7-13-oktabr kunlari Sahroi kabir qumliklarida “Marokash rallisi-2021” poygasi bo‘lib o‘tdi. Unda dunyoning turli mamlakatlaridan 200 nafar sportchi o‘zaro raqobatlashdi. Ushbu ralli tarixida ilk marotaba ishtirok etgan o‘zbekistonlik poygachi Anvar Ergashev ralli reydlar bo‘yicha katta tajribaga ega. Xususan, u fevral oyida FIA 2021 Jahon kubogi bosqichida ishtirok etib, faxrli 3-o‘rinni egallagan edi.

So‘nggi kunlargacha poygachimizning musobaqaga borish-bormasligi maʼlum emasdi, chunki unda pandemiya tufayli Marokash vizasini olishda muammolar paydo bo‘ldi. Marokashning O‘zbekistonga yaqin konsulligi Ozarbayjonda joylashganligi sababli, "O‘zbekiston milliy avtomobil klubi" jamoat birlashmasi FIA bilan yaqin aloqada bo‘lib, Ozarbayjondagi O‘zbekiston elchixonasi, Marokash rallisi tashkilotchilari, xususan,"DAKAR ralli "sport direktori Devid Kaster bilan yaqindan hamkorlik qilib, o‘zbekistonlik sportchi musobaqada ishtirok etishi uchun barcha saʼy-harakatlarni amalga oshirdi.

Sahroda poyga oson emas edi, baʼzi tezkor maxsus joylar, qumli tepaliklar toshli yo‘llarga aylanardi. Dunyoning eng katta sahrosidagi jazirama ekipajni juda charchatadi. Buning ustiga, poyga avtomobilining ruli keskin burilib, Anvarning qo‘liga jarohat yetkazgan (keyinchalik uning qo‘li singanligi maʼlum bo‘ldi) va musobaqaning ikkinchi yarmida u bir qo‘li bilan avtomobilni boshqarishga majbur bo‘ldi. Ammo, sportchimiz rallidagi ishtirokini to‘xtatmadi, u 1 450 km masofani bosib o‘tdi va T3 toifasida ancha yuqori bo‘lgan 6-o‘rinni egalladi.

Taʼkidlash joiz, eng murakkab maxsus qismlardan iborat "Marokash rallisi-2021" 5 kunlik poygasi puxta jismoniy va texnik tayyorgarlikni talab qiladi. Shu bois unda ilk urinishdayoq g‘olib bo‘lish hammaga ham nasib qilavermaydi. Ko‘plab jamoalar marra chizig‘iga ham yetib borisholmaydi, shu tufayli, poygachimizning musobaqada 6-o‘rinni egallashi ajoyib natija.

Shu o‘rinda "O‘zbekiston milliy avtomobil klubi" jamoat birlashmasi Rossiyaning "Maria Oparina Team" jamoasiga taqdim qilingan avtomobil va texnik ko‘mak uchun, "Marokash rallisi-2021"ning barcha bosqichlaridan ekipajning muvaffaqiyatli o‘tishida belaruslik shturman Andrey Rudniskiyga tajribasi va qo‘llab-quvvatlagani uchun katta minnatdorlik bildiradi.

Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, “Marokash rallisi-2021” musobaqasi poygachimiz Anvar Ergashev faoliyatida muhim bosqich bo‘ldi, shuningdek, “DAKAR-2022”da muhim debyut oldidan hal qiluvchi poyga bo‘ldi. Umid qilamizki, Marokash rallisida orttirilgan boy tajriba hamyurtimizga kelgusi musobaqalarda qo‘l keladi.

Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati