Ushbu hujjat bilan davlatimiz rahbarining 2021-yil 27-dekabrdagi “Opera va balet sanʼatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, opera va balet sanʼati boʻyicha iqtidorli yoshlarni izlab topish, ularni yuzaga chiqarish va ragʻbatlantirish tizimini joriy qilish maqsadida har yili anʼanaviy tarzda respublika koʻrik-tanlovlarini oʻtkazish rejalari tasdiqlandi.

Unga koʻra, fevral oyida yosh vokal ijrochilari, aprel oyida yosh balet ijrochilari va iyun oyida dirijyor, rejissyor va baletmeysterlar oʻrtasida anʼanaviy tarzda respublika koʻrik-tanlovlari oʻtkaziladi.

Qarorda respublika koʻrik-tanlovlarining Gran-pri va I oʻrin gʻoliblari mos taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha tegishli davlat oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat qabul kvotasiga qoʻshimcha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinishi belgilangan.

Bundan tashqari, 2022-yildan boshlab davlat byudjeti hisobidan har ikki yilda quyidagi tanlovlar oʻtkaziladi:

-Halima Nosirova nomidagi xalqaro yosh operachilar koʻrik-tanlovi;

-“Toshkent bahori” xalqaro opera va balet festivali.

Hukumat qaroriga muvofiq, xalqaro nufuzli opera va balet festivallari, tanlovlarida I, II va III oʻrinlarni egallagan ijodkorlar davlat byudjeti hisobidan daromad soligʻidan ozod qilinadigan quyidagi miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi:

I oʻrin uchun – 100 BHM;

II oʻrin uchun – 70 BHM;

III oʻrin uchun – 50 BHM.

Hujjat bilan, shuningdek, koʻrik-tanlovlar va festivallarni tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlar ham tasdiqlangan.

Tashkiliy qoʻmitalarning asosiy vazifalari sirasiga quyidagilar kiradi:

-tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini oʻz vaqtida ishlab chiqish;

-aniq muddatlarni belgilash va ular haqida ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish;

-xalqaro tadbirlarning hakamlar hayʼati tarkibini shakllantirish, uning ish tartibini tasdiqlash, tanlovlar ishtirokchilarining yosh chegarasini belgilash va hakamlar hayʼati tarkibiga kiritilgan mutaxassislar ishtirokini taʼminlash;

-xarajatlar smetasini ishlab chiqish, metsenatlik koʻmagi, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalarini doimiy tarzda jalb etish.