Markaziy harbiy okrugda joylashgan “Forish” togʻ poligonida Oʻzbekiston-Qozogʻiston harbiy xizmatchilari oʻrtasida hamkorlikdagi maxsus-taktik oʻquv mashgʻulotlariga start berildi.
“Hanjar-2024” nomi ostida tashkillashtirilayotgan yigʻin ishtirokchilari ikki qardosh davlat bayroqlari va madhiyasi sadolari ostida saf maydonidan shaxdam qadamlar bilan oʻtishdi.
Tantanali ochilish marosimidan soʻng Qozogʻiston harbiy delegatsiyasi rahbarlari bilan brifingda oʻquv mashgʻulot dasturi boʻyicha rejalar muhokama qilindi. Oʻn kun davom etishi koʻzda tutilgan maxsus-taktik oʻquv yigʻinida koʻplab amaliy mashqlar boʻyicha oʻzaro tajriba almashishga kelishib olindi. Xususan, “Hanjar-2024” maxsus-taktik oʻquvi davomida ikki davlat harbiy xizmatchilari turli jangovar qurollardan otish, shartli aholi yashash hududida jang olib borish va harakatlarni tahlil qilish jarayonlarini amalga oshiradi.
Doʻstona ruhda boshlangan oʻquv yigʻini davomida mehmonlar uchun milliy taomlar kuni, futbol musobaqasi hamda Samarqand shahriga sayohat tadbirlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan.