“Hammamiz uchun zarur va BMT ham xohlaydigan kelajak!”

    Fikr 24 Sentabr 2020 3237

    Xabaringiz bor Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 75-yubiley sessiyasining yuqori darajadagi umumsiyosiy munozaralarida nutq soʻzladi. Ushbu sessiya jahonda vujudga kelgan epidemiologik vaziyat munosabati bilan masofaviy koʻrinishda oʻtgani bilan tarixda qoldi.

    BMTning 2017-yil 12-sentyabrda oʻtkazilgan navbatdagi sessiyasidan farqli oʻlaroq bu gal Prezidentimiz, nutqini oʻzbek tilida soʻzladilar va sessiya ishtirokchi davlatlari tomonidan iliq kutib olindi.

    2017-yilda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5ta tashabbusdan 4tasi bevosita amaliyotda tatbiq etilganiga guvohi boʻldik.

    Bu yil ham Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti oʻz nutqlarida mintaqada va global miqyosda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, barqaror taraqqiyot, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, konstruktiv muloqotni kengaytirish, shuningdek, iqlim oʻzgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi muammosi, qashshoqlikka barham berish va kambagʻallikni qisqartirish masalalari kabi zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdilar.

    Xususan, BMT shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish;

    BMT bosh kotibining bugungi inqirozli vaziyatda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashning dolzarb muammolariga bagʻishlangan sammitni oʻtkazish boʻyicha taklifi maʼqullandi;

    yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi BMT konvensiyasini qabul qilish boʻyicha Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbusini qoʻllab-quvvatlashga dunyo hamjamiyati chaqirildi;

    barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlar rolini oshirish toʻgʻrisidagi BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklif etildi;

    BMT homiyligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini tashkil qilish;

    mintaqaviy qoʻshma rejaning 10 yillik natijalari va kelgusi istiqbollariga bagʻishlangan xalqaro konferensiyani oʻtkazish;

    2021-yilda YUNESKO bilan hamkorlikda qadimiy Xiva shahrida “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” degan mavzuda xalqaro forumni oʻtkazishga Oʻzbekiston tayyorligi maʼlum qilindi;

    BMT huzurida afgʻon xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat koʻrsatadigan qoʻmita tashkil etish;

    Qashshoqlikni tugatish va kambagʻallikka qarshi kurashishni BMT Bosh Assambleyasi navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bagʻishlangan global sammitni oʻtkazish;

    Oʻzbekiston jahonning barcha mamlakatlari bilan keng koʻlamli va oʻzaro manfaatli sheriklikni, BMT va uning institutlari bilan amaliy muloqotni rivojlantirish uchun doimo tayyorligi maʼlum qilindi;

    Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb eʼlon qilish haqida BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklif etildi. Shuningdek, ushbu muhim hujjat tasdiqlangan sanani esa Xalqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kuni sifatida nishonlash maqsadga muvofiq ekanligi taʼkidlandi.

    Bundan tashqari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oʻz nutqlarida nutqida sudlarning mustaqilligi, korrupsiyaga qarshi kurash masalalariga alohida toʻxtalib oʻtdilar:

    Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligi va qonun ustuvorligi taʼminlashga yoʻnaltirilgan keng qamrovli islohotlar izchil amalga oshirilayotganligi;

    Korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash yangi bosqichga koʻtarilganligi, kerakli qonun hujjatlari qabul qilinib, mustaqil Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tuzilganligi;

    Tadbirkorlikni rivojlantirish va qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish, investitsiya va biznes muhitini yaxshilash hamda zamonaviy infratuzilmani barpo etish, odamlarni yangi kasb-hunarlarga oʻrgatish va aholiga ijtimoiy yordam koʻrsatish boʻyicha manzilli ishlar olib borilayotganligi;

    Respublikamizda har bir yigit-qizning jamiyatda munosib oʻrin egallashi va oʻz salohiyatini namoyon etishi uchun ulkan ishlar amalga oshirilayotganligi; toʻgʻrisida fikr bildirdilar.

    Soʻzimizni yakunlar ekanmiz, Muhtaram Prezidentimizning ushbu nutqlariga va unda keltirilgan takliflarga qardosh millat vakillari ham chuqur qizish bildirib kelmoqdalar, BMT Sivilizatsiyalar alyansi ishlari boʻyicha Turkiya milliy muvofiqlashtirish kengashi raisi, tarix fanlari doktori, professor Bekir Karliga Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqi tinchlikparvarlik, hamkorlik va bunyodkorlikka intilish gʻoyalari bilan yoʻgʻrilganligini eʼtirof etib, Oʻzbekistonning nafaqat COVID-19 pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan vaziyatni, balki geosiyosiy, iqtisodiy hamda ekologik muammolarni koʻrib chiqish va hamkorlikda muhokama qilish ishlarida faol ishtirok etayotganidan mamnun ekanligini bildirar ekan, konstruktivizm, barcha sohadagi dolzarb masalalar boʻyicha hamkorlik qilishda ochiqlik va turli sheriklar bilan ham ikki tomonlama, ham koʻp tomonlama formatda oʻzaro aloqalarni kengaytirish Oʻzbekiston tashqi siyosatining asosini tashkil etgani quvonarli hol ekanini taʼkidladi.

    Poʻlat Qobilov,

    Toshkent davlat yuridik universiteti

    Ixtisoslashtirilgan filiali oʻqituvchisi