Hamshiralar akademiyasida Turkiya sogʻliq bilimlari universitetining fakulteti ochiladi

    Salomatlik 4 Avgust 2023 1441

    Yangi fakultetda esa oliy malakali hamshiralar 4 yillik taʼlim dasturi boʻyicha tayyorlanib, qabul uchun test sinovlari turkiyalik mutaxassislar tomonidan olinadi.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, yaqinda faoliyat boshlashi kutilayotgan Hamshiralar akademiyasida Turkiya sogʻliq bilimlari universitetining “Hamshiralik ishi” fakulteti ochiladi. Bu boʻyicha Turkiya Prezidenti tomonidan tegishli qaror qabul qilindi.

    Taʼkidlanishicha, mazkur oʻquv yurti Turkiyadagi yagona ixtisoslashgan tibbiyot universiteti boʻlib, oliy taʼlim muassasasiga 1903-yili asos solingan. Shuningdek, mazkur oʻquv yurti Yevropaning yetakchi taʼlim muassasalaridan biri hisoblanadi. Universitet qator xalqaro reytinglarda yuqori pogʻonalarda qayd etiladi.

    Yurtimizda ochiladigan yangi fakultetda esa oliy malakali hamshiralar 4 yillik taʼlim dasturi boʻyicha tayyorlanib, qabul uchun test sinovlari turkiyalik mutaxassislar tomonidan olinadi.

    Eʼtiborlisi, ushbu nufuzli fakultetda tahsil oladigan talabalar “Hamshiralik ishi” yoʻnalishida bakalavriatdan keyin magistratura, aspirantura va doktorantura bosqichlarida oʻqishlari mumkin.

    Bu yerda oʻquv mashgʻulotlari turkiyalik yuqori malakali oʻqituvchi va professorlar tomonidan olib boriladi. Qolaversa, talabalarni tibbiyot sohasidagi ilgʻor tajribalar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ularning Turkiya klinikalariga stajirovkalari ham tashkil etiladi.

    Maʼlumot oʻrnida: 2019-yili Oʻzbekiston va Turkiya sogʻliqni saqlash vazirliklari oʻrtasida tuzilgan anglashuv memorandumiga asosan Buxoro davlat tibbiyot instituti negizida Sogʻliq bilimlari universitetining tibbiyot fakulteti va Malakali tibbiy xizmatlar oliy maktabi faoliyat koʻrsatmoqda.