Biz uchun eʼtiborli jihati, mamlakatimiz sportchilarining munosib ishtirok etishi uchun davlatimiz tomonidan zarur sharoitlar yaratilgani boʻldi. Bunda, hatto oziq-ovqat masalasi ham nazardan chetda qolmadi. Shu yurtning farzandi sifatida sportchilarimizga koʻrsatilgan eʼtibor va mehrdan quvondik. Ming shukrki, chinakam jonkuyarlik bilan yaratilgan sharoitlar oʻz samarasini berdi. Buni sportchilarimiz erishgan natijalarida ham koʻrish mumkin.
Mamlakatimiz delegatsiyasining shu paytgacha eng yaxshi natijasi “Rio — 2016”da boʻlib, unda 4 oltin, 2 kumush, 7 bronza medal qoʻlga kiritilgan. “Parij — 2024”da tarixiy natija qayd etilib, Oʻzbekiston 206 ta mamlakat orasida 13 medal bilan 13-oʻrinni egalladi.
Parijda 8 oltin, 2 kumush, 3 bronza medalni qoʻlga kiritgan Oʻzbekiston MDH, Markaziy Osiyo, turkiy va musulmon davlatlari orasida eng yaxshi natijani qayd etdi. Bu tarixiy natija davlatimiz mustaqilligining 33-yilligi arafasida qoʻlga kiritilgani yanada quvonchli.
Birinchidan, shuni aytish zarurki, yuksak yutuqlarga erishgan sportchilarni, chempionlarni mukofotlash orqali yosh avlodning sportga boʻlgan ishtiyoqi va qiziqishi keskin ortadi. Mamlakatda sogʻlom turmush tarziga rioya qiluvchilar safi kengayadi. Buning qiymatini milliardlab dollar bilan ham oʻlchab boʻlmaydi.
Fransiyalik ziyoli va Xalqaro olimpiya qoʻmitasi (XOQ) asoschisi Pyer de Kuberten uyushgan sport maʼnaviy va ijtimoiy kuch yaratadi, deb hisoblab, irqi, millati va daromadidan qatʼi nazar, butun dunyo boʻylab yoshlarning taʼlim va sport bilan shugʻullanish imkoniyatini kengaytirishni targʻib etgan.
Bugungi kunda ham Pyer de Kuberten gʻoyalari oʻz ahamiyatini yoʻqotgani yoʻq. 2015-yilda BMT Bosh Assambleyasi sportning tinchlik va taraqqiyotga qoʻshayotgan hissasini eʼtirof etib, sport bagʻrikenglik va hurmatni ragʻbatlantirishini eʼlon qildi.
2016-yilda Rio-de-Janeyroda boʻlib oʻtgan Olimpiya oʻyinlarida sportdan oʻquv quroli sifatida foydalanish, butun Braziliya maktablarida taklif qilinadigan sport turlarini koʻpaytirishga qaratilgan “Transforma” taʼlim dasturi ishga tushirildi. Tadqiqotlar 28 mingdan ortiq Braziliya maktablari ushbu dasturda ishtirok etayotgani va mamlakatda sport bilan shugʻullanish miqdori va sifati ortganini koʻrsatgan.
Ikkinchidan, sportchilarga koʻrsatilayotgan eʼtibor yoshlar oʻrtasida oʻziga ishonch ruhini oshirishga, ularni barkamol inson sifatida hayotga tayyorlashga xizmat qiladi. Yoshlar chempionlarga havas qilib, ulardek boʻlishga intiladi. Yigit-qizlarda hayotga nisbatan qarash oʻzgaradi, aniq maqsad sari intilish xarakteri shakllanadi. Yurtimizdan kelajakda yanada koʻplab chempionlar yetishib chiqadi. Bunday maqsad, sogʻlom turmush ishtiyoqi uchun har qancha ragʻbat koʻrsatilsa arziydi.
Havas deganimizga, shu kunlarda qiz farzandli boʻlgan koʻplab yurtdoshlarimiz qizaloqlariga Diyora, deb ism berayotgan ekan. Bu Olimpiada chempionimiz Diyora Keldiyorova misolida sportchilarimizga koʻrsatilayotgan eʼtibor mahsulidir.
Maʼlumotlarga koʻra, Diyora Keldiyorova 28-iyul kuni Toshkent vaqti bilan soat 21:46 da gʻalaba qozongan. 29-iyul – 12-avgust oraligʻida mamlakatimizda 20 ming 861 nafar qiz chaqaloq dunyoga kelgan boʻlsa, ularning 466 nafariga Diyora ismi qoʻyilgan.
