Har bir fuqaro malakali yuridik yordam olishga haqli

    Fikr 18 May 2020 3084

    O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 13 dekabrdagi PQ–4551-son “Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta'minlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorida tergovchi, prokuror va sud tomonidan davlat hisobidan advokatlarni jalb qilish mexanizmini xalqaro standartlar asosida qayta ko'rib chiqish lozimligi belgilandi.

    Xo'sh, bu borada hozirda milliy qonunchiligimizda qanday tartib o'rnatilgan, mavjud muammolar nimada, xalqaro hujjatlar talablari nimadan iborat?

    Ta'kidlash joizki, yuridik yordamga bo'lgan huquq fuqarolarning mulkiy holatidan qat'iy nazar ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasi hamda odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini ta'minlashning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi.

    Bugungi kunda mamlakatimizda davlat hisobidan yuridik yordam ko'rsatish faqatgina jinoyat ishlarida ayrim toifadagi ishlar bo'yicha Jinoyat protsessual kodeksining tegishli moddalari hamda Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 20 iyundagi “Advokatlar tomonidan ko'rsatilgan yuridik yordam uchun davlat hisobidan haq to'lash mexanizmini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida” gi 137-son qarori asosida amalga oshiriladi.

    Xususan, yuqorida qayd etilgan qonun hujjatlariga asosan quyidagi holatlarda advokatlar uchun to'lov davlat hisobidan qoplab berilishi nazarda tutilgan:

    kam ta'minlangan fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish maqsadida oilasida har bir oila a'zosiga to'g'ri keladigan yalpi oylik daromad yuridik yordam ko'rsatilganligi uchun haq to'lashdan ozod qilish to'g'risida qaror (ajrim) qabul qilingan kundagi mehnatga haq to'lashning eng kam miqdorining 52,70 foizidan ortiq bo'lmagan (bugungi kunda 358 ming so'm atrofida) shaxslar uchun;

    gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchi himoyachidan voz kechishi bilan bog'liq protsessual harakatda advokat ishtirok etishi hollarida, shuningdek JPK 52-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq jinoyat ishida himoyachining qatnashishi majburiy deb hisoblangan hollarda.

    Konstitutsiyaga asosan har bir fuqaro sud orqali himoyalanish huquqiga ega. Biroq, aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga jinoyat ishlaridan farqli ravishda fuqarolik va ma'muriy ishlar bo'yicha davlat hisobidan yuridik yordam ko'rsatishning mexanizmi va huquqiy asosi mavjud emasligi yuridik yordamga muhtoj bunday fuqarolarning undan foydalana olmasligiga, o'zi-o'zidan odil sudlovga erishish imkoniyatiga ega bo'lmaslik ehtimolining yuzaga kelishiga sabab bo'ladi.

    Ta'kidlash joizki, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchilarga davlat hisobidan advokat tayinlash jarayoniga sud-tergov organlarining aralashuvi ehtimolining mavjudligi hamda ushbu jarayonning shaffof emasligi shaxsning himoya huquqlari buzilishi va odil sudlovni amalga oshirilishiga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin.

    Binobarin, Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchiga advokatlar tomonidan yuridik yordam ko'rsatish bo'yicha xarajatlarni davlat hisobiga o'tkazish tartibi to'g'risidagi nizomga (ro'yxat raqami 1878, 2008 yil 2 dekabr`) muvofiq bugungi kunda advokatning ishda ishtirok etishi surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan O'zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining hududiy boshqarmasi tomonidan ko'rsatilgan advokatlik tuzilmasiga murojaatnoma yuborish yo'li bilan ta'minlanadi.

    SHuningdek, davlat hisobidan yuridik yordam ko'rsatish tizimini boshqarish, muvofiqlashtirish va nazorat qilish mexanizmining mavjud emasligi davlat hisobidan jalb qilingan advokatlarning faoliyati natijadorligi va sifati nazorat qilinmasligini, ushbu advokatlarda o'z majburiyatlariga nisbatan yuzaki yondashish shakllanishini hamda byudjet mablag'larining samarasiz sarflanishini keltirib chiqarmoqda.

