Albatta, bu kabi oʻzgarishlar, zamonning ilgʻor yutuqlari bilan hamohang yashash, odamlar ongi shuuridagi yangilanishlar mamlakatimizda ham oʻz aksini topmoqda. Ayniqsa, keyingi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar barcha sohani qamrab oldi va yangi bosqichga koʻtarildi. Taʼlim, tibbiyot, ishlab chiqarish, xizmatlar sohasida amalga oshirilayotgan ishlar mamlakat qonunchiligi, xususan, Bosh qonunimizni ham oʻzgartirish va qoʻshimchalar bilan toʻldirish ehtiyojini yuzaga keltirdi. Jarayonda faqat qonunchilik bilan shugʻullanuvchi shaxslargina emas, balki jamiyatning har bir aʼzosi faol ishtirok etayotgani yanada quvonarli. Bu esa fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyati yuksalganidan dalolat.

Oliy taʼlim sohasini oladigan boʻlsak, 2016-yilda mamlakatimizda 70 ga yaqin oliy taʼlim muassasasi faoliyat yuritgan boʻlsa, bugun ularning soni 165 taga yetdi. Oʻsha yillarda oliy taʼlimda tahsil olayotgan talabalar soni 200 ming atrofida boʻlsa, hozir 500 mingdan oshdi. Tizimning moddiy taʼminoti, oʻqish va oʻqitish shakllariga yangicha yondashuv, sohadagi oliy taʼlim muassasalariga bosqichma-bosqich moliyaviy mustaqillik berilishi, xalqaro reytinglarda oʻz oʻrniga ega boʻlish kabi talablar bir qancha huquqiy hujjatlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishni talab qiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasiga qoʻyilgan dastlabki kunlardayoq aholi va fuqarolardan oltmish mingdan ziyod taklif va mulohozalar kelib tushgan. Bugun ushbu takliflarning aksariyati yangi Konstitutsiyada oʻz aksini topishi kutilyapti.

Jumladan, Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Botir Mardayev ishtirokidagi uchrashuv “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi targʻibotiga bagʻishlandi. Uchrashuvda notiq Konstitutsiyamiz moddalariga kiritilayotgan oʻzgartirishlarning mazmun-mohiyati haqida soʻz yuritdi.

Taʼkidlandiki, qonun loyihasida iqtidorli yoshlarning moddiy ahvolidan qatʼi nazar, taʼlim olishni davom ettirishini kafolatlash, taʼlim muassasalari va tashkilotlarining xususiy va boshqa shakllarini rivojlantirish uchun davlatning teng sharoit yaratishi bilan bogʻliq normalar oʻz ifodasini topyapti. Qolaversa, Bosh qonunimizda har bir fuqaro maktabgacha va maktab taʼlimi tizimida bepul taʼlim olish huquqiga ega ekanligi toʻgʻrisidagi modda oʻzgarishsiz qoldirilyapti.

Keyingi yillarda oliy taʼlim tizimida qabul qilingan oʻnlab farmon va qarorlar asosida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilib, professor-oʻqituvchilar va talabalar mavsumiy mehnat va jamoat ishlaridan butunlay ozod etildi. Soha hodimlarining ish haqi bir necha marta oshirildi, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari kuchaytirildi. Bu esa, oʻz navbatida, taʼlim sifati va natijadorligiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi. Bulardan tashqari, shu kungacha bitiruvchilarni oliy taʼlim bilan qamrab olish 9 foizdan 35 foizgacha oshirildi.

Ayniqsa, xotin-qizlarning taʼlim olishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oliy taʼlim tizimining bakalavriyat yoʻnalishida shartnoma asosida tahsil olayotgan talaba-qizlarga 7 yillik imtiyozli kreditlar joriy qilindi. 2022-2023 oʻquv yilidan boshlab magistratura yoʻnalishida tahsil olayotgan talaba ayol-qizlarning 100 foiz shartnoma puli davlat tomonidan toʻlab berilmoqda. Bu kabi oʻzgarishlar, shubhasiz, Bosh qonunimizning oliy taʼlim tizimiga oid moddalariga bir qator oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishiga asos boʻladi.

Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish instituti alohida oliygoh maqomiga erishganiga hali bir yil toʻlmadi. Shu kunlarda institut mutasaddilari, professor-oʻqituvchilar va talabalarimiz olis, chekka qishloqlar, togʻoldi hududlar, mahallalarda boʻlib, Konstitutsiyaviy oʻzgarish va qoʻshimchalar kiritish borasidagi targʻibot ishlarini olib borishda faol qatnashmoqda. Ular taklif berish barobarida qonun loyihasi mazmun-mohiyatini fuqarolarga oddiy va sodda tilda tushuntirishga harakat qilmoqda. Talabalarimiz tomonidan oʻzlari yashab turgan mahallalarda, ishlab chiqarish korxonalarida oʻtkazilgan tadbirlar institutning rasmiy telegram kanalida yoritib borilyapti.

Zero, ushbu hujjat orqali har bir yurtdoshimiz oʻzi, oilasi, mahallasi, umuman, davlat va jamiyatni yillar davomida bezovta qilib kelgan muammolar yechimini koʻrmoqda. Shu jihatdan aytish mumkinki, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi yurtimiz kelajagi, vatanimiz taqdiri va kelgusi taraqqiyotimiz uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Bu oʻz navbatida, fuqarolarimiz tomonidan bildirilgan har bir taklif va tashabbus Bosh qomusimizning yanada pishiq, puxta, tom maʼnoda xalqimiz xohish-irodasini ifoda etuvchi Konstitutsiya boʻlishiga xizmat qiladi.

Abdugʻaffor JOʻRAYEV,

Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish instituti rektori

vazifasini bajaruvchi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor