Shartli aviafalokat oqibatlari bartaraf etildi

    Simulyatsion favqulodda holat oqibatlarini bartaraf etish uchun 250 ga yaqin mutaxassis va idoralararo tuzilmalarning 20 ta maxsus texnikasi jalb qilindi.

    Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tumanida parvozlarning qidiruv-qutqaruv faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha idoralararo keng koʻlamli oʻquv mashgʻulotlari boʻlib oʻtdi. Mudofaa vazirligining desantchilarni tayyorlash markazida oʻtkazilgan mashgʻulotda shartli aviafalokat oqibatlari bartaraf etildi.

    Oʻquv mashgʻuloti rejasiga muvofiq, yoʻlovchi samolyoti qoʻnishga yaqinlashganda havo dispetcheri va ekipaj oʻrtasidagi aloqa uzilib qoladi. Samolyot Toshkent shahriga yetmay aviafalokatga uchraydi. Natijada yongʻin chiqadi, qurbonlar va jarohatlanganlar bor. Dispetcherlar favqulodda vaziyat haqidagi maʼlumotlarni zudlik bilan aeroportning avariya-qutqaruv xizmatiga uzatadi. Ular esa, oʻz navbatida, boshqa xizmatlarga xabar beradi. Qutqaruv amaliyoti boshlanadi.

    Simulyatsion favqulodda holat oqibatlarini bartaraf etish uchun 250 ga yaqin mutaxassis va idoralararo tuzilmalarning 20 ta maxsus texnikasi jalb qilindi. Favqulodda vaziyatlar, Mudofaa, Sogʻliqni saqlash, Ichki ishlar vazirliklari, Milliy gvardiya hamda “Uzbekistan Airports” AJ hamkorligida tashkil etilgan mashgʻulotlar doirasida qutqaruvchilar oʻz guruhlarining tayyorgarligi, yongʻinni oʻchirish jarayonida muvofiqlashtirish, odamlarni evakuatsiya qilish, jabrlanganlarni jarohatining ogʻir-yengilligiga qarab taqsimlash, birinchi tibbiy yordam koʻrsatish va jarohatlanganlarni tibbiyot muassasalariga yetkazish, shuningdek, samolyot bortidagi xavfli yukni evakuatsiya qilish boʻyicha ishladi.

    “Uzbekistan Airports” AJ aeroport hududidagi mashgʻulotlardan tashqari, yiliga bir necha bor aeroportlar tashqarisida ham bunday kompleks oʻquv tadbirlarini oʻtkazadi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad – aviafalokat sodir boʻlgan taqdirda qator vazirlik va idoralar, Toshkent aeroportining boʻlinmalari oʻrtasida oʻzaro hamkorlikda harakatlanishni taʼminlash, aviafalokat oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrish hamda xodimlarning favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligini oshirishdan iborat.

    Oʻquv mashgʻuloti jarayonida mashqlarning barcha bosqichi batafsil oʻrganildi va tahlil qilindi. Natijasi boʻyicha boʻlim va idoralar oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

    Tadbir yakunida “Toshkent” aeroporti hamda tegishli idoralarning kuch va vositalari tayyorgarligi yuqori baholanib, favqulodda holat sodir boʻlgan taqdirda tezkor choralar koʻrishga toʻliq tayyor ekani eʼtirof etildi.

    “Uzbekistan Airports” AJ matbuot xizmati