Ushbu kitob haqida hamkasblarimdan iliq gaplar eshitgandim. Undan oʻrin olgan hikoya va lavhalarni ustozning telegram kanalida oʻqib borayotgandim, endi kitobdan oʻqish imkoniyati tugʻilgani uchun xursand boʻldim.

Bayram kunlari kitobni oʻqib chiqdim. Bundan oldin, aniqrogʻi 2022-yilning oktyabr oyida Mamatqul aka ellik yilik qadrdon doʻstlari Erkin Aʼzam va Usmon Azim bilan Samarqandga ijodiy uchrashuvga kelganda dastxat yozib bergan “Gladiolius” va Ozarbayjon xalq yozuvchisi Anarning asarlari tarjima qilingan “Albatta uchrashamiz” kitoblarini oʻqib, ulardan uygʻongan hayrat va hayajon bilan yurganimda bu kitob ustozning ijodi haqidagi taassurlarimni yana ham boyitdi.

Darvoqe, Mamatqul akaning ushbu kitoblari, shuningdek, “Ikki sohil” ham u kishi 75 yoshga toʻlgan yilda nashr etildi.

Umuman olganda, 2022-yil ustoz uchun sermahsul boʻldi. Ammo, yil boshida yarim asrdan ortiq birga yashab, hayotning koʻp past-balandini koʻrgan, sinov va mashaqqatlarni bir-birlariga boʻlgan cheksiz mehr-muhabbatlari bilan yengib oʻtgan (bular ham ushbu kitoblarda hikoya qilingan) umr yoʻldoshining vafoti ustozga qattiq taʼsir qildi.

Yaxshiyam, shunday paytlarda ustozga farzandu nabiralarining, atrofidagi yaqinlari va doʻstlarining eʼtibori, mehri dalda boʻldi. Qolaversa, u kishining kitobga mehr qoʻygani, oʻzi taʼkidlaganidek, boʻsh vaqt boʻldi, deguncha kitob mutolaa qilishi ham ogʻir damlarda qoʻl keldi.

Bu oʻrinda men ustozning ijodkor doʻstlari, safdoshlarini alohida taʼkidlashni istardim. Yil davomida ijodiy uyushmalar, tashkilotlar tomonidan qayerda, qanday uchrashuv va suhbat oʻtkazilmasin, albatta, Mamatqul akani taklif qilib, birga borganlarini koʻrdik, dilkash davralariga guvoh boʻldik.

Uzoqqa bormaylik, yuqorida qayd etganim – oʻtgan yil oktyabr oyida Samarqandda bugungi oʻzbek adabiyotida oʻz oʻrniga, oʻz soʻziga ega ijodkorlar Erkin Aʼzam va Usmon Azim ishtirokida oʻtkazilgan uchrashuvlar ham aslida Mamatqul Hazratqulovning jomboylik ijodkor yoshlar bilan uchrashuvda bergan vaʼdasi boʻyicha tashkil etilgandi. Ular vaqtini qizgʻanib yoki boshqa bahona bilan shu uchrashuvlarga kelmasligi ham mumkin edi. Ammo doʻstlarining – Mamatqul akaning yosh ijodkorlarga bergan vaʼdasi ustidan chiqishi uchun vaqt topishdi, bir emas, bir nechta uchrashuvlar oʻtkazishdi. Va eʼtiborlisi aynan Erkin Aʼzam va Usmon Azim, garchi Mamatqul aka eʼtiroz bildirgan boʻlsa-da, bu tadbirlar bahona safdosh doʻstlari bu yil 75 yoshga toʻlganini alohida qayta-qayta taʼkidlab, uning ijodi va yuksak insoniy fazilatlari haqida toʻlib-toshib gapirishdi, ijodiy uchrashuvlar nishabini shu tomonga ham burishdi.

Mana buni qadrdonlarning chinakam odamiyligi desa boʻladi!

Bir yilda toʻrt kitobning nashr etilishida ham shu doʻstlarning daldasi, qoʻllab-quvvatlashi katta turtki boʻlganini oʻsha uchrashuvlarda ustoz alohida taʼkidlagandi.

