Hayvonlar shohining homiysi

    Bilasizmi? 11 Noyabr 2021 3262

    Hammani shoshirgan shov-shuv — “Parkentdagi oila xonadonida 3ta sher boqyapti, kim nazorat qiladi?” – sarlavhali maqola ijtimoiy tarmoqlarda juda tez tarqaldi.

    Bu holatga har kim oʻzicha baho berdi, albatta. Hech qanday hujjatlarsiz aholi yashash joyida yirtqichlar boqilayotgani, ularga nisbatan shafqatsiz munosabatda boʻlinayotgani aytilgan xabarlar keng jamoatchilikning eʼtirozlariga sabab boʻldi. Maʼlum boʻlishicha barcha hujjatlar bor, sherlar uchun sharoitlar yaratilgan...

    Tadbirkorni tinglayotgan hokim

    Hech xayolimdan ketmaydi, uy sharoitida sher boqish mumkinmi? Buning ustiga 3ta etxoʻrni?

    Shov-shuv koʻtarilgan kunning ertasiga Parkent tuman hokimi qabulida ishtirok etdim. Tuman hokimi Shohrux Shoahmedov, tadbirkor bilan samimiy muloqot qildi. Maʼlum boʻlishicha, hokim ijtimoiy tarmoqlarda xabar tarqalgan kunning oʻzidayoq oʻsha xonadonga borgan, sherlarni oʻz koʻzi bilan koʻrgan, holat bilan yaqindan tanishgan. Tadbirkor hayvonlarni saqlash uchun tegishli hujjatlarni koʻrsatib, sherdan boshqa yana bugʻu, tulki, boʻri hatto qoʻshni davlatlardan xalqaro “Qizil kitob”ga kiritilgan ayiqlar, gepard, jirafa kabi oʻnlab hayvonlarni sotib olgani, hozirda Respublikamizning turli joylarida saqlanayotganini aytganida, hayratlandi. Hokim ham shunday tashabbusni kutgan chogʻi, tadbirkorning Parkent tumanida hayvonot bogʻi ochishni rejalashtirayotgani, niyati jiddiyligini, qatʼiyatini koʻrib, yigirmaga yaqin sherlarni saqlab sayyohlar uchun “Safari” tashkil etish loyihasini qizgʻin muhokama qildi.

    Sherga ishqiboz dotsent

    Hikmatilla aka oddiy, samimiy inson ekan. “Parkent tongi” tahririyatiga taklif qilganimizda, ular bajonidil rozi boʻldilar. Kichik jussali sher boquvchiga jamoamiz aʼzolari ham hayrat bilan tikildilar. Axir naq hayvonlar shohini qoʻlga oʻrgatish, yurak yutib qafasga qadam bosish, sherni erkalashni, koʻz oldiga keltirish, ishonish qiyin, albatta.

    Hikmatilla Ahmedov — dotsent, tarix muzeyida ilmiy xodim ekanini, bir necha yillar hayvonot bogʻida ishlaydi ekan. U kishi bizni uyiga taklif qildi: “Yaxshisi uyga borib koʻringlar, oʻzingiz koʻrib, bilib olaverasiz!”.

    Taklifga rozi boʻldik va erta tongdan yigʻilib joʻnashni rejalashtirdik.

    Sher qafasdan chiqsaya?

    Manzilimizga yetib borganimizda soat 9 boʻlayotgandi. Hikmatilla akaga qoʻngʻiroq qilib yoʻlni soʻrab bordik. Odamlar yashaydigan manzildan chetroqda, qurib ketganiga necha asrlar boʻlgan eski soy yoʻlidan oʻtib borarkanmiz, “borib suratga olayotganimizda sher qafasdan chiqib ketsaya”, degan xayoldan ancha xavotirlanganimiz rost.

    Sherlar parvarishlanayotgan uyga qadam qoʻyarkanmiz, itlar koʻpligi eʼtiborimni tortdi.

    Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar yodimga tushdi, yozilishicha sherlarga itlarni goʻshti berilar emish. Boʻlmagan gap! — dedim oʻzimga oʻzim. Itlar bu joylarni makon qilibdimi, demak, bu yerda ularga yaxshi qarashadi. Muharririmiz ham ichimdagi savolni dangal Hikmatilla akaga aytdi – qoʻydi. Ular esa yovvoyi itlarni parvarishlash uchun maxsus ruxsatnomasi borligini batafsil tushuntirib berdi. Aftidan u kishi ijtimoiy tarmoqdagi xabarlardan ranjigan.

    — Sherlar etxoʻr boʻlgani bilan it goʻshtini yeganini eshitmaganman, — deydi

    Hikmatilla aka. Ijtimoiy tarmoqdagi gaplar yolgʻon, biz sherlarni maxsus ozuqalar bilan boqamiz. Har xil vitaminlar, quyon, tovuq goʻshti yeydi. Kuniga 15 kilogramm goʻsht, tuxum beramiz. Shuning uchun sherlar sogʻlom, vazni ham meʼyoridan aʼloroq.