    Buni xalqimiz tilida “cho'ntak advokat”, “dejurnыy advokat” deb nom olgan, o'z himoyasi ostidagi shaxslarning taqdiriga e'tiborsiz bo'ladigan, nomiga “dlya galochka” harakat qiladigan, tergovchi iznidan chetga chiqmaydigan qo'shtirnoq ichidagi “advokatlar” hanuzgacha uchrab turayotganligi bilan izohlashimiz mumkin.

    SHu o'rinda, “O'zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga jinoyat protsessida ishtirok etuvchi fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilishni kuchaytirishga qaratilgan o'zgartishlar va qo'shimcha kiritish to'g'risida” Qonun (O'RQ-617-son, 14.05.2020 y.) bilan kiritilgan o'zgartishlarga ko'ra, endilikda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining himoyachidan voz kechish jarayoni videoyozuv orqali qayd etilishi shartligi belgilanganligi bu jarayonda shaxsning himoya huquqlari buzilishini oldini olishga xizmat qiladigan muhim qadamlardan biri bo'ldi.

    SHu bilan birga, bugungi kunda fuqarolarga davlat hisobidan yuridik yordam ko'rsatishning amaldagi tizimi BMTning xalqaro standartlari talablarini to'liq o'zida aks ettirmaydi hamda davrning o'zi sohani tubdan takomillashtirishni taqozo etadi.

    Binobarin, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro paktda, BMTning yuristlarning roliga taalluqli asosiy printsiplarida, Inson huquqlari bo'yicha Evropa konventsiyasida ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga nafaqat jinoiy ishlar bo'yicha, balki ma'muriy, fuqarolik, oila, mehnat va ijtimoiy masalalarda davlat hisobidan yuridik yordam ko'rsatilishini ta'minlash lozimligi belgilangan.

    SHuningdek, AQSH, Isroil, Gollandiya, Buyuk Britaniya, Finlandiya, Avstraliya, Kanada, Frantsiya, Germaniya, SHvetsiya, Bolgariya, Vengriya, Pol`sha, Ruminiya, Slovakiya, CHexiya, Litva, Latviya, estoniya, Rossiya, Gruziya, Moldova, Ukraina, Rossiya va Qirg'izistonda davlat hisobidan yuridik yordam ko'rsatishni tashkil etish va boshqarish alohida markaz, byuro, kengashlar tomonidan amalga oshiriladi.

    Aksariyat davlatlarda ushbu tuzilmalar Adliya vazirligi huzurida tashkil etilgan.

    Avstriya, Avstraliya, Albaniya, Bel`giya, Buyuk Britaniya, Gollandiya, Germaniya, Daniya, Isroil, Kanada, Portugaliya, SHimoliy Irlandiya, AQSH, Finlyandiya, Frantsiya, SHvetsiya, JAR, Litva, Latviya, estoniya, Rossiya, Gruziya, Ukraina, Moldova, Qirg'iziston kabi davlatlarda esa jinoyat ishlari bilan bir qatorda fuqarolik va ma'muriy ishlar bo'yicha ham davlat hisobidan yuridik yordam ko'rsatiladi.

    Albatta, davlat hisobidan advokatlarni jalb qilish mexanizmini ilg'or xorijiy tajriba hamda xalqaro huquqiy normalarni chuqur o'rgangan holda belgilanishi fuqarolarning yuridik yordamga bo'lgan huquqlarining konstitutsiyaviy kafolatini kuchaytiradi, fuqarolik va ma'muriy ishlar bo'yicha ham davlat hisobidan yuridik yordam ko'rsatish yo'lga qo'yiladi, aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari davlat tomonidan ijtimoiy qo'llab-quvvatlanadi, davlat hisobidan yuridik yordam ko'rsatishning xalqaro standartlarga mos shaffof mexanizmi joriy etiladi.

    eldor Mahkamov,

    Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi

    boshlig'ining birinchi o'rinbosari