Joriy yilgi davlat dasturidan mamlakatimizning global hamjamiyat oldidagi majburiyatlarini bajarishda tarmoq va sohalarning uygʻun “yashil transformatsiya”sini amalga oshirish, ularning raqobatbardoshligi va resurs tejamkorligini taʼminlash, iqlim oʻzgarishiga moslashish va oqibatlarini yumshatish, shuningdek, aholining yashash sifatini yaxshilash va iqtisodiy oʻsishning yangi “yashil rivojlanish” modeliga oʻtish bilan bogʻliq vazifalar oʻrin olgan. Shu bilan birga, unda ekologik barqarorlikni taʼminlash va iqlim bilan bogʻliq muammolarni yumshatishning yangicha usuli belgilab berilgan.
Darhaqiqat, ekologik barqarorlik yoʻlida “yashil” texnologiyalarni joriy qilish, suvni tejash, yashil hududlarni keskin koʻpaytirish, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish, chiqindilar muammolarini bartaraf qilish va, asosiysi, aholi salomatligini mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilishi ayni muddao.
Davlatimiz rahbari BMTning Iqlim oʻzgarishi boʻyicha konferensiyasidagi nutqida jahonda yuz berayotgan iqlim oʻzgarishlari asosiy global xavf-xatarga aylanib, geosiyosiy keskinlik kuchayishiga bevosita taʼsir qilayotgani, ayniqsa, kambagʻallikni qisqartirish, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi, suv va resurslardan foydalanish muammolari keskinlashayotgani, iqlim muammolari, aholi hayot tarzini yaxshilash va milliy rivojlanish strategiyalarini amalga oshirishda yangi toʻsiqlarga uchrayotganini taʼkidlagandi. Shu bilan birga, Oʻzbekiston global iqlim oʻzgarishlari oqibatlarini birgalikda yengib oʻtishga amaliy hissa qoʻshish va kengaytirish maqsadida bir qancha dolzarb masalalar yechimiga oid tavsiyalar ham bergandi.
2025-yilga “Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot” yili», deb nom berilgani bejiz emas. Bu qaror yurtimizning barqaror taraqqiyoti, yuzaga kelgan ekologik muammolarni hal qilish orqali iqtisodiy oʻsishni taʼminlashga qaratilgan bir necha omillarga asoslangani bilan muhimdir. Xususan, ekologik jihatdan atrof-muhitga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan holatlar koʻpaymoqda. Shu bois, atrof-muhit masalasini asosiy kun tartibiga olib chiqish ayni muammolarning bartaraf qilish imkoniyatini yaratib, jamoatchilikda tabiatga boʻlgan xayrixohlikni kuchaytiradi.
Binobarin, “yashil iqtisodiyot” – resurslardan samarali foydalanish, energiya manbalarini yangilash, chiqindini kamaytirish va tabiiy boyliklarni saqlab qolish asosiga qurilgan iqtisodiy model. 2025-yilda mazkur yoʻnalish mamlakatimiz iqtisodiy barqarorligini taʼminlashda alohida ahamiyat kasb etmoqda.
“Yashil iqtisodiyot”ga oʻtishda innovatsiyalarni qoʻllash juda muhim. Shu nuqtayi nazardan, joriy yilda ilm-fan va texnologiyani rivojlantirish yanada ustuvor vazifaga aylanib, yangi energiya manbalarini yaratish, mavjud resurslarni yangicha uslubda ishlatishni ragʻbatlantirish izchil yoʻlga qoʻyilmoqda.
Atrof-muhitni asrashda har bir fuqaroning masʼuliyatli oʻrni bor. 2025-yilda jamoatchilik faolligini oshirish maqsadida turli tadbirlar oʻtkazish, ekologik tadbirkorlikni ragʻbatlantirish, atrof-muhit haqida xabardorlikni oshirish, yosh avlodga ekologik tarbiya berish diqqat markaziga olib chiqilishi ayni muddao.
Mamlakatimizdagi islohotlarni, tashabbusli harakatlarni oliy taʼlim tizimida ham joriy etish maqsadida Qoraqalpoq davlat universitetida alohida chora-tadbirlar belgilanib, keng koʻlamli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, universitetning bosh oʻquv binosidagi 702 kvadrat metr maydonga quvvati 100 kilovatt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasi, shuningdek, universitet talabalar turar joylariga 3200 litrli quyosh suv isitish kollektorlari oʻrnatilib, ishga tushirildi.
Prezidentimizning 2023-yil 16-fevraldagi “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida mutasaddi vazirlik tomonidan tasdiqlangan rejaga muvofiq, universitetning 20 ta binosidagi 9533,66 kvadrat metr maydonga quvvati 880 kilovatt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyalari oʻrnatilib, hozirgi kunda samarali ishlatilmoqda.
Shuningdek, rejadan tashqari ravishda universitetning yana 3 ta binosiga quvvati 110 kilovatt boʻlgan shunday stansiyalar oʻrnatildi va “Yashil energiya” elektron platformasiga kiritildi.
Universitetga oʻrnatilgan quyosh panellarini tizimga ulash boʻyicha hududiy elektr tarmoqlari korxonalari bilan belgilangan tartibda shartnomalar rasmiylashtirildi va 2024-yil boshidan bugungi kunga qadar sezilarli miqdorda elektr energiyasi tejaldi. Qilingan ishlar samarasi oʻlaroq, shu kungacha universitetda jami 1090 kilovattga teng quyosh panellari oʻrnatilgan.
