loni hikoyalarini jon qulog‘i bilan tinglayotgan bolakaylar ham jo‘r bo‘ladi: “Hali uzoq yashaysiz, bobo!”.