Tadbirda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o'rinbosari Nodir Jonuzoq, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi Mirzo Kenjabek, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, shoir eshqobil SHukur, filologiya fanlari nomzodi Olim Toshboev so'zga chiqib, Shukur Xolmirzaevning insoniylik fazilatlari, teran mushohadali asarlari haqida gapirib o'tishdi. Uning hikoyalari, qissalarida yoshlikning betakror go'zalligi, Boysun tabiatining turfa ko'rinishi o'zining badiiy talqinini topdi, deya ta'kidlashdi. Keyinchalik Boysun va boysunliklar hayoti adibning asosiy mavzusi darajasiga ko'tarilib, yozuvchi ijodida realistik tasvirning ustuvor yo'nalishga aylanishida muhim omil bo'lgani ijodiy misollar bilan keltirildi.

Shukur Xolmirzaev asarlarida voqelikdagi murakkab hayotiy jarayonlar va kishilarning ziddiyatlardan iborat ruhiy olamini kashf etib bordi. Darhaqiqat, adibimiz juda katta dunyo edi. Uning olamiga hikoyalari, qissalari orqali kirib borganmiz. “Qariya” “Bodom qishda gulladi” hikoyalarini, “O'n sakkizga kirmagan kim bor”, “Tog'larga qor tushdi” qissalarini, “Qora kamar”, “Ziyofat” drammalarini o'qimagan o'quvchi bo'lmasa kerak. Qahramonlarining oddiy tili, xarakterlardagi samimiylik, tabiiylik kitobxonni go'yoki jonli muloqotga chorlagandek bo'ladi.

– Shukur Xolmirzaev adabiyotda she'r yozmadi xolos, – deydi Professor Qozoqboy Yo'ldoshev. – Balki yoshlik chog'ida yozgandir, ammo hikoya, qissa, drama, roman janrlarida barakali ijod qildi va ularda turfa mavzularni aks ettirdi. Yozuvchi ijodi orqali o'zbekning o'zbeklik tuyg'usi qanday namoyon bo'lishini judayam jo'n, sodda yo'sinda ko'rsatib berdi. U odamni bilish nuqtai-nazaridan judayam buyuk ijodkor edi. Buni “Olabo'ji” romanida ko'rish mumkin. Unda shaxs va jamiyat muammosini yaqqol ochib bergan.

Yozuvchi o'z hikoyalarida Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor kabi o'zbek yozuvchilarining eng yaxshi an'analarini davom ettirish bilan birga o'zbek hikoyanavisligini rus va Evropa yozuvchilarining badiiy tajribalari bilan ham boyitdi. Aytish kerakki, Shukur Xolmirzaevning eng yaxshi hikoyalari qahramon obrazining yangi va yorqinligi, kompozitsiyasining o'ziga xosligi, qahramonlar tilining rang-barangligi bilan ajralib turadi.

– Shukur aka, o'zbek adabiyotida afsonaviy adib edi, – deya so'z boshladi O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, shoir eshqobil Shukur. – U kishi bilan bog'liq xotiralarimni yodga olsam, “Hikoya yozish nima ekanligini endi bildim. Hikoya – bu hasratingni aytish ekan. Bundan keyin nima yozsam, vasiyatimni yozgandek yozaman, nima yozsam so'nggi asarimni yozayotgandek yozaman”, degan edi suhbatlarimizning birida. Haqiqatdan ham, shundan keyin Shukur aka nima yozsalar oxirgi asariday, vasiyatiday yozdi. Har bir hikoyasi, uning hasratidir. Bir hikoyani bitirguncha o'n besh kun butun dunyodan uzilib ijod qilar edi. Bu ham bo'lsa, ijodkorning adabiyotga bo'lgan mehri, fidoyligidan dalolatdir.

– Asl dehqonning qo'llari ketmondan qavarib ketsa, Shukur Xolmirzaevning barmoqlari yozuv mashinkasiga urilaverib qavarib ketgan edi, – deya ta'kidladi tadbirda so'zga chiqqan filologiya fanlari nomzodi, dotsent Olim Toshboev. – Adib asarlarining xalqchilligi, tilining ravonligi betakror edi. Shukur aka she'riyatni juda nozik tushungan. Shuning uchun ham hikoyalaridagi ichki ohangni nazmga, poeziya asosiga qurar edi.

Yozuvchilar, shoirlar, adabiyotshunoslar, yosh ijodkorlar, yozuvchining oila a'zolari ishtirok etgan tadbirda Shukur Xolmirzaev bilan bog'liq iliq xotiralar yodga olindi, u qoldirga adabiy merosga yana bir bor nazar tashlandi.

– Otamiz Shukur Xolmirzaev vafot etganlariga 15 yil to'libdi. O'zbek millatiga, o'zbek adabiyotiga xizmat qilgan bir adibning xotirasini abadiylashtirishga bu davr ichida vaqti keldi, deb o'ylayman, – deydi yozuvchining qizi Sayyora Xolmirzaeva. – Hikoya, qissa, roman, maqolalarini chop ettirish, tarjima qilish, Shukur Xolmirzaev tug'ilib o'sgan mahallaning ko'chasiga, o'qigan maktabiga uning nomini berish lozimdir. Bugungi kunda davlatimiz tomonidan adabiyotga, ijodga keng e'tibor berilyapti. Albatta, otamizning qoldirgan ijodiy merosini qayta jamlash, nashr qilish, uning nomidagi ijod maktabini tashkil qilish uchun barcha eshiklar ochiqligiga, barchamiz guvohmiz.

Tadbirda O'zbekiston Yozuvchilar a'zosi, shoir Shodmonqul Salom Shukur Xolmirzaev xotirasiga bag'ishlangan she'rini o'qib berdi. Adabiyot muxlislari adibning asarlarini tarjima qilish, uning ijodini keng targ'ib qilish borasidagi takliflarini bayon qilishdi.

Zulayho Ahmadjonova,

jurnalist