Quyida ushbu materialning matni havola qilinmoqda.
“O‘zbekistonda ko‘plab ko‘hna shaharlar, jumladan, Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent kabi qadimgi Ipak yo‘lining yo‘nalishlari va Farg‘ona vodiysining asosiy aholi markazlari joylashgan. Mamlakatning YUNESKOning Jahon merosi obyektlari ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy obidalari cheksiz ilhom manbai hisoblanadi. Boy sanʼat va madaniyat, bag‘rikenglik va moʻtadil diniy amaliyot anʼanalari butun dunyo bo‘ylab sayyohlarni ushbu mamlakatga jalb qiladi. O‘zbekistonning tabiiy moʻjizalari qatoriga osmono‘par cho‘qqilar, yam-yashil vodiylar va xushmanzara ko‘llar kiradi.
Eng muhimi, O‘zbekiston dunyodagi eng xavfsiz davlatlardan biridir.
2019 yil 1 fevraldan O‘zbekiston rahbariyati 45 ta yirik iqtisodiy taraqqiy etgan mamlakatlar, jumladan, Yevropa va G‘arb davlatlari fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qildi. Bugungi kunga kelib esa 90 ga yaqin davlat fuqarolari O‘zbekistonga vizasiz tashrif buyurishi mumkin. Bundan tashqari, 57 mamlakat, jumladan, Hindiston fuqarolari uchun elektron viza olish imkoniyati ham mavjud.
Xorijlik sayyohlar O‘zbekistonga kirish elektron vizasini https://e-visa.gov.uz/main maxsus portali orqali uch kun ichida olishi mumkin.
Bugungi kunga kelib ko‘plab xorijiy aviakompaniyalar Toshkent, Samarqand va boshqa shaharlarga aviaqatnovlar sonini oshirmoqda. O‘z navbatida so‘nggi yillarda yirik xalqaro mehmonxona tarmoqlari mamlakat hududlarida o‘z filiallari faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqda. Mamlakatning milliy aviakompaniyasi – “Uzbekistan Airways” eng zamonaviy, yaxshi jihozlangan samolyotlar parkiga ega bo‘lib, bugungi kunda dunyoning 23 mamlakatining 33 shahriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘ygan.
2022 yil 15-16 sentyabr kunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlarining 22-sammiti va 2023 yilda Jahon sayyohlik tashkiloti Bosh assambleyasining 25-sessiyasiga mezbonlik qilish uchun aynan Samarqand shahrining tanlangani bejiz emas. Ming yillar davomida ushbu shahar ilm-fan va taʼlim, savdo va innovatsiyalar markazi bo‘lib kelgan. 1993 yilda Samarqandning tarixiy markazi “Samarqand – madaniyatlar chorrahasi” nomi bilan YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi.
Shahar Zarafshon daryosining gullab-yashnagan vodiysida joylashgan bo‘lib, uning tarixi 2500 yildan avvalgi davrlarga borib taqaladi. Samarqand asrlar davomida Buyuk ipak yo‘lining asosiy nuqtasi bo‘lib, Sharq va G‘arb madaniyatlari chorrahasi hisoblangan. O‘tgan asrlarning isteʼdodli meʼmorlari tomonidan bu zaminda ulug‘vorligi va betakrorligi bilan barchaning eʼtiborini o‘ziga tortadigan betakror binolar barpo etilgan. O‘z navbatida, bugungi kunda shaharda o‘rta asrlarning bir necha yillik meʼmorchilik yodgorliklariga hamnafas qilib keng qamrovli zamonaviy majmualar qad rostlamoqda. Shu maʼnoda Samarqanddagi mavjud meʼmorchilik durdonalari XXI asr infratuzilmasi bilan hamohang ravishda jonli afsonaga aylanib bormoqda.
So‘nggi bir necha yil ichida zamonaviy Samarqandda keng qamrovli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Xususan, mashhur alloma va astronom Mirzo Ulug‘bek sharafiga bag‘ishlab ochiq kitob shaklida zamonaviy Samarqand xalqaro aeroporti qurilib foydalanishga topshirildi. Binoning tom qismida yulduz burjlari tasvirlangan bo‘lib aeroport majmuasining shakli o‘tmish va hozirgi kunning o‘ziga hos uyg‘unligini ifodalaydi.
Taʼkidlash lozimki, yaqinda shahar mehmonlari va sayyohlar uchun "Silk Road Samarkand" xalqaro turizm majmuasi ishga tushirildi. Ushbu majmua sobiq eshkak eshish kanali atrofida barpo etilgan bo‘lib, suv havzasining ikki qirg‘og‘ida uch qavatli kongress-xoll, zamonaviy mehmonxonalar, “Abadiy shahar” etnografik bog‘i qurilgan.
Hozirda Samarqandda 200 ga yaqin mehmonxona va ko‘plab mehmon uylari mavjud. Aytish joiz, shahardagi zamonaviy inshootlar va sayyohlik majmualari meʼmoriy yodgorliklarni asrab-avaylashning YUNESKO qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda shaharning tarixiy qismidan tashqarida barpo etilmoqda,
Samarqand - Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasiga xush kelibsiz!”