Fikrlashga undagan maqola
Qoʻrquv bandasiga xos. Alloh yoʻrigʻidan chetga chiqishga qoʻrqqan inson qoʻlidan yomonlik kelmasligi hayotda million marotaba isbotlangan. Bu hissiyot tarbiya vositasida koʻngilga ekiladi.
Biroq Vatanni yogʻiydan himoyalash, yovuzlikka qarshi kurash, yurt ravnaqi yoʻlida haq soʻzni aytishdan qoʻrqmaslik hissi ham mavjud. Bunday inson qanday tarbiyalanadi? Bu vazifa kimning zimmasida?
Ana shunday savollar olim, jurnalist va muharrir Salim Doniyorovning “Yangi Oʻzbekiston” gazetasida eʼlon qilingan “Qoʻrquvsiz jamiyat kuch-qud rati erkin soʻz va ozod gʻoyalar bilan shakllanadi” (2023-yil 28-fevral, 40-son) maqolasini oʻqigach har bir maʼrifatli kishining shuurida paydo boʻlishi shubhasiz.
Aslidayam insonni fikrlashga undaydigan har qanday bitik kishini bezovta qilishi kerak.
Maqolada totalitar jamiyatlar inson shaxsini toptagani oqibatida qon-qongacha singib ketgan qoʻrquv va uning asoratlari bugungacha taʼsir etayotgani haqqoniy ochib berilgan. Ularni bartaraf etishda matbuotning ahamiyati naqadar muhim ekanligi isbotlangan.
Muallif ushbu maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 24-fevral kuni Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chogʻida ommaviy axborot vositalari haqida bildirgan quyidagi fikrini keltiradi:
“Ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlamaganimiz uchun xalqning ovozini eshitmadik...”. Oʻsha suhbat chogʻida Prezident yana bir fikrni ham taʼkidladi: “Yana oldingidek “SNB”, prokuror tekshiruvchi boʻlaversinmi? Biz niyatimizga yetdikmi? Birimiz ikki boʻldimi?”.
Mana shu ikki jiddiy mulohaza Prezidentimizning 2017-yil yanvar oyida Surxondaryoga tashrifi chogʻida sobiq Milliy xavfsizlik xizmatining viloyatdagi faoliyatini jiddiy tanqid ostiga olganini esga soldi:
“Milliy xavfsizlikdagilar Surxondaryoni oʻldirgan. Bular... hamma tizimni egallagan, hamma tashkilotni egallagan. ...Sal qarshi gap bildirsa, gʻiybat qilib ishdan olib tashlardi. Oʻgʻriga chiqarardi, bir aybni boʻyniga qoʻyardi. ...Shuning uchun bu yerga bitta ham biznesmen kelmagan, keldimi darrov qamardi”, degan edi oʻshanda Shavkat Mirziyoyev.
Prezident fikridan mavzumizga xos xulosa chiqaradigan boʻlsak, demokratik jamiyat uchun nojoʻya hisoblangan bunday xatti-harakatlar matbuot nazoratidan chetda qoldirilgan, haqqoniy axborot tarqatishga yoʻl qoʻyilmagan, oqibatda korrupsiya gurkiragan.
Kishilik jamiyatidagi sifat oʻzgarishlari bilimning, bizning misolimizda axborotning oʻrni naqadar muhim boʻlganini namoyon etdi. Oʻzbekistonda toʻplangan tajriba ochiq berilgan axborotlarning yurt taraq qiyotiga xizmat qilishini, yashirilgan axborotlar esa teskari samara berishini koʻrsatdi.
Yangi Oʻzbekiston demokratik jamiyat qurishni oʻziga maqsad qilar ekan, qanchalik ogʻir kechmasin, albatta, uning barcha qonuniyatlariga rioya etish talab etiladi. Bu yoʻldagi taj riba belgilangan vazifalar faqat qogʻozlarda, nutqlarda qolib ketsa, qonunlar yaratilib, amalda qoʻllanilmasa yoki davlat totalitar jamiyatdan qolgan usullar bilan boshqarilsa, demokratiya oʻz-oʻzidan vujudga kelmasligi yaqin tarixdan maʼlum boʻldi.
Haqiqat bahslarda tugʻiladi
Maqolaning yana bir diqqatga sazovor jihati shundaki, unda xalq va hokimiyat oʻrtasida rishtaning uzilishi oqibatlari tahlil etilgan. “Nimaniki yoʻqotgan boʻlsak, xalq va hokimiyat orasidagi aloqa yoʻqligi tufayli yoʻqotganimizni ham tushundik”, deydi muallif. Bu borada ommaviy axborot vositalari zimmasidagi vazifalarni, jumladan, adolatli tanqid boʻlishining ahamiyatini koʻrsatib, kamchiliklarimizni tahlil etgan holda, “faoliyatimizni ham tanqidiy nuqtayi nazardan koʻrib chiqishimiz zarur boʻladi”, deya oʻz qarashlarini bayon etadi.
Shu nuqtayi nazarga demokratik dunyoda tan olingan davlatlar va jamiyatlar muvaffaqiyatini taʼminlagan “Matbuotning ijtimoiy masʼuliyat nazariyasi” qonuniyatlari misoli orqali munosabat bildirishni lozim topdik. Zero, haqiqat bahslarda tugʻiladi. Xulosalar esa maqolada koʻtarilgan xalq bilan hokimiyat oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
Taʼkidlangan nazariyaning aksar qoidalari Prezident Shavkat Mirziyoyev iqtidorga kelgach amalda qoʻllanila boshl andi. Masalan, “matbuotdan koʻzlangan bosh maqsad axborot berish, koʻngil yozish va sotish, lekin asosan, muamm oni muhokamaga olib chiqish ekani, aytadigan gapi bor har bir kishining OAVdan foydalanish huquqiga egaligi, jamoatchilik fikri, kasb axloqi vositasida OAV nazorat qilinishi, inson huquqlari va hayotiy zarur ijtimoiy manfaatlarga matbuot orqali xalaqit berish taqiqlanishi” kabi qoidalarning sekinlik bilan boʻlsa-da, hayotimizda tatbiq etilayotgani ijtimoiy nazariya amallari hisoblanadi.
Biz bu nazariyani davrga va mentalitetimizga (asosan, axloq nuqtayi nazaridan) moslab “Axboriy jamiyat matbuoti nazariyasi” deb atadik. Uning jamiyati- miz qabul qilishga qiynalayotgan va gʻarb demokratik matbuoti bizga majburlab singdirishga urinayotgandek tuyulayotgan bir talabini qoʻllashga ikkilanyapmiz. U quyidagi qoidadir: “Ommaviy axborot vositalari ijtimoiy masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishi kerak, aks holda ularni kimdir shunday boʻlishga maj- bur etishi lozim”.
Mazkur gapning birinchi boʻlagidagi talabni adolat tamoyiliga asoslanib bajarishimiz zarurligini muallif oʻz maqolasida taʼkidlaydi, albatta. Lekin ikkinchi yarmidagi talab (“aks holda ularni kimdir shunday boʻlishga majbur etishi lozim”) ochiq qoladi.
“Kimdir” kim?
Sirtdan qaraganda demokratik jamiyat matbuoti har qanday tazyiqdan, senzuradan xoli boʻlishi zarur. Shuning uchun ham demokratik davlatlardan kelgan turli xalqaro tashkilotlar mutaxassislari bizning jurnalistlarimiz uchun oʻz nazariyalaridan kelib chiqib mahorat darslari tashkil etib, jamiyatdagi muammolarni koʻtarib chiqishga daʼvat etadi. Ularning taʼlimini olgan baʼzi muxbirlarimiz axborot olish va tarqatishda, tahlil va tanqid qilishda koʻzimizga betgachopardek tuyuladi.