Uchinchidan, XOQ maʼlumotiga qaraganda, “Tokio — 2020” oʻyinlarini butun dunyo boʻylab 3 milliard kishi, Yaponiyada esa mamlakat aholisining 91 foizi (taxminan 116 million kishi) tomosha qilgan. Avstraliyada bu koʻrsatkich 20 millionni tashkil etgan. Bu yashil qitʼa televideniyesi tarixidagi rekord koʻrsatkichdir.
Yana bir gap. XOQning ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlari taxminan 110 million obunachiga ega va oylik oʻzaro aloqalar soni 640 millionni tashkil etadi, bu 2020-yilga nisbatan 966 foiz koʻp.
Parijdagi Olimpiadaning rasmiy ijtimoiy media kanallari oʻyinlarning birinchi haftasida 8,5 milliarddan ortiq tomoshabinni yigʻdi. Bu “Tokio — 2020”dagidan 40 foiz koʻpdir.
Eng muhim voqea, har bir OAV va ijtimoiy tarmoqda Olimpiya oʻyinlarining namoyish etilishi va vatanimiz sportchilarining zafarli yurishlari, yurtimiz bayrogʻi baland koʻtarilib, chempionlarimiz sharafiga madhiyamiz yangrashi butun dunyo eʼtiborini Oʻzbekistonga qaratdi.
Oʻz navbatida, bu mamlakatimizni kashf etishga boʻlgan qiziqishning ortishiga xizmat qiladi. Ayniqsa, raqib sportchilar vatandoshlari va davlatlari eʼtiborini qozonamiz. Munosib eʼtiborga javoban qoʻlga kiritilayotgan yuksak natijalar kelgusida xalqaro tadbirlar va sport musobaqalarida mamlakatimizga alohida diqqat qaratilishi va vakillarimiz bilan oʻylab muomala qilinishiga zamin yaratadi.
Toʻrtinchidan, kurrai zamin eʼtibori bizga qaragach, shu yurtni bir bor ziyorat qilishga qiziqish ortadi. Turizm rivojiga hissa boʻladi.
Dunyoga mashhur telekanallarda bir soniyalik lavhaning narxi qanchalar qimmat turishini koʻpchilik yaxshi biladi. Chempionlarimiz esa Oʻzbekiston nomini takror va takror yangrashini tekinga uddalashdi. Masalan, Diyoraning gʻalabasiga oid roliklar 10 million martadan oshiq koʻrilgan. Har bir lavha mamlakatimiz nomini yanada mashhur qiladi.
Shu maʼnoda, turizmga foyda keltirishi haqidagi gap shunchaki oldi-qochdi emas. Masalan, ayrim vatandoshlarimizning Yevropa mamlakatlariga sayohat qilgan chogʻi dunyoga mashhur futbol klublari maydonlarini koʻrishga oshiqishi, u yerdan olingan foto va videolavhani oʻzlarining ijtimoiy tarmoq sahifalarida katta zavq bilan eʼlon qilishini koʻp kuzatganmiz. Hatto ularga havasimiz ham kelgan.
Shunday ekan, Oʻzbekistonda sport turlarining rivojlanishi turizm salohiyatimiz oshishiga ham foyda beradi. Bunga ishonchim komil. Dunyoning turli oʻlkalaridan oʻzbek sport maktablarini koʻrishga, chempionlarimiz maktablariga tashrif buyurib, ular bilan rasmga tushish istagida boʻlgan koʻplab sport ixlosmandlari kela boshlaydi. Yaʼni mamlakatimizda sport turizmi rivoj topadi.
Beshinchidan, ijtimoiy tarmoqlarda chempionlarga berilgan mukofot puliga maktab qursa boʻlardi, degan fikrlarga toʻxtalsak. Toʻgʻri, juda asosli gap. Lekin maktab faqat moddiy tushunchami?
Esingizda boʻlsa, Oʻzbekiston delegatsiyasi 1996-yilda Atlantada oʻtkazilgan Olimpiadada oʻz ishtirokini boshlagan, oʻshanda 1 kumush va 1 bronza medal bilan kifoyalangan.
2000-yilda Sidneyda boʻlib oʻtgan Olimpiadada bokschimiz Muhammadqodir Abdullayev Oʻzbekistonga tarixiy ilk oltin medalni taqdim etgan. Bu ulkan muvaffaqiyat mamlakatimizda yoshlar oʻrtasida boksga qiziqishning keskin ortishiga, sport bilan shugʻullanuvchilar safi kengayishiga turtki berdi. Muhammadqodir chinakam oʻzbek qahramoniga, yoshlarimizning idealiga aylandi. Har bir bolaning qalbida unga oʻxshagan yigit boʻlib ulgʻayish orzusi paydo boʻldi.
