Bugun, xudoga shukur, zarnigor tonglar birin-ketin jamol koʻrsatayotir: qadim Turonzaminda iftixor qilsak qilgulik muazzam bogʻlar, koʻrkam va nurafshon manzillar oy sayin, kun sayin koʻpayib, chiroy ochmoqda.

Shundogʻ ekan, unda nega iftixor sevinchlari bir chetda qolib, uning azoblarini sarlavha qilib turibmiz maqolamizga? Negaki, gʻalaba hech zamonda oydan oyogʻini uzatib tushgan emas — iftixor azoblari hamisha uning farahli onlaridan moʻl, zalvorli va mashaqqatli boʻlgan.

Afsuski, biz kechagi mushkulotlarni koʻpincha tez esimizdan chiqarib qoʻyamiz, bugungi ziroatlarning qadriga yetmaymiz, hatto noshukurlik qilamiz. Qanoat shamini oʻchiramiz.

Shu oʻrinda bundan 4-5 yil avval mamlakatimizda maktab va maktabgacha tarbiya holati qanday boʻlganini bir eslab koʻraylik: koʻplab bogʻchalar sotib yuborilgan, buzilgan yoxud omborxonalarga aylantirilgan. Omon qolganlari ham gʻarib, koʻrimsiz, bechorahol. 30 foizga ham yetmaydi bogʻchalarga boruvchi kichkintoylar soni. Endi-chi? Soʻnggi 4 yilda mamlakatimizda maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi 2 barobar ortib, aynan oʻtgan yili 60 foizga yetdi, bogʻchalar soni 3 barobar koʻpayib, 14 mingdan oshdi. Endi mazkur raqamni jaydarichasiga mulohaza qilamiz: agar oʻtgan 25 yilning har 4 yilida bogʻchalar soni 3 barobardan oshaverganida edi, bogʻcha yoshidagi erkatoylarimizning hammasi allaqachonlar ushbu taʼlim yoʻnalishi bilan toʻla-toʻkis qamrab olinardi. Yoki maktab. Bogʻchadan battar edi bu aziz dargohning ahvoli. Oʻqish-oʻqitish oʻlda-joʻlda, muallimlar bozorlarga chiqib ketgan — eslasang, esing ketadi. Endi-chi? Birgina 2021-yilning oʻzida 30 ta yangi maktab quriladi, 320 ta maktab taʼmirlanib, moddiy-texnik bazasi yaxshilanadi. Yana oʻzimizcha tahlil qilamiz: 25 yil davomida yiliga 30 ta emas, ana, boringki, 20 tadan yangi maktab qurilganda, 320 ta emas, 220 tadan maktab taʼmirlanganda maorifimizning hozirgi shaklu shamoyili qanday boʻlar edi?

Mavridi kelganda “yorilmagan yara”day kunma-kun gazak olib, hadsiz azobga aylanib ketgan yana bir muammo — ishsizlik ogʻriqlari qanday davolanayotganiga toʻxtalmaslik mumkin emas. Qarang, 2020-yil 500 mingta yangi ish oʻrni yaratilibdi. Bu 500 ming fuqaro tirikchilik manbaiga ega boʻlganini anglatadi. Oʻtgan 25 yilning har yilida hech boʻlmasa 200-300 mingtadan ish oʻrni barpo qilinganda, beish odam qolarmidi bugun yurtimizda? Ishsiz odam boʻlmaganidan keyin iqtisodiyotimiz ham boshqacha rivojlanmasmidi. Masalan, 25 yilda, mayli, 5-6 emas 2 million ishli boʻlgan fuqaro kuniga 1 dollardan foyda keltirganda-chi?

Men bu qiyoslashlarni kimning qoʻliga tosh, kimgadir gul tutqazish uchun keltirayotganim yoʻq. Tugmadek iftixor zamirida togʻdek azoblar borligini eslatdim, xolos.

***

Shu nuqtada lirik hissiyotlarni toʻxtatib, jiddiy gaplarga oʻtishdan oldin bitta hayotiy hikoyani eʼtiboringizga havola qilaman.