Aslida jurnalistlarning haqiqiy axborot tarqatishi yoki tanqidiy-tahliliy maqola berishidan mavjud hokimiyat manfaatdor boʻlishi darkor. Har qanday voqea-hodisa haqida birinchi boʻlib oʻz ommaviy axborot vositalarimiz tezkor yangilik tarqatishi uchun maʼlumot olishiga imkon berilishi zarur. Tanqidiy material lar chop etilsa, tegishli tashkilot munosib javob ham tayyorlashi muhimdir. Buning uchun davlat tashkilotlarida byudjet hisobidan maosh oladigan matbuot kotiblari lavozimi yoʻlga qoʻyilgan. Shunday boʻlsa-da, matbuotdagi turli chiqishlarga tezkor javob qaytarish hanuzgacha oqsamoqda... Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bu vazifani uddalashga harakat qilgan taqdirda ham nazariyaning taʼkidlangan talabini bajara olmaydi. Negaki, u ijro hokimiyati tizimidagi idora hisob lanadi.
Unda OAVni “shunday boʻlishga majbur” qila oladigan “kimdir” kim?
Jurnalistlar uyushmasimi? Yoki uyushma qoshidagi Jamoatchilik kengashimi? Boʻlishi mumkin, biroq masalaning moddiy jihati bunga yoʻl bermaydi nazarimizda.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiya vazirligi Fargʻona viloyati hududiy boshqarmasiga qarashli yoshlar innovatsiya markazi faoliyat koʻrsata boshlaganiga hali koʻp boʻlgani yoʻq. Bu yerda iqtidorli yoshlarning gʻoya va maqsadlarini amalga oshirish, yangi tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilgan.
Dunyo tajribasidan taklif
Kapitalizm sharoitida faqat vatanparvarlik bilangina ishlab boʻlmaydi. Bu jurnalistlar faoliyati uchun munosib iqtisodiy asos yaratilishi zarurligini koʻrsatadi.
Gʻarb demokratik matbuoti rivoji ortida bosqichma-bosqich sanoatlashib, kuchli ishlab chiqarishga ega davlatlarning iqtisodiy salohiyati turibdi. Shunday boʻlsa-da, bugungi kunda ham baʼzi mamlakatlarning parlamentlari matbuot erkinligini qoʻllab-quvvatlash uchun katta miqdorda mablagʻ ajratmoqda.
Biz endigina iqtisodiy rivojlanish sari qadam tashladik. Oʻzbekis ton sanoatlashib, postindustrial va nihoyat, axboriy jamiyatga bosqichma-bosqich oʻtguniga qadar OAV uchun ajratiladigan, eng asosiysi, Oliy Majlis orqali beriladigan begʻaraz iqtisodiy asos yaratilishi zarur.
Shu bois, yuqorida taʼkidlangan talab — ommaviy axborot vositalari ijtimoiy masʼuliyatni oʻz zimmasiga olmasa, Oliy Majlis ularni shunday boʻlishga majbur etishi lozim. Nega?
Birinchidan, bu dargohda xalq saylagan vakillar uning manfaatini koʻzlab qonunlar yaratadi va ular qonunlarning amalda qoʻllanilishidan manfaatdor hisoblanadi.
Ikkinchidan, u dargohda turli qarashdagi siyosiy partiyalar fraksiyalari ijro hokimiyati faoliyatini OAV orqali ham nazorat qilish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu esa saylovchilarning oʻz deputatlari orqali hokimiyatni nazorat qilishda, maʼlum maʼnoda boshqarishda ishtirok etishini anglatadi.
Bu bir kunlik ish emas!
Ommaviy axborot vositalarining rivoji mushtariylar madaniyatining oʻsishiga chambarchas bogʻliq. OAVda berilayotgan gʻoyalarni anglash va ularga faol munosabat bildirish oʻquvchilarda fikrlash koʻnikmasini rivojlantiradi.
Mushtariy talabining oshishi oʻz navbatida jurnalistlarga masʼuliyat yuklaydi, oʻz ustida ishlashga majburlaydi.
Buning uchun esa taklif etilayotgan “Axboriy jamiyat matbuoti nazariyasi”ni bosqichma-bosqich hayotga qoʻllash boʻyicha keng miqyosli milliy dasturni ishlab chiqib, uni amalda qoʻllash talab etiladi.