Yoki Nigina Abduraimova, Iroda Toʻlaganova, Sabina Sharipova va Oqgul Omonmurodova kabi tennischi qizlarimiz sabab yurtimizda tennis bilan shugʻullanish ommalashgani ham kechagidek yodimizda.
Rustam Qosimjonov muvaffaqiyati qanchadan-qancha shaxmatchi chempionlarimiz yetishib chiqishiga turtki boʻlganini koʻrib turibmiz.
Ikki karra Olimpiada chempionimiz Bahodir Jalolov va boshqa bokschilarimiz oʻz maktablari faoliyatini yoʻlga qoʻygani esa kelajakda Muhammadqodir, Bahodir va Hasanboydek koʻp lab bokschilar, Diyoradek kurashchi qizlarimiz yetishib chiqishiga, yosh avlodning mard, jasur va oriyatli boʻlib ulgʻayishiga xizmat qiladi.
Oltinchidan, yurtimizda fan va taʼlimga ham katta eʼtibor berilayotganini taʼkidlash oʻrinli. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining barcha institutlari toʻliq tiklanib, ularning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur sharoitlar yaratildi. Moddiy-texnik bazasi takomillashtirildi. Toʻxtab qolgan akademiklik saylovlari tiklandi.
Shuningdek, mamlakatimizda fan olimpiadalari sovrindorlarini oliy taʼlim muassasalariga qabul qilishda imtiyozlar yaratilgan. Xalqaro fan olimpiadalari sovrindori boʻlgan yoshlarimiz moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Shu oʻrinda bir narsaga eʼtibor qaratishimiz joiz boʻladi. Dunyoning rivojlangan mamlakatlari tajribasiga nazar tashlaydigan boʻlsak, birgina futbol boʻyicha top chempionatlarda futbolchilar qanchalik katta maosh oladi? Yoki professional boks boʻyicha boʻlib oʻtadigan yirik janglarga qancha gonorar tikiladi? Bularning bari sportchining oʻz sogʻligʻi va hayotini garovga qoʻyib maydonga tushishi bois. Xatarning jiddiy va kattaligi, oʻz navbatida, kurashga tikiladigan haqning ham salmogʻiga taʼsir koʻrsatadi.
Eng yorqin futbolchilar faoliyati ham sanoqli yillarni tashkil etishini inobatga olsak, sportchining faoliyat bozoridagi barqarorlik vaqti uzoq emasligini anglash oson.
Har bir jangga kirishayotgan sportchi katta bosim ostida boʻladi. Magʻlubiyatlar qattiq ruhiy charchoqni yuzaga keltiradi, oʻziga boʻlgan ishonchning pasayishiga olib keladi. Ham ruhan, ham jismonan bardam sportchigina magʻlubiyat va qiyinchiliklarni yengib oʻta oladi.
Murabbiylik esa undan-da mashaqqatli. Buni Parij Olimpiadasida boks boʻyicha jamoamiz murabbiyi Toʻlqin Qilichev bilan yuz bergan holat misolida ham koʻrdik.
Va nihoyat, sport — tinchlik elchisi. Parij Olimpiadasi ham qoʻlga kiritilgan medallardan tashqari, bahosi hech bir moddiy boylik bilan oʻlchanmaydigan yaxshiliklarni taqdim etdi. Ezgulik, doʻstlik tuygʻulari keng yoyilishiga xizmat qildi.
Ayniqsa, oʻzbekistonlik murabbiyning qirgʻiz bokschiga sekundantlik qilgani, oʻzbek, qozoq va qirgʻiz sportchilarining oʻzaro yaqin munosabatlaridan lavhalar va bu voqealarga bildirilgan fikrlar xalqlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro doʻstlik rishtalarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qildi. Qirgʻizistonlik siyosiy tahlilchi Sulton Kanazarovning “Oʻzbekiston gʻalabalari butun mintaqanikidir” nomli munosabati keng jamoatchilik eʼtiborini tortib, ijtimoiy tarmoqlar ahilligimiz abadiy boʻlsin, degan istaklarga toʻldi.