Men bu kitoblarga kiritilgan hikoya va qissalar, esselardagi ayrim epizodlarni u kishining suhbatlarida, xotiralari haqida soʻzlab berganida eshitganman. Shuning uchun mutolaa chogʻida goʻyoki bu kitoblarni oʻqimadim, ularning har birini ustozning oʻzidan eshitgandek boʻldim.

“Bir tilim qovun yoxud oltmish yillik komandirovka”, “Chiroq oʻchmagan kecha” qissalari, deyarli barcha hikoyalarda Urgutni, ustoz tugʻilib oʻsgan togʻ etagidagi Mingbuloq qishlogʻini, Taxtiqoracha dovonini va bu maskanning bagʻrikeng, samimiy odamlarini koʻrdim.

Yoʻldosh Boʻriyev timsolida esa poytaxtda, yuqori mansabda ishlasa-da oʻzini, oʻzligini unutmagan, yurtga sadoqatli, imon-eʼtiqodi mustahkam, qalbi buyuk insonni koʻrdim. Saksonga yaqinlashayotgan shu insonning oila, farzandlar taʼlim-tarbiyasi, hayot mohiyati haqidagi qarashlari esa faqat uniki emas, u singari umrining koʻp yillari rahbarlik lavozimlarida oʻtgan har bir insonga tegishliligini angladim.

“Yusufbek hoji oltmish besh yoshida dunyo mojarolariga etak silkigan ekan. Men-chi? Men saksonga boryapmanu hamon bu mojarolardan qutilganim yoʻq. Yoki oʻzim istamaymanmi? Bunda ham jon bor. Odam bolasi yillar davomida oʻrganib, koʻnikib qolgan odatidan birdan voz kechishi qiyin ekan. Qirq yil oz muddatmi. Shuncha yillar davomida maʼlum tartiblarga oʻrganib, hayot shu deb yurganim yolgʻonmi?..

Har bir inson maʼlum yoshga borganda oʻtgan umrini sarhisob qilib, shunday koʻyga tushar balki. Nega shunday? Nega odam bolasi yoshligida, belida kuchi, koʻzida nuri borligida bu haqda oʻylamaydi? Aqli noqislik qilarmikan?.. Xomsut emgan banda degani shudir-da...”

Professor Yoʻldosh Boʻriyevning bu fikrlarini siz ham qaysidir rahbardan, hayoti davlat ishida oʻtgan insondan eshitgan boʻlsangiz ajabmas.

“Iqror” hikoyasidagi qariyb ellik yil maktabda oʻqituvchilik qilgan Almat Murodovning umrning kuzi, uni payqaganlar va payqamaganlar borligi haqidagi qarashlari ham kishini eʼtiborsiz qoldirmaydi.

Kitoblarga kiritilgan qissa va hikoyalar orasida ancha oldin, sobiq tuzum davrida yozilganlari ham bor. Lekin negadir, ularda oʻsha davrda talab qilingan sotsialistik realizm uslubi yoki mafkura taʼsiri sezilmaydi. Bu bilan asarlar qayta ishlanib, bugungi davrga moslashtirilgan, degan fikrdan yiroqman. Chunki, asarning gʻoyasi, mafkurasini kichik tuzatishlar bilan butunlay oʻzgartirib boʻlmaydi, baribir qaysidir elementlarda, syujetlarda oʻzini koʻrsatib qoʻyadi. Nazarimda, Mamatqul akaning oʻtgan asrda yozilgan asarlarida ham insoniylik, kishilar oʻrtasidagi mehr-oqibat, oilaviy qadriyatlar birinchi oʻringa qoʻyilgan, ulugʻlangan. Bu qadriyatlar esa oʻlmas va adabiydir.

“Chiroq oʻchmagan kecha” qissasida sobiq ittifoq qoʻshinlari askari va afgʻon yigiti oʻrtasida kechgan suhbatga eʼtibor qarataylik. Mana shu qisqa bahsdayoq ushbu yurtdagi urushning asl mohiyati ochib berilgan, nazarimda.

“- Hammang bir goʻrsan, senam, anavilaram – baring shoʻraviysan. Nimaga boshimizga qurol koʻtarib kelasanlar?

- Sizlarga emas, yoʻlda dushman chiqib qolmasin, deb har ehtimolga qarshi olganmiz buni.