Albatta, bu oʻrinda jadid bobolar qoʻllagan MAʼRIFAT atalmish qudratli qurolni ishga solish zarur.
Ilk bosqichda taʼlim muassasalari tizimiga mediataʼlim, shuning dek, zamonaviy axborot madaniyati va uning eng muhim xususiyatlariga doir bilimlar majmuasi joriy etiladi. Unda har bir insonning fikr bildirish erkinligi qatorida, axborot olish, qayta tahlil qilish, undan foydalanish, suiisteʼmol qilmaslik, internet tarmogʻidagi sayt va boshqa manbalar mohiyatini anglash, eng asosiysi, soxta (atay uyushtiriladigan) yoki yolgʻon (feyk) xabarlarni ajrata bilish, oʻz fikrini toʻgʻri yozib (ham imlo va ham muomala madaniyati nuqtayi nazaridan) munosabat bildirish kabi bilimlar fanlar tarkibiga kiritiladi va oʻrgatiladi.
Farzandlar oʻzlashtirayotgan axborot madaniyati parallel ravishda jamiyatning boshqa qatlamlariga ham munosib shakllarda targʻib etiladi.
Dastlabki auditoriya ota-onalardir.
Bugun ijtimoiy tarmoqlarga eʼtibor qaratsangiz, baʼzi ota- onalarning madaniyatsiz munosabatlaridan uyalib ketasiz. Qolaversa, maktabda bilim olgan bolalar oʻrganganlarini birinchi navbatda oiladagilari bilan oʻrtoqlashadi. Ularga munosib javob qaytarish uchun ota-onalar tayyor turishi yangi avlod tarbiyasining mukammal boʻlishiga xizmat qiladi.
Keyingi auditoriya turli darajadagi rahbar kadrlar va davlat xizmatchilari hisoblanadi. Ularning malakasini oshirish muassasalari, jumladan, davlat va jamiyat boshqaruvi akademiyasi oʻquv dasturlariga axborotga, ommaviy axborot vositalaridagi turli tanqidiy-tahliliy chiqishlarga munosabat bildirish, jurnalistlar bilan muloqot — matbuot konferensiyalari oʻtkazish, savollarga mantiqli javob qaytarish, intervyu berish kabi koʻnikmalar toʻgʻrisidagi nafaqat maʼruza, balki amaliy mashgʻulotlarni kiritish zarur. Zero, har bir boʻgʻindagi rahbarning, davlat xizmatchisining bu boradagi ish tutumlari alaloqibat xalqaro maydonda yurt obroʻsi koʻtarilishiga xizmat qiladi.
Bunday bilimlar majmuidan boxabar boʻlish huquq-tartibot organlari xodimlariga ham taalluqli. Ular ham jamoatchilik bilan uzluksiz ishlaydi. Aholiga, shu jumladan, jurnalistlar savollariga ham muntazam javob berishi tabiiy jarayon. Oddiygina misol. Mashinalar oynasini “tonirovka” qilish muammosi koʻtarilganda bir xodimning javobi koʻpchilik haydovchilarning yodida qoldi — oynalarga qoraytirilsa mashina ichidagi holatni, masalan, jinoyatchini aniqlash qiyin kechadi. Mantiqan olganda toʻgʻri javob. Biroq “kimning mablagʻi boʻlsa oynani qoraytirishi mumkin”ligi haqidagi axborot yuqoridagi mutaxassisning fikrini inkor etishini, mantiq buzilganini hech kim oʻylamadi. Natija — OAV va ijtimoiy tarmoqlar negativga toʻldi. Shu bois, har bir mutaxassis jurnalistlarning bu kabi savollariga javob berishni oʻrganishi oʻta muhim.
Demokratik jamiyatda zamonaviy axborot madaniyati va uning eng muhim xususiyatlariga doir ilmiy asoslangan bilimlar majmuasini joriy etish va ommalashtirish bugungi kunning dolzarb vazifasidir.
Halim SAIDOV,
filologiya fanlari doktori