Alisher Narzullo degan shoir bor. Tojikistonlik oʻzbeklardan. Dushanbega yaqin Chinor degan qishloqda tugʻilib, katta boʻlgan. 30 yildan beri Toshkentda yashaydi. Bir necha sheʼriy kitoblar muallifi. Hozir OʻzAda — birga ishlaymiz. “U kunlarni eslasam qoʻrqinchli bir tush koʻrgandek boʻlaman, — deydi Alisher. — Tugʻilgan makonga borib-kelish uchun 2-3 oylab sarson boʻlar edik. Pasport stolida 80-90 kunlab, elchixonada undanam koʻp ruxsat kutardik. Ijozat berilguniga qadar borishing zarur boʻlgan maʼrakayu mavrid allaqachon oʻtib ketgan boʻlardi.

Chegaradan oʻtish-qaytish mashaqqatlarini aytmay qoʻyaqolay. Bu yoqdagilar: Qayerga? Nima uchun? U yoqdagilar: Kujo? Baroi chi?

Bir gal Dushanbedan qaytishda yoʻl-yoʻlakay oʻqib ketarman, deb “Adabiyot va sanʼat” gazetini oldim. Gazetaning bir sahifasi azaldan arabiy yozuvda boʻlgan. Men shuni hisobga olmay chakki qilgan ekanman. Chegarachilar gazetani koʻriboq tergovni boshlab yubordi: Nega olib oʻtyapsan? Kim topshiriq bergan? Qaysi diniy oqimga mansubsan?

Oxiri pasportimdan nusxa va gazetani olib qolishdi. Chegaradan Denovga, undan Toshkentga keldim. Kechqurun odatdagidek eshik qoʻngʻirogʻi jiringladi: “Pasportniy rejim, hujjatlarni bir koʻraylik...”

Men bu xunuk holat qiyomatgacha davom etsa kerak, deb qiynalardim. Ruxsatnoma, viza, chegara muammolari, savol-javoblar, yil-oʻn ikki oy davom etadigan “pasportniy rejim” — yoʻllarimizda xitoy devori boʻlib turardi-da!

Shukrki, bugun tosh devorlar quladi. Hammasi xuddi bir bosinqirashdek oʻtdi-ketdi. Endi chegarada turganlar sizdan oldin salom beradi, yoʻl koʻrsatadi, oq yoʻl, deb kuzatib qoʻyadi. Tojik birodarlarimiz chegaradan oʻtayotgan har bir oʻzbekistonlikka aziz mehmonni kutib olgandek, “xush omaded”, deya jilmayib turadi...”

Tushunaman. Chegara, davlatlar oʻrtasidagi aloqalar murakkab, yaʼniki siyosat. Siyosat esa aysbergga oʻxshaydi — koʻringanidan koʻrinmagan tomoni bisyor. Siyosatchi-gʻavvoslar biladi uyogʻini. Ehtimol, bizning aqlimiz yetmaydigan jihatlar boʻlgandir. Ammo Alisher Narzulloga oʻxshash minglab vatandoshlarimizning armonu shodliklarini eshitganda, boʻlarkan-ku, deb yuborasanda beixtiyor. Mana, chegaralar, yoʻllar ochildi — osmon uzilib, yerga tushmadi-ku! Aksincha, qardoshlar oʻrtasidagi bordi-keldilarning ravonlashuvi nafaqat Oʻzbekiston, balki mintaqadagi barcha davlatlarning iqtisodiy yuksalishiga ham omil boʻlmoqda. Bugun siyosatning koʻchasiga yaqinlashmagan odam ham koʻrib-bilib turibdi: Toshkentdan esayotgan hayotbaxsh shabadalar qoʻshni respublikalar, dengizu ummonlar osha BMTgacha yetib bordi. Qozoqlarning elboshisi Nursulton Nazarboyevning Shavkat Mirziyoyevga qarata, biz siz boshlagan oʻzgarishlarni 25 yil kutdik, deganiyam shunchaki eʼtirof emas! Illo, Oʻzbekiston boshlagan ochiqlik siyosati Markaziy Osiyodagi davlatlarning hammasiga bahoriy havolar olib kirdi. Mamlakatlar oʻrtasidagi toʻsiqlar olib tashlandi. Kecha bir-biriga xudo qarzi salomni ham qizgʻangan xalqlar qalbida bugun yana ota meros sharqona mehr, ogʻa-inilik rishtalari mustahkamlanib, besh mustaqil davlat bitta ahil oila singari qadrdonlashib borayotir. Rosti, agar bunday tarixiy inqilob Yevropa yoki Yer sharining boshqa bir qitʼasida sodir boʻlganida edi, ezgulik va tinchlik harakatining tashabbuskori boʻlgan davlatning yetakchisi allaqachonlar Nobel mukofoti bilan siylangan boʻlur edi.

Oʻzbekiston esa mintaqa integratsiyasi yoʻlidagi saʼy-harakatlarini bir daqiqa ham susaytirgani yoʻq. Qardoshlik mehru muhabbatini bugun kechagidan, ertaga bugungidan mustahkamlash choralari izlanmoqda. Yana bir misol: shu paytgacha “integratsiya-integratsiya”, deb tinmay gapirilar, biroq uzoq yillik “begonalik”dan keyin birikish, yaqinlashish uchun mintaqaning ijtimoiy va siyosiy muammolarini oʻrganuvchi bironta institut yoʻq edi. Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida aynan shu muammo — Markaziy Osiyo xalqlari institutini ochish zarurligiga eʼtibor qaratdi va mazkur daʼvati bilan mintaqa integratsiyasi masalasi Oʻzbekiston uchun doimiy ekanini yana bir karra tasdiqladi.

Umuman, eʼtirof etish joizki, bugungi kunda mamlakatimizning tashqi siyosati, diplomatlar tili bilan ifodalaganda, koʻp vektorli formatga oʻtayotir. Bu mamlakatni mintaqada taʼsir kuchi eng yuqori turuvchi ikki regionalistik iqtisodiy-siyosiy birlashmalar — markazida Rossiya turuvchi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi va Xitoy boshchiligidagi “Bir makon, bir yoʻl” loyihalariga “qaram” boʻlib qolishdan himoyalaydi. Masalan, bugun global dunyoda jahon bozoriga chiqish, u yerdan oʻrin egallash qanchalar murakkab ekanini siyosatchi yoki iqtisodchi boʻlmagan odam ham yaxshi anglaydi. Shunday bir paytda Afgʻonistonda oʻrnatiladigan tinchlik mintaqa davlatlariga katta imkoniyatlar vaʼda qilishi mumkin. Xususan, bu Markaziy Osiyo davlatlari uchun shu paytgacha yopiq va xatarli boʻlib kelgan Janub sari yoʻlni ochadi. Bilamizki, janubimizda biz hali toʻliq oʻzlashtirmagan, aholisi qariyb 1,5 milliard nafar (Pokiston, Eron, Afgʻoniston, Hindiston) boʻlgan bozor mavjud. Oʻzbekiston Prezidentining harakatlari shuni anglatadiki, u mamlakatni neokolonial (yangi mustamlakachilik) botqogʻiga botirmoqchi emas, balki ochiq dunyoda barcha bilan tengma-teng munosabatlar olib borish, hech kimning “qosh-qovogʻi”ga qaramaydigan begʻubor va tiniq yangi davlatni shakllantirish, nazarimda.

Shuning uchun ham 2020-yilda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev afgʻonistonlik hamkasbi Ashraf Gʻani bilan 3-marta telefon orqali suhbatlashdi. Oʻzbekistonga Afgʻonistondan 5-marta, Afgʻonistonga Oʻzbekistondan 4-marta maxsus delegatsiya borib keldi. BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida davlatimiz rahbari yana bir marta dunyo jamoatchiligi eʼtiborini Afgʻonistonda barqaror tinchlik oʻrnatish muammosiga qaratdi.

Zero, Afgʻonistonning tinchligi Markaziy Osiyo mamlakatlariga Hind okeani va Fors koʻrfazi portlariga eng qisqa yoʻl bilan chiqish hamda Janubiy Osiyoni Yevropa va Xitoy bilan bogʻlash orqali 1,5 emas, 3 milliard kishilik ulkan bozorga kirish imkonini taqdim qiladi. Bunday ulkan rejalarni amalga oshirish bilan bogʻliq azoblar esa alohida mavzu.

***

Men qariyb 50 yildan buyon matbuot ichida yurgan odamman. Lekin shu yillar ichida sovet zamonini qoʻyavering, mustaqillik yillaridayam siyosiy rejim bu darajada ogʻir yukni yelkasiga olgan emas. Juda yaxshi eslayman, kechagina nafaqat xalqning dardu figʻoni, hatto tepaga yoqmaydigan “chehra”ning efirda paydo boʻlishi qanday toʻpolonlarga, baʼzi hollarda oxiri bexayr hodisalarga aylanib ketardi. Bugun-chi, bugun shunday zamon boʻldiki, tarmoqlar ochib qoʻyildi, kim nima desa deyayotir. Toʻgʻri, buning ichida tuhmat bor, xusumat, koʻrolmaslik degan illatlar ham bor.

Necha yillar davomida jinoiy javobgarlikdan qochib, allaqaysi kovaklarda pusib-yashirinib yotgan alamzadalarning “vatanparvar-geroy”lik daʼvolari bor. Tuynugidan yel, eshigidan el kirmaydigan, umrida bir tup rayhon koʻkartirmagan noshudlarning ensa qotirguvchi havoyi talablari bor. Oʻz bolasiga oʻz soʻzi oʻtmaydigan, oʻz bolasini oʻz soʻzi bilan oʻziga ishontirolmaydigan, oʻz tuygʻularini oʻz bolasiga yuqtirolmay ezilib, dardini birovga aytolmay, ichidan zil ketib yurganlar bor. Ne-ne orzu-havaslar bilan katta toʻy qilib, farzandining bitta boshini ikkita qilgan, ammo toʻrt-besh oy oʻtib-oʻtmay, oʻz oilasini parchalanishdan asrab qolishga kuchi yetmay, boshini changallab, mahalla-koʻyga aralashishga beti chidamay yurganlar bor. Umrida bitta kaptarxona qurishni eplolmaganlar bor.

Internetda shunday suratga koʻzim tushdi: qora qargʻa uchib ketayotgan burgutning yelkasiga minvolib, muttasil choʻqimoqda. Qargʻaning oʻtkir tumshugʻi burgutga ozor yetkazayotgan esa-da, toqat bilan parvozda davom etayotir. Osmon shunqori biladi: u qancha tez yuksakka koʻtarilsa, qargʻa shuncha tez holsizlanadi, oʻpkasiga havo yetmay yo tushib qoladi, yoki...

Na ilojki, bugun burgut parvoziga tish-tirnogʻi bilan qarshilik qilmoqchi boʻlayotgan qargʻalar ham bor. Toʻgʻrimi? Shunday boʻlgach, ulardan soʻragim keladi, siz million-million xalqni oʻziga, soʻziga, ertasining nonu tuziga ishontirish qanchalar azobligini hech oʻylab koʻrganmisiz? Faqat ishontirish bilan olam guliston boʻlib qolsa qaniydi. Ishonganlar roʻzgʻori but, dasturxoni toʻkin, koʻchasi obod, ovul-qoʻrgʻoni osoyishta boʻlishini istaydi. Dunyoning boshqa muzofotlaridagi qavmlardan kam boʻlmaslikni orzu qiladi. Tirik odamning har biri bir sayyora, degan ekan Alisher Navoiy hazratlari. Million-million sayyoralarning yurak zarblariga quloq solish, dardiga malham boʻlish uchun qancha chidam, aql, zakovat va yana nodir salohiyat kerak.

