26-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va O‘zbekiston xalqiga qilgan murojaatnomasi mamlakatimizda davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan bir qator muhim takliflarni o‘z ichiga oldi. Ushbu murojaatnomada hokimlar uchun belgilangan yangi vakolatlar, xususan, tejalgan budjet mablag‘larini yo‘naltirish imkoniyati alohida ahamiyat kasb etadi.
Mahalliy boshqaruv organlarining moliyaviy mustaqilligi va iqtisodiy samaradorligi – bu butun dunyo bo‘ylab dolzarb mavzu hisoblanadi. Ko‘plab davlatlarda markazlashgan budjet tizimi tufayli hududiy organlar o‘z imkoniyatlaridan to‘liq foydalana olmaydilar. Bu esa mahalliy aholining ehtiyojlarini o‘z vaqtida qondirishda qiyinchiliklarga olib keladi.
O‘zbekistonda ham so‘nggi yillargacha shunga o‘xshash muammo mavjud edi. Viloyat va tuman hokimlari budjet mablag‘laridan foydalanishda cheklovlarga duch kelgan, ularning tashabbuskorligi yetarli darajada rag‘batlantirilmagan edi. Shu bilan birga, davlat apparatida ortiqcha bo‘g‘inlar va bir-birini takrorlaydigan shtat birliklari mavjudligi budjet mablag‘larining samarasiz sarflanishiga sabab bo‘lgan.
Yangicha yondashuv
Prezident murojaatnomasi mahalliy hokimlarning vakolatlarini kengaytirish va budjet mablag‘laridan samarali foydalanish yo‘lida muhim qadam sifatida baholanishi mumkin. Murojaatnomada quyidagi asosiy yo‘nalishlar belgilangan:
- Birinchidan, viloyat va tuman hokimlariga samarasiz va bir-birini takrorlaydigan shtat birliklarni qisqartirish huquqi beriladi. Bu o‘z navbatida ikkita muhim natijaga olib keladi: davlat apparatini optimallashtirish va budjet xarajatlarini kamaytirish.
- Ikkinchidan, shtat birliklarni qisqartirishdan tejalgan mablag‘larni hokimlar o‘z hududlarida aholi o‘rtaga qo‘ygan masalalarni hal qilish uchun sarflashi mumkin bo‘ladi. Bu hokimlarga katta moliyaviy manba va qo‘shimcha mas’uliyat yuklaydi.
- Uchinchidan, mahalliy hokimlar o‘z hududlarida aholining eng dolzarb muammolarini bevosita hal qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu esa davlat boshqaruvi tizimini xalqqa yanada yaqinlashtiradi.
Viloyat va tuman hokimlariga samarasiz hamda bir-birini takrorlaydigan shtat birliklarini qisqartirish, natijada tejalgan mablag‘larni aholi tomonidan ko‘tarilgan dolzarb masalalarni hal etishga yo‘naltirish huquqining berilishi davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilishga qaratilgan muhim institutsional-huquqiy yangilikdir. Mazkur yondashuv, avvalo, davlat boshqaruvida samaradorlik, subsidiarlik, moliyaviy intizom va natijadorlik tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Huquqiy davlat konsepsiyasida davlat organlari faoliyati nafaqat qonuniylik, balki maqsadga muvofiqlik va samaradorlik mezonlari asosida ham baholanadi. Davlat apparati haddan tashqari byurokratik va takroriy funksiyalarga ega bo‘lsa, bu budjet mablag‘larining samarasiz sarflanishiga, boshqaruv jarayonlarining sustlashuviga va aholi ehtiyojlariga tezkor javob berish imkoniyatlarining cheklanishiga olib keladi.
Shu nuqtai nazardan, shtat birliklarini optimallashtirish vakolatining bevosita hududiy ijro organlariga berilishi markazlashgan boshqaruvdan ma’lum darajada voz kechib, joylardagi real vaziyatni hisobga olgan holda qaror qabul qilish imkonini yaratadi. Bu esa subsidiarlik tamoyiliga mos keladi, ya’ni masalalar imkon qadar quyi darajada hal etilishi lozim.
Davlat byudjeti tizimida mablag‘lardan oqilona foydalanish – budjet huquqining asosiy talablaridan biridir. Shtat birliklarini qisqartirish orqali shakllanadigan tejash mablag‘lari mahalliy byudjet doirasida qayta taqsimlanishi byudjet jarayonining ichki optimallashtirish mexanizmi sifatida namoyon bo‘ladi.
Ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda mahalliy boshqaruv keng vakolatlarga ega. Masalan, Germaniyada o‘lka boshqaruv organlari o‘z budjetlarini mustaqil shakllantirish va sarflash huquqiga ega. Bu tizim o‘lka ehtiyojlarni samarali qondirish imkonini beradi.
Skandinaviya mamlakatlarida ham mahalliy organlarga keng moliyaviy vakolatlar berilgan. Ular soliqlarning ma’lum qismini o‘z budjetlarida qoldirishlari va bu mablag‘larni mahalliy masalalarni hal qilishga yo‘naltirishi mumkin.
Janubiy Koreya tajribasida davlat apparatini optimallashtirish orqali tejalgan mablag‘lar ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalariga yo‘naltirilgan. Bu mamlakat iqtisodiy rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar aynan shu xalqaro tajribalarning eng yaxshi tomonlarini o‘zida mujassam etadi.
Hokimlarga berilayotgan mazkur vakolat ularning ma’muriy-huquqiy maqomini ham mustahkamlaydi. Biroq vakolatning kengaytirilishi qarama-qarshi tarzda javobgarlikning ham ortishini anglatadi. Shtat birliklarini qisqartirish masalasi subyektiv yondashuvga emas, balki aniq funksional tahlil va xizmat samaradorligini baholash mezonlariga asoslanishi lozim. Aks holda, vakolat suiiste’mol qilinishi yoki qarorlar asossiz qabul qilinishi xavfi yuzaga keladi. Shu sababli:
qarorlar ochiqlik prinsipi asosida qabul qilinishi;
jamoatchilik va mahalliy kengashlar ishtiroki ta’minlanishi;
qisqartirishning asoslari hujjatlashtirilgan bo‘lishi;
manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish mexanizmlari ishlashi zarur.
Bu talablar ma’muriy adolat va huquqiy aniqlik prinsiplari bilan chambarchas bog‘liq.
Yangi vakolatlar va imkoniyatlar hokimlar uchun ham, aholi uchun ham katta mas’uliyat yuklamoqda. Agar bu imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanilsa, mahallalar infratuzilmasi sezilarli yaxshilanadi, aholi turmush darajasi oshadi va Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi qadam yanada tezlashadi.
Xulosada shuni ta'kidlash joizki, hokimlarga tejalgan mablag‘larni yo‘naltirish imkoniyatini berish – bu davlat boshqaruvi tizimini demokratlashtirish va samaradorligini oshirish yo‘lidagi muhim qadam. Bu islohotning muvaffaqiyati hokimlarning mas'uliyati, aholining faol ishtiroki va nazorat organlarining samarali faoliyatiga bog‘liq bo‘ladi.
Mamadaliyev Boburjon,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Ma’muriy va moliya huquqi shu’basi o‘qituvchisi