Musobaqa yakuniga qadar oʻzbek, qozoq, qirgʻiz, tojik, turkman, xususan, turkiy xalqlar — barcha bir-birini qoʻllab-quvvatladi. Markaziy Osiyo xalqlarini yanada birlashtirgan, birdamligini mustahkamlagan Parij Olimpiadasi chinakam doʻstlik elchisi vazifasini bajardi. Bu ulugʻ neʼmat, bu natija har qanday yutuqdan ham qimmatli va azizdir. Biz oʻzaro doʻstlikni, qalban yaqinlikni his etdik. Bunga moddiy boylik orqali erishib boʻlarmidi?
Xalqaro olimpiadalar tarixiga nazar tashlasak, mamlakatimiz sportchilari erishgan natijalar bilan, hattoki, kuchli yigirmatalikka ham kirmagan ekanmiz. Ularda ishtirok etish boʻyicha eng yaxshi koʻrsatkich 1996-yili 71 sportchini tashkil etgan. Bu yilgi Olimpiadada mamlakatimiz sharafini 86 sportchimiz himoya qildi. Bu esa, Olimpiadaga yoʻllanma beruvchi xalqaro musobaqalarda raqobatbardoshligimiz ortib, salohiyatli sportchilarimiz safi kengayib borayotganidan dalolat.
Davlatimiz rahbarining medalni qoʻlga kiritgan har bir sportchimiz bilan telefon orqali bogʻlanib, tabriklab borishi barcha yurtdoshlarimizga gʻurur bagʻishlashi barobarida sportchilarimiz uchun ulkan madad va ishtiyoq baxsh etdi. Bor mehr va ishonchi bilan muxlislik qilayotgan xalqi, Prezidentini xursand qilish, koʻrsatilgan gʻamxoʻrlik va bildirilgan ishonchni oqlash uchun yanada faol boʻlishga ilhomlantirdi.
Oʻzimizga bir savol beraylik, ne-ne nomdor davlatlar sportchilari bir dona boʻlsa ham oltin medal olish ishqida yondi, lekin nasib etmadi. Ular ana shu birgina oltin medal uchun biz sakkiz chempionimizga toʻlangan pulni berishga tayyor edi.
Aslida, Olimpiada shunchaki bir musobaqa emas, u mamlakatlar uchun har toʻrt yilda bir oʻtkaziladigan imtihondir. Bu uchun har bir davlat yillar davomida tayyorgarlik koʻradi, sport uchun moddiy resurs tikadi. Qilingan mehnat va harakatlar natijasi koʻngildagidek boʻlishi uchun hosilni yigʻish pallasi, yaʼni musobaqa jarayonida oʻz ishtirokchilarini qoʻllab-quvvatlashga urinadi. Ming shukrki, yurtimizda soʻnggi yillarda sportga koʻrsatilayotgan eʼtibor Parij Olimpiadasida oʻz samarasini berdi.
Chempionlarimiz sabab sportga boʻlgan ishtiyoqning ortishi kelasi musobaqalarda Oʻzbekiston nomi yanada koʻproq dovruq yoyishiga xizmat qilajak.
Bugun yuksak natijalari bilan Oʻzbekiston bayrogʻi baland koʻtarilishi va mamlakatimiz madhiyasi yangrashiga sabab boʻlgan chempionlarimizga, shu sport musobaqasida vatanimiz sharafini himoya qilish uchun astoydil kurashgan barcha sportchilarimizga minnatdorlik bildirsak arziydi.
Xullas, dunyoning eng nomdor jamoalari orasida munosib natijalarni qayd etgan sportchilarimiz sizu bizning yaqinlarimiz, Oʻzbekiston, degan yagona, ahil oilaning aʼzolari. Bizga bir-birimizning yutuqlarimizdan quvonish va qutlash, qaygʻu va mushkullarda yelkadosh boʻlish yarashadi. Chempionlarimiz sabab bugun yurtimizda bayram bor ekan, uni ahillik va yuqori kayfiyatda oʻtkazamiz.
Donolar aytadiki, hasad qilish — odatda omadsizlar ishi. Ichki muhitni buzishga, inoqlik oʻrniga nifoq solishga qaratilgan, gʻayir va hasadga yetaklaydigan gʻoyalarga aldanmang. Hamisha havas bilan, aniq va ulkan maqsadlar bilan, yaxshi kunlarda bir-birimizni qutlab yurish baxtidan bahra olib yashaylik. Tinchligimizga, ahilligimizga koʻz tegmasin. Gʻalabalarimiz bardavom boʻlsin.
Abdumutallib OʻKTAMOV,
jurnalist
(Maqola “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 16.08.2024 y, 164-sonida chop etilgan)