Oʻn kunlik mashgʻulotlar dasturi asosida turli jangovar qurollardan otish mashqlari, shartli aholi yashash hududida jang olib borish va harakatlarni tahlil qilish, ruhiy zoʻriqishlarni yengib oʻtish jarayonlari amalga oshirildi.
“Hanjar-2024” maxsus-taktik oʻquv mashgʻulotining asosiy bosqichiga puxta tayyorgarlik koʻrish va muvaffaqiyatli oʻtishini taʼminlash maqsadida bosqichma-bosqich birgalikdagi harakatlar amalga oshirildi. Asosiy maqsad – dushman joylashgan hududga qoʻqqisdan, hanjarning oʻtkir tigʻidek yashin tezligida yorib kirishdan iborat boʻldi.
Mudofaa vazirligining masʼul ofitserlari, Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni, Qozogʻiston harbiy delegatsiyasi rahbariyati kuzatuvi ostida oʻtgan yakuniy bosqich mashgʻulot qatnashchilari oldidagi masʼuliyatni yanada oshirdi.
Dastlab shartli dushman joylashgan binolarga minomyotchilar, merganlar, pulemyotchilar guruhlari va dronlarning hujumi tashkillashtirilgan boʻlsa, uning ortidan ishga tushgan ishgʻol guruhi uchta binoda tozalash jarayonini shiddat bilan amalga oshirdi. Harakatlar jangovar zirhli texnikalar va xizmat itlari koʻmagida amalga oshirilib, sanoqli daqiqalar ichida koʻzlangan maqsadga erishildi.
Hamkorlikdagi mazkur taktik oʻquv mashgʻulotining tantanali yopilish marosimida qardosh davlatlarning doʻstona munosabatlarini yanada mustahkamlashi borasidagi jihatlarga alohida toʻxtalib, “Hanjar-2024” maxsus-taktik oʻquv mashgʻulotlarida faollik koʻrsatgan bir guruh harbiy xizmatchilarga Oʻzbekiston va Qozogʻiston mudofaa vazirliklarining maxsus koʻkrak nishonlari topshirildi.