    Yoʻlakda bir qarashda kuchukdek keladigan sher bolasini koʻrib, hayratim ichimga sigʻmadi. Ikki oylik sher bolasi bizni kutib olarkan, koʻpchilik boʻlganimiz yoqmadimi, begonasiradimi, kattagina xanjar tishlarini koʻrsatib xirilladi.

    Yovvoyi tabassum

    Sher bolasiga mahliyo boʻlib sherlar saqlanadigan qafas yaqiniga borib qolganimni sezmabman. Qafas ichida ikki katta mushuksimon maxluq koʻzlarini loʻq qilib termilardi. Paxmoq boshli ulkan mushukni yashil koʻzlari, koʻzlari ichidagi yirtqichlarga xos nuqtadek qorachigʻi menga sira yoqmadi. Bu koʻzlarga qarash uchun yaqinroq borish kerak, sherga yaqin borish esa oʻlim demakdir. Jamoamiz bilan sherlarni tomosha qila boshladik. Hikmatilla aka qafasga yaqin bormasligimizni, moda sher bezovtalanayotganini aytib ogohlantirdi. Oʻzi esa qafasdan qoʻlini tutib sherlarni tinchlantirishga urinardi. Sherlar ham atay qilgandek, biri tinchlansa, biri naʼra tortib, yovvoyi tabassum qilardi.

    Muxbirga hujum

    Oʻzaro sherlarni muhokama qila boshladik, erkagi yuvoshroq, modasi badjahl ekan. Tabiatan shunday boʻlsa kerak, axir sherlar oilasida ona sherlar ov qiladi.

    Shu vaqt kutilmaganda qafas yaqinida sherlarga termilib turgan Shuhrat akaga moda sher tashlanib qoldi. Bu lahzalar ichida sodir boʻldi-ki, kutilmagan bu harakatdan choʻchib ketdik.

    Chetdan qarasangiz ona sher bor boʻy-basti bilan ustozimizga tashlangan, uni maqsadidan temir panjaralar ayirgan edi xolos. Ular yirtqich ekanligini, tinch turishiga ishonib boʻlmasligini bilganimiz holda, sherlarni hatto suratga olish uchun ham qafasga yaqin borolmay qoldik. Axir sherlar oʻz xarakterini namoyish etib boʻldi, qonxoʻr maxluqlardan boshqa nimani kutish mumkin? Biz mustahkamligiga shubha qilgan qafas, jonimizga oro kirdi.

    Hayvonot bogʻi ochishga shaymiz

    Hikmatilla aka sherlarni avvaldan parvarishlab kelgani uchun, sherlar isidan tanib, oila aʼzosidek qabul qilib, u kishiga hujum qilmas ekan. Sherlar bilan bamaylixotir gaplashayotgan, ularni oʻynatib, yolini silayotgan Hikmatilla aka, ayoli va uch nafar bolalari, misoli mushuk parvarishlayotgandek sherlarni erkalatardi.

    — Kelgusida hayvonot bogʻi ochib, sherlarni shu yerda koʻpaytirib, ularni genetikasi bilan shugʻullanib, yangi tur olishni niyat qilyapman, — deydi Hikmatilla Ahmedov. — Hayvonot bogʻi barpo qilsak, noyob turdagi hayvonlarni, hatto sudralib yuruvchilar oilasiga kiruvchi piton, kobra, anakonda kabi ilonlar, bundan tashqari hasharotlar, oʻtxoʻrlar, qushlar sinfiga kiruvchi barcha jonzotlarni olib kelamiz. Hozir ular mamlakatimiz chegarasida maxsus konteynerlarda saqlanyapti. Parkent tuman hokimi yer masalasida yordam berishga tayyorligini bildirdi. Asosiysi faoliyatimizni qoʻllab-quvvatlovchi ana shunday mutasaddilar borligi. Parkentda “Safari” bogʻi ochib, turizmni yanada rivojlantirmoqchimiz, aholini ham ish bilan taʼminlashni niyat qilganmiz. Eng muhimi, bunday bogʻ Markaziy Osiyoda birinchi boʻladi. Joy masalasi hal boʻlsa, tez kunda hayvonot bogʻi qurish ishlarni boshlab yuboramiz!

    Hayvonlar shohining homiysining soʻzlarini maroq bilan tinglar ekanmiz, inson orzusi, irodasining kuchi nafaqat yovvoyi hayvonlarni qoʻlga oʻrgatishga, balki, xalqqa nafi tegadigan ajoyib gʻoyalarni amalga oshirishiga yana bir bor amin boʻldik.

    Dostonbek Sharipov,

    “Parkent tongi” muxbiri.