Yoki siz davlat rahbari bu ishga jurʼat qilganda shularni bilmas edi, deb oʻylaysizmi? Unday boʻlsa adashibsiz — bilardi, bilgandayam yaxshi bilardi. U kishi bu mamlakatni, jamiyatni yangilashning bundan boshqa yoʻli yoʻq ekanini koʻrdi va oʻzida metin siyosiy iroda topdi....

Nazarimda, hozirgi shaffof jamiyat, ochiq matbuot masalalariga shundoq qarasak yanglishmaymiz.

25 yil xuddi suv yoʻlini toʻsib turganday jamiyatning dambalanishi, yoʻli toʻsilgan suv oʻzida turli chiqindi-qoʻqimlarni yiqqanday bizdayam oʻtgan davr mobaynida ancha gap-soʻz yigʻilib qoldi. Nima qilish kerak edi, dambaga qoʻshimcha yangi simon quyish kerakmidi? Albatta, hali aytganimday, bu bosimni koʻtarish uchun yangi hukumatga katta iroda kerak boʻlar edi. Bu iroda Prezidentda bor ekanini butun dunyo koʻrib turibdi. Koʻrib turibdi yelkasiga tushgan buyuk tarixiy yumushni noyob isteʼdod bilan ado etayotganini ham. Koʻrib turibdi vazifaga kirishganidan buyon bir nafas tinch turmay, odamlarning yaxshi yashashi uchun kunu tun izlanayotganini. 2020-yilda koʻrinmas dushman — “tojdor yov” qutqu solib turganda Oʻzbekistondagi iqtisodiy rivojlanish avvalgi yillardagidan kam emasligi ham oʻz-oʻzidan sodir boʻlib qolgan emas.

Mamlakat taqdiri, millat kelajagi hal boʻlayotgan hayot-mamot kunlarda tomoshabinlik, yolgʻonchilik, tuhmat va koʻrolmovchilik, oʻz halovati atrofidagi mayda manfaatlarga oʻralib qolish Vatanga xiyonatdan ogʻir boʻlsa ogʻirki, yengil emas. Biz hozir xuddi tirnab-tirnoqlab baland choʻqqiga chiqib borayotgan pay-boldirlari baquvvat alpinist holatidamiz.

***

Tasavvur qiling: tilingan barmoqlar simillab ogʻriydi, shilingan tizzalar loʻqillab qaqshaydi, peshonadan oqqan ter koʻzlarni achitadi. Chaqir tikanday chagʻir toshlar kiyimlarni yirtib badanga ignaday sanchiladi. Oyoq tekkan tosh koʻchib, bir qoʻlda muallaq osilib qoladi, alpinist esa bir daqiqayam umidsizlanmaydi, bor kuchini bilagiga jamlab, Yaratgandan madad soʻrab, togʻ yoʻlbarsi singari xarsanglarga yopishib oʻrlayveradi — choʻqqini zabt etmaguncha jamiki qiyinchiliklarga chidaydi — tosh kelsa kemiradi, suv kelsa simiradi. Murodga yetgan muborak lahzalarda esa quvonchlari osmonlarga sigʻmaylar ketadi — yeru jahonni yarqiratib yuboradi qalbida chaqnagan iftixor quyoshi!

Alpinistning hayoti shunday. Bu — uning qismati, oʻzi tanlagan yagona, muqaddas yoʻli — xuddi bizniki kabi.

Rosa 30 yil avval, bir yarim asrlik qullikdan qutulgan kunlarda boshlangan edi bu qutlugʻ safar. Shodliklarimiz beadoq edi. Boshimiz falakda — endi otimiz tugul, eshagimizning egar-jabdugʻigacha zebu zar boʻladi, degan shirin xayollar zavqida karaxt edik. Ayni chogʻda, osmonoʻpar qoyaga chiqish uchun, eh-he, ne-ne xatarli daralaru zovlardan oshib oʻtish kerakliginiyam toʻgʻri tushunardik. Tushunganimiz tufayli belni mahkam boylab, azoblarni gardanimizga olib, shiddat bilan yoʻlga tushdik. Besh-olti yil astoydil intilib, ancha joyga chiqib ham bordik. Ammo keyin... Keyin goh ketma-ket, goh qavatma-qavat kelayotganlar koʻcha changitgancha oʻzib ketdi. Biz boʻlsak... Xomsut emgan banda ekanmizda, soxta iftixorningmi, kibrningmi girdobiga tushib qoldik. 25 yil qoʻyib yubormay, changalida mahkam tutib turdi bu xudbin girdob. Shashtimiz pasaydi, ishonch kamaydi, loqaydlik, sarosima, korrupsiya...

Toʻrt yildan buyon betoʻxtov “jang” qilinayotganiga qaramay, afsuski, bu illatlar hozircha qurigani yoʻq. Xushomad, xusumat, aldov kabilarning bozori haliyam ayrim manzillarda eng chaqqon molga aylanib turibdi.

Toʻgʻri, qisqa vaqtda ura-urachilik, havoyi maqtovlardan yiroq, inson qalbini ochadigan, samimiy, kishining gʻamiyu tashvishlarini yashirmay aytadigan erkin muhit boʻy koʻrsata boshladi. Yangilanish jarayonlari — islohotlar koʻlami va samarasini oshirishda har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va hunarlarni puxta egallagan, azmu shijoatli, tashabbuskor avlod shakllanmoqda. Mana bu yumushni bajar desang ham ogʻrinib arang qimirlaydiganlar oʻrnida sharqona anʼanalarni, Vatan manfaatlarini, umuminsoniy qadriyatlarni qadrlaydigan koʻzi ochiq, tozaqalb yoshlar ulgʻayayotir, mamlakat taqdiri bilan bogʻliq mahobatli yumushlarga dadil yelka tutayotgan mardlar safi kengayib, koʻpayib borayotir.

Toʻrt yilda shijoati avvalgilarga oʻxshamaydigan, imon-eʼtiqodi yuksak yoshlarni tarbiyalash oson boʻlgan emas, albatta. Ularni oʻqitish, oʻrgatish, ish bilan taʼminlash, qalbida Vatan tuygʻusi, milliy ruh va milliy iftixorni shakllantirish...

Darvoqe, milliy ruh haqida.

Ilmiy shahodatlarga koʻra, odamzodning sudralib yoxud uchib yuruvchi jondorlardan afzalligi uning jismida ruhning mavjudligidadir. Shoirlar ruhi gʻarib odamni ildizi chirigan butaga, qogʻoz gulga, tosh haykalga qiyoslaydilar. Moziy sahifalarida esa milliy ruhi va iftixori, milliy mafkuraga boylanib, yuraklarni birlashtiruvchi qudratli toʻfonga aylangach, gullab-yashnab ketgan mamlakatlar toʻgʻrisida misollar juda koʻp. Bu jabhadayam yovqur bobolarimiz bizga shunday shohona saltanat qoldirganki, bu ulugʻ merosga abadul-abad butun dunyoning havasi keladi. Prezident ham millatni oyoqqa qalqitishni aynan mana shu nuqtalardan boshlagani bejiz emas. Milliy iftixorni anglash, asrash va uni barcha avlod qalbiga singdirish harakati tufayli mudragan gʻururlar uygʻonmoqda, tashabbuslar qanot yozmoqda.

Bunday yuksalishlarni koʻrib, hali aytganimday, hasadlanib piching qiladigan “pismiq doʻst”larga, albatta, piyoz toʻgʻramaganning koʻzi achimaydi, deyishdan oʻzga chora yoʻq. Puflab-puflab yondirgan biladi olov yoqish azobi nimaligini. Bugun zoʻr iftixor ichra iqror boʻlib turibmizki, mislsiz bahodir va qoʻrqmas sarkarda Jaloliddin Manguberdi uchqur samani bilan quturgan daryoga sakraganda unga madad bergan kuch millat va Vatan iftixori ekanini yurakdan his qiluvchi vatanparvar yoshlar koʻklamda qirlarni toʻldirgan qizgʻaldoqlar kabi yashnab koʻzlarni quvontirmoqda. Ular oʻlimini bila turib bosqinchi Doro lashkarlarini sahroda sarson-sargardon qilgan afsonaviy qahramon Shiroqqa, jahonning yarmini bosib olgan Makedonskiy armiyasiga sherday hamla qilgan Spitamenga, moʻr-malax singari behisob moʻgʻul askarlariga qarshi qilich koʻtargan Mahmud Torobiyga qanday qudrat ilohiy jasorat ato qilganini ham chuqur anglaydilar. Qonxoʻr Oqposhshoning yoqasidan olgan Namoz botir yoxud Dukchi Eshon jasoratining ildizlari ona Vatan tomirlariga tutashib ketgani gʻurur va ilhom bagʻishlaydi ularga. Yoki Mahmud Zamaxshariy bobomiz jismoniy nogironligiga qaramay, Xorazm diyoridan necha ming chaqirim olisdagi Arabistonga borib, arab tili gramatikasini mukammal tarzda ishlab chiqqanda, Mirzo Ulugʻbek “osmon toqiga ilk narvon” qoʻyganda qayoqdan olgan edi samoviy tafakkurni? Uygʻonish davrining buyuk mutafakkirlari Abu Nasr Forobiy “Sharq Arastusi”, Muso al-Xorazmiy Yevropa fanida “algoritm” nomlari bilan abadiy joy olishida-chi? Yoxud Temur Malikdek mardlari, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab kabi yetti iqlimga mashhur ulugʻlari boʻlgan el keyin-keyin qanday qilib qahkashon yulduzlarining eng xirasiga aylanib qoldi? Sohibqiron Amir Temur hazratlaridan keyin Turonzamin nega parchalandi, talandi, toptaldi? Dunyoga maʼrifat nurlarini taratgan ikkita Renessansning ikkoviyam nega bardavom boʻlmadi?

Hozirgi avlod, umuman, oʻzbekistonlikman degan har bir inson bugun Vatan taqdiriga uyqash yuqoridagi kabi savollarga bezovtalik bilan javob izlayotirlarki, millatning bunday qalqinishi necha yuz yillar davomida kuzatilgan emas.

Ha, biz fikrlash, tafakkur qilish nuqtayi nazaridan ham erkinlik maydoniga chiqdik. Oʻzligini anglagan, milliy ruhi uygʻongan xalqning ona Vatanga boʻlgan mehru muhabbati savqitabiiy tuygʻu sifatida tovlanmoqda.

Bir-birining qoʻlidan mahkam ushlab olganlar tez oqar va toyrinchoq kechuvdan beshikast oʻtadilar. Osmon bepoyon — qargʻadir, quzgʻundir, burgutdir — parvoz uchun hammaga maydon yetadi.

Matlab bir boʻlmasa — jam boʻlmagaymiz,

Jam boʻlsak — boshimiz xam boʻlmagaymiz.

Jam qilsak insofu diyonatni ham,

Dunyoda hech kimdan kam boʻlmagaymiz.

Donishmand Sharqning daho shoiri Abdulla Oripovning bu daʼvatini qonimizga, jonimizga singdirsak, jam boʻlsak, inshoolloh, hech kimdan kam boʻlmaymiz!

Endi bir zum quloqlaringizni berkiting-da, qalbingizga quloq tuting, eshityapsizmi, ichingizdan bir sas kelayotir:

— Sarbaland qoya ishgʻol qilinib, iftixor iftixorlarga ulanib ketadigan kunlar uzoq emas! Faqat koʻtarilish azoblarini matonat bilan yengib oʻtsak bas!

Abdusaid KOʻCHIMOV,

yozuvchi