Qayd etilishicha, “Noqonuniy qurollangan tuzilmalarni yakson qilish boʻyicha qoʻshinlar maxsus harakati“ mavzusida oʻtkazilayotgan hamkorlikdagi xalqaro oʻquv kecha, 14-iyul kuni tantanali ochildi.
Ushbu oʻquv mashgʻulotlariga 400 ga yaqin harbiy xizmatchilardan iborat maxsus boʻlinmalar jalb qilingan boʻlib, Rossiya tomon oʻzlarining harbiy texnikalari bilan ishtirok etmoqda. Ikki davlat harbiy xizmatchilari jangovar vaziyatda boʻlinmalarni hamkorlikda boshqarish, davlat chegarasini daxlsizligini taʼminlash va shartli dushmanni yoʻq qilish kabi turli maxsus topshiriqlarni olib borishadi.
Oʻquv doirasida jangovar tayyorgarlik boʻyicha turli mashgʻulotlar, madaniy-hordiq tadbirlari hamda sport musobaqalari oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Eslatib oʻtamiz, 10 kun davom etadigan oʻquv mashgʻulotlari ikki davlat oʻrtasida imzolangan harbiy hamkorlik rejasiga muvofiq amalga oshirilmoqda.