- Kim dushman? Kim dushman? Sen dushman! Manavilar dushman! Birovning yurtiga bostirib kirgan odam dushmanmi yo yurtini bosqinchilardan mudofaa qilmoqqa otlangan kishi dushmanmi?..”

Xoʻsh, bu qadriyatlar Mamatqul akaning qalbiga, asarlariga qanday singgan boʻlishi mumkin? Bu savolga javob ham kitoblar qatida yashiringan. Bolalikdan kitobga mehr qoʻyishi, raisning farzandi boʻlsa ham kamsuqum va ilmtalabligi, adolatparvar ota va farzanlariga butun borligʻini bagʻishlagan mehribon onaning toʻgʻri taʼlim-tarbiyasi, uvol va savob nimaligini oʻrgatgani Mamatqul akaning davr emas, adabiyot kishisi boʻlishiga xizmat qilgan.

Biz koʻpincha rahbarlarni davr yuzaga chiqaradi, mafkura tarbiyalaydi, degan gaplarni aytamiz. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi – OʻzAga rahbarligi chogʻida ustoz haqida ham ayrimlar shunday fikrlarni koʻp aytdi. Mamlakat bosh axborot mahkamasining rahbari sifatidagi faoliyatini turlicha talqin qilishdi. Vaholanki, Mamatqul aka sobiq ittifoq davrida respublikamizdagi eng nufuzli nashrlardan boʻlgan “Oʻzbekiston madaniyati”, keyincha “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida koʻp yil faoliyat yuritgan. Oʻz davrining katta-katta yozuvchi va shoirlari, jurnalistlari bilan birga faoliyat yuritgan, yetuk sanʼat va madaniyat namoyondalari bilan hamsuhbat boʻlgan. Agar mafkura, asl milliy qadriyatlar, gʻoyalar nimaligini bilmaganida oʻsha davr taʼsiridan chiqib keta olmasdi, yurak yutib fikr bildirmasdi. Aksincha, u kishi mustaqillik tufayli mamlakatning bosh axborot idorasida ishlagan paytida mustaqillikning qadr-qimmati nimaligini yaxshi anglab buni boshqalar ongiga singdirishga harakat qildi. Yurt ichida ham, tashqarida ham mustaqil Oʻzbekiston shaʼni, obroʻsi uchun siyosatchilardan kam boʻlmagan tarzda kurashdi.

Bu haqda gapirganda ustozning 1994-yil aprel oyida Moskvada oʻtkazilgan MDH davlatlari axborot agentliklari rahbarlarining uchrashuvidagi qatʼyatini eslashni joiz deb oʻylayman. Oʻshanda Mamatqul aka yosh mustaqil davlatning mustaqil axborot agentligi qanday faoliyat olib borishi kerakligini “katta ogʻalik” maqomidan tushishni istamayotganlarga koʻrsatib qoʻygan va bundan sobiq ittifoqdagi boshqa axborot agentliklari ham andoza olgan edi.

1997-yilda Qohirada oʻtgan “Misr va MDH davlatlari hamkorligi” mavzuidagi xalqaro konferensiyada esa Mamatqul akaning misrlik maʼruzachining notoʻgʻri maʼlumotlariga eʼtiroz bildirib, bu fikrlarga aniqlik kiritishni talab qilishi, aks holda Oʻzbekiston delegatsiyasi anjumanni tark etishi haqida gapirishi uchun kishida qatʼiyat va jasorat bilan birga avvalo yuksak vatanparvarlik hissi boʻlishi kerakligini koʻpchiligimiz yaxshi anglaymiz. Ushbu konferensiyadagi gap-soʻzlar ustozdan oldin Toshkentga yetib kelgan va katta-kichik davralarda turlicha talqin qilingan. Ammo baribir ustozning tutgan yoʻli maʼqullangan.

Germaniya elchisi bilan boʻlgan suhbatda ham ana shu vatanparvarlik, davlat xizmatchisiga xos yuksak mahorat va diplomatiya yaqqol oʻz aksini topgan. Yoʻqsa, mustaqil boʻlganiga endigina uch yil toʻlgan davlatning hali oʻz yoʻlini topib ulgurmagan axborot agentligi rahbari dunyoning taraqqiy etgan davlatlari qatorida sanaladigan Germaniyadek mamlakat elchisining fikrlariga eʼtirozini asoslagan holda bildirib, keskin gapirmagan boʻlardi.

Endigina dunyoga yuz tutayotgan, hali koʻpchilik bilib-bilmay turgan davlatning bosh axborot idorasi rahbarining bu kabi xatti-harakatlari, xalqaro anjumanlardagi chiqishlari, yozgan maqola va ocherklari, albatta, Oʻzbekistonni jahonga tanitish, mustaqillikni mustahkamlash yoʻlida Vatanning bir fidoyisi qoʻshgan ulkan hissadir va bu xizmatlar davlatimiz, xalqimiz tomonidan eʼtirof etilib, qadrlanib kelmoqda.

2009-yilda Samarqand shahridagi Registon maydoni yaqinida sobiq ittifoq davrida qurilgan ulkan muzey binosi buziladigan boʻldi.

Aslida, ushbu muzey binosi avvalgi tuzum davrida ajdodlarimizning yuksak bunyodkorlik salohiyatining bir namunasi boʻlgan Registon majmuasi salobatiga soya solish maqsadida qurilgan (shunday maqsad boʻlmaganida buyuk jahongir Amir Temur maqbarasi yaqinida, shahar oʻrtasida spirt zavodi qurilmagan boʻlardi). Bu binodan tashqari majmua atrofida yana bir nechta restoran, savdo markazi, avtoshohbekat, kinoteatr qad rostlagandi. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, bu inshootlarning barchasi navbati bilan boshqa joylarga koʻchirildi. Tarixiy obida atrofi ochila boshlagach, muzeyni ham boshqa joyga koʻchirishga qaror qilindi. Oʻshanda ayrim xorijiy ommaviy axborot vositalarida bu holat turlicha talqin qilindi. Goʻyoki Oʻzbekistonda madaniyat boyliklariga eʼtibor juda yomon, mana muzey buzib tashlandi, degan maʼnoda chiqishlar koʻpaydi.

Garchi bu chiqishlardan maqsad-muddao aniq boʻlsa-da bayon etilgan holatlarni oʻrganish maqsadida Mamatqul Hazratqulov OʻzA bosh direktori sifatida va u kishining oʻrinbosari Ahmadjon Toshxoʻjayev Samarqandga kelishdi.

Dastlab ular muzey joylashgan hududni borib koʻrishdi, muzey xodimlari, viloyat va shahar rahbariyati, tarixchi va muzeyshunos olimlar bilan suhbatlashishdi, mahalliy aholining fikrlarini eshitishdi. OʻzAning viloyatdagi muxbiri sifatida ularga hamrohlik qilib, suhbatlarda bildirilgan fikrlarni yon daftarimga qayd qilib boraverdim. Shu haqda maqola tayyorlash topshirilsa kerak, degan oʻyda edim. Lekin ustoz hech narsa demadi va “ertaga tahririyatda gaplashamiz” dedi va ular mehmonxonada qolishdi.

Ertasi kuni esa direktor va oʻrinbosari “Zarafshon” gazetasi tahririyatida kecha koʻrgan-eshitganlari, bino tarixi va bugungi bilan bogʻliq maʼlumotlar asosida kattagina maqola tayyorlashdi. Bu maqola OʻzA saytida va bir qator nashrlarda chop etildi. Shu bilan har xil gap-soʻzlarga nuqta qoʻyildi.

Ustoz bu topshiriqni oʻrinbosarlari yoki bosh muharrirlarga berishi, poytaxtda turib, shu materialni yozdirishi yoki yozishi mumkin edi. Lekin gap yurt va millat shaʼni, ajdodlar merosi va uning qadr-qimmati haqida borar ekan, u kishi bunday yoʻl tutmadi va oʻzi koʻrib, odamlar bilan gaplashib, maqola tayyorladi.

Menga oʻn yildan koʻproq vaqt ustoz qoʻli ostida, OʻzAning Samarqand viloyatidagi muxbiri sifatida ishlash nasib etdi. Ana shu yillar davomida Mamatqul akadan nafaqat jurnalistika boʻyicha, balki hayot sabogʻini ham oldim.

Ustozning yangi kitoblari ham ana shu katta saboq vazifasini oʻtamoqda.

Gʻolib HASANOV.