Shunday deymanu, aslida, hech narsa oʻz-oʻzidan yuzaga kelmaydi. Taniqli adib, akademik shoir Gʻafur Gʻulom aytganidek: “Gʻoyibdan kelajak baxt – bir afsona!”.

Shu maʼnoda iqtisod fanlari doktori, professor Akrom Karimov haqidagi moʻjaz maqola ilm yoʻlidagai mehnatlari, hamkasblari, shogirdlarining mehri va hurmati sifatida bitildi.

Ustoz Akrom Karimov ilmiy salohiyati, hamon joʻshqin ish faoliyati bilan koʻpchilik eʼtibori va hurmatini qozonib keladi. Surati ham siyratiga juda monand: xushmuomala, samimiy, doim sarishta koʻrinishda. Bu, avvalo, ishga, hamkasblarga, umuman insonlarga boʻlgan hurmat ifodasi.

Tom maʼnodagi professor, yuksak salohiyatli fan doktori maqomiga ega olimning oldiga shunchaki gaplashagani borishga jazm qilish qiyin. Borishdan oldin har bir qadamingizni, aytmoqchi boʻlgan gapingizni oʻylab borasiz. Zero, ustozning salobati, har qanday mavzudagi fikrlari va qarashlari sizni shunga undaydi.

Bu yil qutlugʻ yoshni qarshilayotgan ustozning hayot yoʻli va ish faoliyati haqiqatan ibratli.

1953-yil Toshkent shahrida tavallud topgan. 1974-yilda Toshkent xalq xoʻjaligi institutini muvaffaqiyatli tamomlagan. Bu yil qutlugʻ yoshni nishonlayotgan fidoiy insonning ish faoliyatidagi keyingi qaydlar ham ana shu havas va hurmatga munosib.

Akrom Abbosovich mehnat faoliyatini Toshkent Xalq xoʻjaligi institutining “Buxgalteriya hisobi” kafedrasida assistent lavozimida boshlagan. 1980–1983-yillar davomida M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining kunduzgi aspirantura boʻlimida tahsil olib, nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Ana shunday dadil qadamlar, muvaffaqiyatlar oʻz sohasidagi faoliyatida ham davom etaverdi. 1983–1991-yillarda Toshkent Xalq xoʻjaligi institutining “Buxgalteriya hisobi” kafedrasida katta oʻqituvchi, dotsent, bir paytning oʻzida fakultet dekani oʻrinbosari lavozimlarida ham ishlagan...

Yoʻq, bular shunchaki mehnat daftarchasidan qaydlar emas. Oʻz kasbiga boʻlgan fidoyilik, hamskasblari, ustozlarining ishonchi va ilm-fan yoʻlidagi muvaffaqiyatlari, qolaversa yoshlarga ibrat boʻliga loyiq mehnat faoliyat koʻzgusi deb taʼriflash mumkin...

1991–2014-yillar davomida Toshkent Moliya instituti (TMI)da fakultet dekani, kafedra mudiri, institutning oʻquv ishlari boʻyicha prorektori, maʼlum bir muddatda esa shu institutning rektori lavozimlarida ham faoliyat koʻrsatdi. Hozirgi esa “Buxgalteriya hisobi” kafedrasi mudiri. Ushbu nufuzli oliy taʼlim muassasida ilk bora tashkil etilgan “Buxgalteriya hisobi, iqtisodiy tahlil va audit” ixtisosligi boʻyicha ilmiy maktabga rahbarlik yillari ham mehnat faoliyatning yorqin sahifalari...

Akrom Abbosovich nafaqat ish faoliyatida, shu bilan birga respublikamiz siyosiy jarayonlarida ham faol ishtirok etib keldi. Jumladan, Oʻzbekistonda 2004-yil dekabr oyida ilk bor ikki palatali parlamentga boʻlib oʻtgan saylovlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylandi. 2005–2009-yillarda Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari, soʻng Qonunchilik palatasi Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi aʼzosi sifatidagi faoliyati ham eʼtiborga loyiq. Zero, mashaqqatli pedagoglik faoliyati bilan birga siyosiy jarayonlarda murakkab vazifalarga masʼullik oson emas, albatta.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi rahbariyatida ishlagan vaqtda yangi tashkil topgan professional palataning ishini tashkil etish, tegishli qoʻmitalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish jarayoniga katta hissa qoʻshdi. Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi aʼzosi sifatida qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil ishlari, huquqiy demokratik jamiyat asoslarini targʻib etish kabi masalalar bu jarayondagi masʼullik zalvorini anglatishi shubhasiz. Eng muhimi A. Karimov oʻziga yuklatilgan vazifalarini muaffaqiyatli ado etib keldi.

Mamlakatimiz iqtisodiyotida buxgalteriya hisobi va audit sohasi rivojiga oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelayotgan yetuk mutaxassisning ilmiy-ijodiy faoliyati ham sermahsul. Shu kunga qadar 200 ga yaqin ilmiy ish, jumladan: 3 ta monografiya, 14 ta darslik, 19 ta oʻquv-uslubiy qoʻllanma, 160 dan ortiq ilmiy maqola va tezislar. Ushbu raqamlar zamirida uzoq yillik mashaqqatli mehnat, ilmiy izlanishlar, tadqiqotlar boʻy koʻrsatib turibdi. Buni ayniqsa pedagoglar, ilm-fan sohasida mehnat qilayotgan mutaxassislar yaxshi anglaydi va katta hurmat bilan qaraydi.

Ilm sohasidagi ijod yoʻli, birgina darslik yoki qoʻllanma yaratish faqatgina sabr, muntazam mehnatnigina emas, avvalo chuqur ilmiy salohiyatni talab etadi. Professor A.Karimovning rahbarligida iqtisodiy yoʻnalishlaridagi kasb-hunar kolleji va texnikumlari uchun taʼlim ixtisosliklari boʻyicha 18 nomdagi darslik yaratilgan. Uning bevosita ishtirokida rus tilidagi “Audit”, oʻzbek tilida “Buxgalteriya hisobi va audit” darsliklari bugungi kunda ham oʻquv jarayonida keng foydalanilmoqda. Yaʼni uning mehnatlari samarasi faqat raqamlarda emas, muntazam Ilmiy kengashlar, mutaxassislar eʼtirofiga sazovor boʻlganligi, yoshlar uchun munosib qoʻllanma, darslik sifatida xizmat qilib kelayotgani bilan ham eʼtiborga loyiq.

Iqtisod fanlari doktori, professor A.Karimov hanuz sermahsul ijod qilib keladi. Xususan, soʻnggi uch yil davomida “Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari”, “Buxgalteriya hisobining axborot tizimlari”, “Audit” oʻquv qoʻllanmalari (rus tilida), “Buxgalteriya hisobi”, Qoraqalpoq tilida “Buxgalteriya yesabi” (qoraqalpoq tilida), “Xalqaro audit”, “Audit” va “Moliyaviy hisob va hisobot”, “Xalqaro moliyaviy hisobot standartlari”, “Biznesda buxgalteriya hisobi” darsliklari hamda 30 dan ortiq ilmiy maqola va tezislari chop etildi.

Ustozning mehnat faoliyati, ilmiy faoliyati koʻlami xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikda ham namoyon boʻlib kelayotir. Buyuk Britaniya, AQSH, Italiya, Turkiya, Janubiy Korea davlatlarida malaka oshirish davomida xalqaro ilmiy anjumanlarda oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etib, xalqaro sertifikatlarga ega boʻlgan.

Fidoiy olimning faoliyati ilm-fan, pedagoglik yoʻlini tanlagan yoshlarni qoʻllab-quvatlash, koʻmaklashishda, ularning yetuk mutaxassis boʻlib yetishishlari yoʻlidagi mehnatida ham aks etadi. Akrom Abbosovichning bevosita rahbarligida 15 ta fan doktori va fan nomzodi tayorlangan. Shogirdlarning ikki nafari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasiga sazovor boʻldi.

Ustoz professor Toshkent moliya instituti huzuridagi Ilmiy kengash raisi oʻrinbosari, “Moliya” ilmiy jurnali bosh muharriri, «Biznes: audit, baho, mulk» ijtimoiy-iqtisodiy, maʼrifiy jurnal tahririyat kengashi aʼzosi, “Ijtimoiy fanlar boʻyicha xalqaro muammolar” (Turkiya) jurnali tahririyat aʼzosi, shu bilan birga “Oʻzbekiston–Xitoy” doʻstlik jamiyati aʼzosi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi jamoatchilik kengashi aʼzosi sifatida ham faoliyat koʻrsatmoqda.

Ustoz fidoyi mehnati hukumatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. Mudom hamkasblari, talabalar hurmat-eʼtiborida, oilasi, farzandlari ardogʻida, nevara-chevaralar qurshovida.

Fidoyi va kamtar, umrini sharafli kasbga baxshida etgan ustozning hayot yoʻllari saboq olish va havas qilishga munosib ekanligini qayt-qayta aytgimiz keladi. Chunki, bu sohadagi uzoq yillik faoliyati samarasi ilmiy ishlari, yaratgan darsliklari, oʻquv qoʻllanmalari bilan birga hayotga, insonlarga munosabatida, suhbatlarda ham namoyon boʻlaveradi.

–Hayotda nimaga erishgan boʻlsam, avvalo, ota-onamning tarbiyasi va oʻgitlari, doim ezgu yoʻlni koʻrsatib qilgan duolari deb bilaman. Ustozlarimning va doʻstlarimning koʻmagi hayotda, ishda erishgan yutuqlarimga zamin yaratgan... Bugun oʻtgan yillarni eslab bunga qayta-qayta amin boʻlaveraman, –deydi ustoz kamtarlik bilan.

–Ilmiy faoliyatimda professorlar Saidkarim Qodirxonov, Noʻmonjon Soatov, Abdurahmon Sotivoldiyev kabi ustozlarimning koʻmagi, faoliyatlari menga juda katta ijobiy taʼsir koʻrsatgan. Moskva davlat universitetidagi taniqli pedagog olimlar – iqtisod fanlari doktorlari, professorlar – Anatoliy Sheremet hamda Aleksey Aksenenkolarning nomlari, bergan ilmlari samarasini unutmayman. Bu kabi katta ilmiy salohiyatga, insoniy fazilatlarga ega ustozlardan ilm oʻrganganim, qaysidir maʼnoda hayot saboqlarini olganimdan faxrlanaman. Bilim olish, fidoyi insonlarga hamroh boʻlish hayotingizni oydinlik sari yetaklashiga ishoning...

Tohir MALIKOV,

iqtisod fanlari doktor, professor