— Bugungi kunda davlat tiliga hukumat darajasida boʻlgan eʼtibor mutlaqo yangi darajaga koʻtarildi, — dedi oʻz nutqida I.Abdurahmonov. — Buning uchun davlatimiz rahbarining 2019-yil 21-oktyabr kuni poytaxtimizdagi yangi anjumanlar saroyida soʻzlagan nutqiga va oʻsha kuni imzolangan ““Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga eʼtiboringizni qaratmoqchiman.

Unga binoan 21-oktyabr sanasi yurtimizda “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb belgilangan boʻlsa, 2020-yilning 10-aprelida “Oʻzbek tili bayrami kuni haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi. Davlatimiz rahbarining Birlashgan Millatlar tashkiloti Bosh assambleyasi yigʻilishida ona tilimizda soʻzlagan nutqi mamlakatimizda keng miqyosida davom etayotgan tubdan yangilanish, boshqacha qilib aytganda, Uchinchi Renessans poydevori yaratilayotgan ushbu kunlarda alohida oʻrnak boʻlib yangradi. Mazkur jarayonlarning uzviy davomi sifatida shu yilning 20-oktyabr kuni Prezidentimizning 6084-sonli Farmoni imzolandi. Shuningdek, 21-oktyabr kuni Oʻzbek tili bayrami munosabati bilan Prezidentimiz mamlakat xalqiga tabrik yoʻlladi. Ushbu bayram nafaqat butun mamlakat, balki jahon boʻylab oʻzbek tilida soʻzlashuvchi ellik milliondan oshiq kishilarning, ona tilimiz oʻqitiladigan xorijiy oliy taʼlim dargohlarining, “Oʻzbek tili doʻstlari klublari” aʼzolarining va ona tilimiz taraqqiyotiga befarq boʻlmagan koʻp sonli kishilarning ham bayrami boʻldi desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Ibrohim Abdurahmonov mamlakatimiz Prezidentining shu yil 20-oktyabr kuni imzolangan “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yana-da rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Farmoni va unda belgilab berilgan “2020 — 2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi”ning yangi Oʻzbekistonni bunyod etish jarayonidagi muhim ahamiyatiga toʻxtalib oʻtdi. Ushbu farmonda vazirligimizga Fanlar akademiyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzbek tilining mavqei va nufuzini oshirish, uni xalqaro muloqot tili darajasiga koʻtarish bilan birga, mavjud lugʻatlar asosida uzluksiz taʼlimning barcha turlari uchun “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”ning toʻldirilgan yangi nashri, “Oʻzbek tilining imlo lugʻati”, “Oʻzbek tili sinonimlari lugʻati”, “Oʻzbek tili omonimlari lugʻati” va boshqa oʻquv lugʻatlarini yaratish choralarini koʻrish vazifasi yuklatilgan. Farmonning mazmun-mohiyatini tushuntirish uchun tegishli seminarlar va vebinarlar tashkil qilishimiz zarur. Biz boshqa tillarni oʻrganish muhimligini inkor etmagan holda oʻz davlat tilimizda ish yuritish, ilmiy ishlar yozish, terminlarni oʻzbek tilida toʻgʻri qoʻllashimiz kerakligining mohiyatini tushunishimiz kerak. Atamalar masalasi juda katta ish, men biolog olim sifatida ham buning ahamiyatini yaxshi bilaman. Biz bugun joriy qilgan atama kelajak avlodlarimizda savol tugʻdirmasinki, uning mukammal muqobilini izlashimiz kerak. Buning uchun olimlar, yoshlar ishtirokida muhokamalar tashkil etamiz, deb taʼkidlandi.

Tadbirda shuningdek, tarjimonlik kasbining ahamiyati haqida ham aytib oʻtildi. Farmon bilan vazirligimizga Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda oʻzbek tilidan jahonning yetakchi xorijiy tillariga va xorijiy tillardan oʻzbek tiliga tarjima qiluvchi kompyuter dasturini Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan yaratish choralarini koʻrish vazifasi yuklatilganligi taʼkidlab oʻtildi. Tadbir soʻngida I.Abdurahmonov har bir xodimning davlat tilida ish yuritish boʻyicha masʼuliyatlarini yana bir bor eslatdi va Farmon bilan belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli bajarish boʻyicha topshiriq berdi.