Muqobil energiya manbalari boʻyicha oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlash masalasiga ham ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. 2025-2026 oʻquv yilidan boshlab “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha kadrlar tayyorlash rejalashtirilyapti. Mazkur taʼlim yoʻnalishi va mavjud energetika muhandisligi oʻquv rejalari va dasturlarini Yevropaning ilgʻor oliy taʼlim muassasalari dasturlari bilan transformatsiya qilish jarayonlari ham boshlab yuborilgan. Jumaladan, universitetimizda Yevropa Ittifoqi granti asosida moliyalashtiriladigan “DEBSE-Uz” loyihasi amalga oshirilmoqda va unda professor-oʻqituvchilarimiz faol ishtirok etmoqda. Loyiha doirasida “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari” taʼlim yoʻnalishi oʻquv rejalari va fan dasturlari dunyoning ilgʻor texnologiyalariga mutanosib ravishda ishlab chiqiladi, universitet shu yoʻnalishdagi zamonaviy laboratoriya bilan taʼminlanadi. Kelajakda ushbu laboratoriya negizida mintaqadagi energetik mutaxassislarni qayta tiklanuvchi energiya manbalari boʻyicha qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazini ochish rejalashtirilgan.
Joriy yilgi davlat dasturida respublika energobalansida qayta tiklanuvchi energiya ulushini oshirish, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida yirik “yashil” energiya stansiyalari barpo etish, hududlarda mikroGESlar tarmogʻini kengaytirish, aholi xonadonlarida quyosh panellari oʻrnatishni ragʻbatlantirish masalasiga ham alohida ustuvorlik berilgan. Ushbu vazifalarga ilmiy jamoatchilikning diqqatini koʻproq jalb etish va olimlar salohiyatidan keng foydalanish ayni muddao.
Mintaqamizdagi juda koʻp ishlab chiqarish va sanoat korxonalarida yuqori bosimda ishlaydigan agregatlar va nasos stansiyalari mavjud, ulardagi quvurlar bosimidan mexanik harakat oluvchi generatorlardan iborat minielektrostansiyalar barpo etish mumkin. Universitetimiz olimlari tomonidan kam xarajat talab etuvchi asinxron generatorlar boʻyicha tadqiqotlar bajarildi va ular katta hajmdagi energiya isʼtemol qiladigan korxonalarga oʻz ishlanmalarini taklif qilmoqda. Kelajakda bu yoʻnalishdagi harakatlar ijobiy samarasini berishiga ishonch bor.
Davlat dasturidan oʻrin olgan ustuvor masalalardan yana biri mahallalarning ekologik qiyofasini yaxshilash, koʻchalarda yashillik darajasini oshirish, ekologik jihatdan qulay va farovon yashash muhitini shakllantirishdir. Mantiqan yondashilsa, yurtimizda mazkur vazifalarni amalga oshirish uchun uch-toʻrt yil oldin mustahkam zamin yaratish boshlangan. Shulardan biri “Yashil makon” umummilliy harakati boʻlib, bunda har bir fuqaro ishtirok etmoqda. Natijada jamiyatimizda ekologik barqarorlik tushunchasi va ekomadaniyatning faol takomillashuvi yuz beryaptiki, odamlarda atrof-muhitga munosabatda ijobiy oʻzgarishlar kuzatilmoqda. Universitetimiz jamoasi, ayniqsa, talaba-yoshlarimizning shunday ekologik tadbirlardagi faol ishtiroki va tashabbuslari, joylashgan hududimizning tobora yashil qiyofaga kirib borayotgani fikrimizga dalil boʻla oladi.
Joriy yilgi davlat dasturidan oʻrin olgan yana bir eʼtiborli jihat aholi salomatligini yaxshilash, ekologik turmush tarzini shakllantirish va inson salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun shart-sharoitlar yaratishga ustuvorlik berilganidir. Universitetda tahsil olayotgan talaba-yoshlarning jismonan sogʻlom, maʼnaviy barkamol, oʻzlari tanlagan kasbning yetuk mutaxassisi boʻlishi uchun shunga loyiq infratuzilmaga ham ega boʻlish zarur. Shu oʻrinda talabalarni zamonaviy sharoitlarga ega boʻlgan turar joylar bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Keyingi 3-yilda universitetda talabalar turar joylari soni ikki barobar qoʻpayib, 10 taga, undagi oʻrinlar soni esa 1,5 barobar oshib, qariyb 3 mingtaga yetkazildi. Joriy yil boshida yana bir zamonaviy talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi. Unda bir vaqtning oʻzida 400 talabani joylashtirish imkoniyati boʻlib, barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Bu yerdagi oʻquv, maʼnaviyat, kompyuter va dam olish xonalari, kutubxonalar zamonaviy jihozlangan. Har bir qavatda sanitariya-gigiyena talablariga javob beradigan yuvinish xonalari, oshxonalar mavjud boʻlib, ular talabalarning kundalik ehtiyojlarini toʻliq qanoatlantira oladi.
2025-yilda Qoraqalpoq davlat universitetida davlat-xususiy sheriklik asosida yana 400 oʻringa moʻljallangan talabalar turar joyini foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Natijada talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasi 50 foizgacha oshadi.
Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida nafaqat ekologik vazifalar hal qilinadi, balki iqtisodiy barqarorlik sari yanada ildam qadamlar tashlanadi. Zero, yil davomida atrof-muhit muhofazasi yoʻlida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar zamirida kelgusi avlodlar uchun munosib shart-sharoit yaratishdek ezgu maqsad oʻz ifodasini topgan.
Ahmed REYMOV,
akademik
Hamkorlik materiali